Breaking News

Turkiya: Mahalliy saylovlarda muxolifat ustun keldi

Turkiyada 31-mart kuni o'tgan mahalliy saylovlarda muxolifatning JXP partiyasi Prezident Rajab Toyyib Erdog'anning hukmron AKP partiyasini yirik shaharlarda mag'lub etdi. JXPning hozircha norasmiy bayonotiga ko'ra, quyidagi yirik shaharlar kelasi besh yil davomida partiya vakillari tomonidan boshqariladi: Anqara, İstanbul, İzmir, Antalya, Bursa, Balikesir, Eskishehir, Denizli, Mug'la, Aydın, Tekirdag', Mersin, Manisa va Adana. Eng jiddiy ahamiyatga ega kurash Istanbul shahri merligi uchun kechgan. Ovozlarning 99,8 foizi sanab bo'lingan. Shaharning amaldagi meri Akrom Imamog'lu 51,1 foiz ovoz bilan g'oliblikni kafolatlagan. Strategik ahamiyatga ega Istanbulda Akrom Imamo'g'luning g'alabasi 2028-yil prezident saylovida uning jiddiy raqibga aylanish ehtimolini ham anglatmoqda. JXP 47 yillik tanaffusdan so'ng mamlakatning birinchi raqamli partiyasiga aylanmoqda. AKP faoliyatini boshlagan 2001-yildan beri ilk bor ikkinchi o'ringa tushgan. AKP quyidagi 12 yirik shaharda g'alaba qozongan: Malatya, O'rdu, Kojaeli, Erzurum, Samsun, Kahramanmarash, Konya, Sakarya, Gaziantep, Trabzon, Kayseri va Xatay. Muxolif JXP, umumiy olganda, 81 viloyatning 49 tasida mahalliy ma'muriyatlarni egallagan, 30 yirik shaharning 14 tasida zafar quchgan. Prezident Erdog'an partiyasining mag'lubiyatini tan olgan, kamchilik va xatolar ustida ishlanishini, shaharlarning yangi muxolif rahbarlari bilan hamkorlik qilinishini aytgan.


Ko'proq...

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG