Qo’shma Shtatlar Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam ajratilishi haqida ma’lum qildi. Yarim milliard dollarlik paketga havo mudofaasi tizimlari uchun o’q-dori, havodan yerga uchiriladigan raketalar, F-16 qiruvchi samolyotlari ekspluatatsiyasi uchun uskuna kirdi. Bu Bayden ma’muriyatining 2021-yil avgustidan beri, ya’ni Ukrainada hali urush boshlanmasidan oldin boshlangan harbiy yordamining 74-transhi.
Payshanba kuni Ukraina mudofaasi uchun tuzilgan muloqot guruhining Germaniyaning Ramshtayn harbiy-havo bazasidagi majlisi AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin uchun so’nggisi bo’ldi.
“Agar Putin Ukrainani yutib yuborsa, ishtahasi yanada ochiladi. Avtokratlar demokratiyalarni zaif deb o’ylasa, manfaatlaridan voz kechishadi, tamoyillarini unutishadi deb o’ylasa, kattaroq hududlarni qo’lga kiritishadi. Ammo bunga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi Ostin.
Biroq Donald Tramp Oq uyga kirishi bilan Ukraina uchun yordam ko’lami qisqarishi mumkin. Seshanba kungi matbuot anjumanida Tramp Ukrainadagi urushga olti oyda barham berishi haqida so’zladi.
“Agar AQShning Ukrainaga yordami keskin kamaysa yoki to’xtasa, Ukraina katta ofatga uchraydi va bunga Prezident Tramp mas’ul bo’ladi. U bunday bo’lishini istamaydi degan umiddaman”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Bredli Bauman.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy NATOga a’zolik uning mamlakati uchun eng katta xavfsizlik kafolati bo’lishini aytishdan charchamayapti. Yevropadagi ayrim mamlakatlar uning bu gapiga qo’shiladi.
“Uzoq muddatda NATO nizomining 5-moddasi yagona ishonchli xavfsizlik kafolatidir. Biz Ukrainaning NATOga a’zo bo’lish ishtiyoqini qo’llab-quvvatlaymiz”, - dedi chorshanba kuni Kiyevda Zelenskiy bilan uchrashgan Finlyandiya Tashqi ishlar vazirasi Elina Valtonen.
Tramp esa bunga qarshi. U va uning maslakdoshlari Ukrainaning NATOga a’zoligini Rossiyaga nisbatan keraksiz provokatsiya deb bilishadi.
Bu o’rtada chorshanba kuni Rossiyaning Zaporojye shahriga havo hujumida kamida 13 odam o’lgan. Ukraina rasmiylari ikkita boshqariluvchi bomba tashlanganini, Zelenskiy tinch aholi o’lganini aytdi.
Biroq rus manbalari hujumda reaktiv dronlar uchun dvigatel ishlab chiqaruvchi “Motor Sich” zavodi nishonga olinganini da’vo qilmoqda.
Zelenskiy Rossiyaning Kursk viloyatidagi hududlarni nazorat qilayotgan ukrainalik askarlar bilan janglarda 4000 ga yaqin shimoliy koreyalik yo’q qilinganini aytdi.
AQShning BMTdagi elchisi muovini Doroti Shianing aytishicha, Shimoliy Koreya Ukraina urushiga askarlarini yuborib, jangovar tajriba orttirmoqda, qo’shnilari bilan urushga hozirlanmoqda.
AQSh bergan ma’lumotga ko’ra, 12 mingdan ziyod shimoliy koreyalik Rossiya armiyasiga Kurskda yordam bermoqda.
Vashington Pxenyanning dushanba kungi raketa sinovini qoraladi. Shimoliy Koreya davlat matbuoti yangi qit’alararo gipertovushli raketa uchirilgani, 1500 kilometr naridagi nishonni tovushdan 12 baravar katta tezlikda uchib aniq urgani haqida xabar berdi.
Shimoliy Koreya elchisi Kim Son Qo’shma Shtatlarni ikkiyuzlamachilikda aybladi.
"G’azoda oddiy aholi orasida o’lganlar 45 mingdan oshgan bir paytda AQSh Isroilning yovuz ommaviy qotilliklarini o’zini mudofaa qilish huquqi deya ta’rifladi. Shu bilan birga, Vashington Koreya Xalq Demokratik Respublikasining o’zini himoya qilish uchun qonuniy huquqiga qarshi chiqmoqda”, - deydi diplomat.