Breaking News

Isroil va XAMAS nimaga kelishmoqda?


Isroil va XAMAS G’azoda janglarni to’xtatish va falastlinlik mahbuslar evaziga isroillik asirlarni ozod etish bo’yicha kelishuvga erishdi. Bu bir yildan ortiq davom etayotgan urushni tugatishga yo’l ochishi mumkin.

Xalqaro hayot - 15-yanvar, 2024-yil - Isroil va XAMAS nimaga kelishmoqda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:04 0:00

AQSh Prezidenti Jo Bayden otashkesimdan barcha taraflar foyda ko’rishini aytadi.

"Biz tayyorlagan kelishuvga ko’ra garovdagilar ozod etiladi, janglar to’xtaydi, Isroil xavfsizlik bilan ta’minlanadi, falastinliklarga gumanitar yordamni keskin oshiramiz”, - dedi u.

Isroil uch bosqichli kelishuv doirasida XAMAS garovga olgan odamlarning ozod etilishiga umid qilmoqda. Birinchi bosqichda olti hafta ichida 33 kishidan iborat ayollar, bolalar, qariyalar va bemorlarning Isroilga chiqarilishi kutilmoqda.

Isroil XAMAS ozod etgan isroillik besh ayol askar evaziga 150 falastinlik mahbusni, jumladan Isroilda umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan 30 kishini qo’yib yuborishi, xuddi shu davr mobaynida Isroil G’azoning aholi markazlaridan qo’shinlarini chiqarishi kerak bo’ladi.

Bu o’z navbatida G’azoga gumanitar yuk ortilgan mashinalar sonini kuniga 600 tagacha oshirishga imkon beradi.

XAMAS 2023-yilning 7-oktabrida Isroilga hujum qilganida 250 ga yaqin odamni garovga olgan edi. 100 nafari hozir harakat qo’lida, biroq shulardan uchdan birining hayot emasligi aytilmoqda.

Yaqin Sharq bo’yicha isroillik ekspert Nomi Bar-Yaakovning aytishicha, Isroil va XAMAS o’rtasidagi kelishuvga erishish AQShda prezidentlikka saylangan Donald Trampning inauguratsiyasi sabab tezlashtirilmoqda.

“Nazarimda, Tramp kelishuv haqida inauguratsiyadan so’ng e’lon qilmoqchi. Shunda 20-yanvar kuni garovdagilarning birinchi guruhi ozod etiladi. Tramp barcha urushlarga barham berishini aytgan. U Tinchlik uchun Nobel mukofotini olmoqchi. Barak Obama kam ish qildi, ammo chiroyli gapirgani uchun Nobel mukofotini oldi, Tramp esa kamroq gap va ko’proq ish uchun olmoqchi”, - deydi tahlilchi.

Unga ko’ra, birinchi bosqich 42 kunga mo’ljallangan, biroq mana shu olti hafta ichida har ikki tarafdan provokatsiyalar bo’lishi mumkin.

Hafta boshida Trampning Yaqin Sharq bo’yicha vakili Stiv Uitkof Doxada AQSh, Misr va Qatar muzokarachilari bilan uchrashdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti otashkesim bo’yicha kelishuv e’lon qilinishidan oldin G’azoda gumanitar yordamni kengaytirishga hozirlanmoqda.

Isroilning hujumlari esa davom etmoqda. Chorshanba kuni G’azoning markaziy qismiga hujumda bir necha falastinlik o’lgan. Isroil G’azo bo’ylab 50 ga yaqin inshoot nishonga olinganini bildirdi.

Isroilning G’arbiy Sohilga hujumida ham o’lganlar bor. Jenin shahrida olti kishi nobud bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG