Breaking News

Amerikaliklar saylovdan keyin nega siyosatga qiziqmay qo’ydi?


Prezidentlik kampaniyasi davomida siyosiy yangiliklarga chuqur sho‘ng‘igan demokrat Ziad Aunallah saylovdan so‘ng ko‘plab amerikaliklar kabi siyosatga e’tibor qaratmay qo’ydi.

“Odambular ruhiy jihatdan charchagan, – deydi 45 yoshli Ziad Aunallah San-Diegodan. – Hamma nima bo’lishini biladi va biz shunchaki biroz tanaffus olayapmiz”.

Televizion reytinglar va yangi so‘rov natijalari bu hodisani yaqqol tasdiqlamoqda. “Associated Press-NORC” Jamoat Ishlari tadqiqot markazining so‘roviga ko‘ra, katta yoshli amerikaliklarning taxminan uchdan ikki qismi siyosat va hukumat haqida yangiliklarni haddan tashqari ko‘p eshitishdan charchaganini va uni cheklash zaruratini his qilganini bildirgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning kichikroq qismi xorijdagi mojarolar, iqtisodiyot yoki iqlim o‘zgarishi haqidagi yangiliklarni ko’rishni cheklayotganini aytgan. Siyosat bu borada alohida ajralib turadi.

Nebraska shtatining Linkoln shahridan bo‘lgan 47 yoshli elektrik Sam Gude saylovdan oldin CNN va MSNBC telekanallaridagi saylov yangiliklari uning vaqtini haddan tashqari ko‘p egallaganini aytadi.

“Hozir men oxirgi ko‘rishni istagan narsa – bu prezidentlik o‘tish davri haqidagi yangiliklar”,– deydi demokrat Gude.

Dekabr oyining boshida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, demokratlarning taxminan 10 dan 7 nafari siyosiy yangiliklardan chekinayotganini aytgan. Bu ko‘rsatkich respublikachilar orasida biroz pastroq, chunki ular Trampning g‘alabasini nishonlaydi. Shunga qaramay, respublikachilarning taxminan 10 dan 6 nafari biroz tanaffus qilish zaruriyatini his qilganini bildirgan. Mustaqil saylovchilar orasida ham bu ulush shunga yaqin.

Siyosiy yangiliklarga asoslangan telekanallarda farqlar yanada aniqroq ko‘zga tashlanadi.

Saylov kechasidan 13-dekabrga qadar MSNBC telekanalining prime-time (eng yuqori tomosha qilinadigan vaqt) auditoriyasi o‘rtacha 620 000 kishini tashkil etdi. Bu saylovdan oldingi davr bilan solishtirganda 54%ga kamaygan, deb xabar beradi “Nielsen” kompaniyasi. Xuddi shu davrda CNN telekanalining o‘rtacha auditoriyasi 405 000 kishini tashkil etadi; bu esa 45% ga pasayishni ko‘rsatadi.

Nielsen ma'lumotlariga ko‘ra, Tramp tarafdorlari orasida mashhur bo‘lgan “Fox News” kanali saylovdan keyin o‘rtacha 2,68 million tomoshabinni jalb qilgan, bu esa 13% o‘sishni ko‘rsatadi. Saylovdan keyin ushbu uchta kabel tarmog‘idan birini kechqurun tomosha qilayotgan odamlarning 72% “Fox News”ni tanlagan, bu ko‘rsatkich saylovdan oldin 53% edi.

Saylovdan keyin mag‘lub bo‘lgan nomzod tarafdorlarining kayfiyati pasayishi va ular kuzatadigan tarmoqdagi tomoshabinlar sonining kamayishi partiyaviy auditoriyaga yo‘naltirilgan telekanallar uchun yangi hodisa emas.

Tramp 2016-yilda prezident etib saylangandan so‘ng “MSNBC” ham shunday qiyinchiliklarga duch kelgan edi. “Fox News” esa 2020-yilda shunga o‘xshash vaziyatga tushdi, o‘shanda uning ko‘plab tomoshabinlari g‘azabga uchragan, chunki kanal saylov kechasida Arizona shtatida Demokratik nomzod Jo Baydenning g‘alabasini birinchi bo‘lib e’lon qilgan va bu ko‘pchilikni muqobil axborot manbalarini izlashga undagan edi.

“MSNBC” kanali ham yaqinda tomoshabinlar g‘azabga uchradi, chunki “Morning Joe” dasturining bir nechta tomoshabinlari boshlovchilar Jo Skarboro va Mika Brezinski Trampning g‘alabasidan so‘ng uni borib tabriklaganidan norozi bo‘ldi.

Dasturning reytinglari saylov kunidan beri 35% ga tushib ketgan bo‘lsa-da, bu kanalning “prime-time” vaqti reytinglari pasayishidan ancha kamroq.

CNN televizion reytinglar pasayishidan aziyat chekayotgan bo‘lsa-da, uning striming va raqamli platformalardagi reytinglari barqaror bo‘lib qolmoqda.

Tramp lavozimiga kirishgandan so‘ng siyosiy qiziqish yana jonlanadimi?

“MSNBC” tarixiga qaralsa, saylovda mag‘lubiyatdan keyingi tushkunlik o‘tib ketishi va kanalning reytinglari qayta tiklanganishiga guvoh bo’lish mumkin. Yangi ma’muriyat ish boshlaganda, unga qarshi bo‘lgan odamlar ko‘pincha birlashish uchun platforma qidira boshlaydi.

“Masxarabozlar tomoshasi boshlanganda yana yangiliklarni kuzata boshlayman, – dedi Aunallah. – Bundan qochib qutula olmaysiz, agar o‘z yurtingiz haqida qayg‘ursangiz, diqqat qilishdan boshqa chorangiz yo‘q”.

Bu gal reytinglarni ko’tarish oson bo’lmaydi. “MSNBC”ning reytinglaridagi pasayish 2016-yildagidan ancha keskinroq. Bundan tashqari, Trampga qarshi bo‘lgan odamlar uning birinchi prezidentlik davridagi kabi faollik ko‘rsatish yoki yo‘qligi haqida ham savollar mavjud. Kabel televideniyesidan voz kechayotgan tomoshabinlar soni tobora oshib bormoqda, ammo MSNBC ushbu tomoshabinlarni yo‘qotish tendensiyasiga qarshi tura olganiga ishonadi.

So‘rov natijalari amerikaliklarning mashhurlar siyosat haqida kamroq gapirishini istashini ko‘rsatadi. Saylov mavsumida Teylor Svift kabi mashhurlarning siyosiy qo‘llab-quvvatlovlari sarlavhalarga chiqqaniga qaramay, so‘rov amerikaliklarning mashhurlar, yirik kompaniyalar va professional sportchilarning siyosat haqida fikr bildirishini ma’qullamasligini aniqladi.

Gude o‘zi qiziqqan yangiliklarni ko’rishda “YouTube” platformasidan foydalanmoqda.

“MSNBC” ayni paytda korporativ o‘zgarishlar jarayonida bo‘lib, bu kelajakda mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar haqidagi savollarni tug‘diradi. O‘tgan oyda bosh kompaniya “Comcast” kabel tarmog‘ini boshqa bir nechta mulklar bilan birgalikda yangi kompaniyaga ajratib chiqarilishini e’lon qildi. Bu esa “MSNBC”ga yangi korporativ rahbariyatni olib keladi va uning “NBC News” bilan aloqalarini uzadi.

Tomoshabinlarni qaytarishni istagan tarmoqlar uchun tavsiyalar

Siyosiy yangiliklardan uzoqlashgan ayrim amerikaliklar ham ularni yana qiziqtirish uchun qanday yo‘llar samarali bo‘lishi mumkinligi haqida maslahatlar berdi.

Gudening aytishicha, MSNBC har doim Trampni yoqtirmaydigan qat’iy auditoriyaga ega bo‘ladi. Ammo agar kanal o‘z auditoriyasini kengaytirmoqchi bo‘lsa, “Tramp haqida gapirishni to’xtatib, muammolar haqida gapirishini boshlashi kerak”, – deydi u.

36 yoshli Kolorado shtatining Grand Junction shahridan bo‘lgan Ketlin Kendrikning aytishicha, u ishda odamlarning o‘z siyosiy fikrlarini baland ovozda aytayotganiga tez-tez guvoh bo’ladi. U yangiliklarga chuqurroq yondashishni maslahat beradi: “Men ko‘rayotgan narsalarning aksariyati biryoqlama va yuzaki”, – deydi u.

“Voqeani faqat bir tomonlama eshitasiz, – deydi Kendrik. – Agar ikkala tomonning fikrini va ko‘proq tadqiqotga asoslangan ma’lumotni olsangiz, juda yaxshi bo‘lardi”.

Aunallah ham xuddi shunday, yangiliklarda ko‘proq chuqurlik va xilma-xillikni qidirayotganini aytadi.

“Endi menga ko‘chaning burchagida baqirib turgan g‘azabli odamni tomosha qilish qiziq emas,”, – deydi u.

“Yangiliklarni tomosha qilmayotganimga ularning o’zi aybdor, – deydi u telekanallarni ayblab. – Ular butun vaqtini saylov haqida gapirishga sarfladi va asosiy diqqat markazini shunga qaratdi, shuning uchun asosiy tadbir tugagach, odamlarda ham qiziqish pasaydi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG