Breaking News

AQSh, Xitoy va Rossiya aloqalari qanday tus olishi kutilyapti?


"Katta yettilik" yig'ini doirasida o'tgan Tramp-Putin uchrashuvi, Osaka, Yaponiya, 2919-yil, 28-iyun
"Katta yettilik" yig'ini doirasida o'tgan Tramp-Putin uchrashuvi, Osaka, Yaponiya, 2919-yil, 28-iyun

2025-yilning 20-yanvaridan so‘ng AQSh tashqi siyosatini 2024-yilda ikkinchi marta prezidentlikka saylangan Donald Tramp belgilaydi. Amerika muxoliflari va ittifoqchilari prezidentlik saylovlari natijalari e’lon qilinganidan so‘ng birinchi soatlardanoq Donald Tramp Vashingtonning xalqaro maydondagi yo’nalishini qanday o‘zgartirishi, AQShning xalqaro inqirozlarni hal etishda qanday rol o‘ynashi, harbiy-siyosiy ittifoqlar va jahon iqtisodiyotidagi taqdiri haqida gapirishni boshladi.

Ko‘pchilikning taxminiga ko‘ra, Trampning ikkinchi prezidentlik muddatida qo’llaydigan uslubi va yuqoridagi sohalarga ta’sir darajasi birinchisidan farq qilishi mumkin.

Shu bilan birga, AQSh uchun dunyoda eng katta muammolardan biri, Rossiya va Xitoyning so‘nggi uch yil davomida gapirayotgan “chegarasiz harbiy-siyosiy sheriklik” masalasi bo‘lishi mumkin.

2022-yilda Vashingtonning Moskva va Pekin bilan munosabatlari butunlay boshqacha edi. Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bosqinidan keyin AQSh deyarli barcha aloqalarni uzdi. Xitoy bilan esa Bayden ma’muriyati “zarur bo‘lsa, qarshi chiqamiz va cheklaymiz, imkon bo‘lsa, kelishamiz va muhim joylarda hamkorlik qilamiz” degan tamoyilga amal qildi.

Xitoyning AQSh hududi ustida uchirgan havo sharlariga oid mojaro, TikTok kompaniyasiga qarshi Vashingtonning kuchli bosimi, Pekinning Tayvanga nisbatan tahdidli harakatlari va Rossiya-Xitoy bombardimonchilarining qo‘shma parvozlari AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir qildi.

Shunga qaramay, AQSh prezidenti Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Zinpin bir necha bor shaxsan uchrashib, bir-biriga qo‘l berib ko‘rishdi va muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Vashingtonning Pekin bilan munosabatlari: noaniqlik.

O’tgan oy AQShda bir nechta ilmiy markazlar AQSh-Xitoy-Rossiya uchburchagi munosabatlariga bag‘ishlangan davra suhbatlari o‘tkazdi va keng ko‘lamli materiallar chop etdi.

Shulardan biri, Vashingtondagi Jorjtaun universiteti tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida, Shanxaydagi Fudan universitetining Xalqaro tadqiqotlar instituti professori Vu Tsinbo: “Hozirda AQSh va Xitoy munosabatlarini yaxshi deb atash qiyin, ammo Bayden ma’muriyati davrida bu munosabatlarni boshqarish mumkin edi”, - dedi.

“Bu munosabatlar tarang va doimiy ziddiyatlarga to‘la bo‘lsa-da, baribir oldindan aytish mumkin bo’lgan va boshqariladigan edi, shuningdek, keyingi muloqotlar uchun aloqalar ochiq saqlanib qolardi. Tomonlar o‘zaro manfaatli bo‘lgan sohalarda muloqot qilib, hatto hamkorlik qildi. Shuningdek, AQSh va Xitoy o‘zaro munosabatlarga jiddiy zarar yetkazuvchi katta mojaroga qiziqmasliklarini ochiq-oydin namoyish etdi”, - deydi professor.

Vu Tsinbo Donald Trampning ikkinchi ma'muriyati davrida Xitoy bilan munosabatlar yanada notinch va mojarolarga to‘la bo‘lishidan xavotir bildirdi:

“Kelishmovchiliklar kuchayishi va bu munosabatlarda jiddiy inqiroz yuzaga kelishi mumkin. Bu, ayniqsa, muloqot kanallari kamayib, hamkorlik sohalari qisqargan bir paytda yuz berishi mumkin. Menimcha, yaqin to‘rt yil ichida bizning aloqalarimiz aynan shu yo‘nalishda rivojlanishi ehtimoli yuqori”, - dedi u.

Jorjtaundagi Amerika-Xitoy global muammolar bo‘yicha muloqot tashabbusining katta eksperti, professor Dennis Uaylder fikricha, Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar u qadar yomon bo’lmasligi mumkin:

“Men ko‘proq optimistik kayfiyatdaman, chunki, birinchidan, Trampning tashqi siyosat yo‘nalishini oldindan bilish juda qiyin, va bu ijobiy qarashlar uchun asos yaratadi. Ikkinchidan, meni hayratga solayotgan narsa shuki, Trampning milliy xavfsizlik sohasidagi e’lon qilingan jamoasidan hech kim Xitoy haqida ko’p gapirsa ham, hech qachon Xitoyda bo‘lmagan. Shu bilan birga, Trampning o‘zi va uning yangi yaqin maslahatchisi Ilon Mask Xitoy bilan ko’p tajribalar qilgan. Endi savol tug’iladi: u Xitoyda bo‘lmagan va Xitoy rahbariyati bilan muloqot qilmagan jamoasidagi odamlarning maslahatlariga quloq soladimi?”

Dennis Uaylderning fikricha, Tramp Xitoyga nisbatan siyosatni boshqalarning maslahatiga quloq solmay, o‘zi hal qiladi.

“Tramp odatda o‘z yo‘lidan borishga odatlangan va maslahatlarga har doim ham amal qilavermaydi”, - deydi u.

Masalan, senator Marko Rubio Xitoyga qarshi juda qattiq pozitsiyaga ega, lekin bu masalada uning ta’siri qanchalik katta bo‘lishi aniq emas. Buning ustiga, Rubio Xitoy tomonidan sanksiyalar ostida, shuning uchun Xitoy bu muammoni hal qilish uchun o‘z diplomatik harakatlarini ishga solishi kerak bo‘ladi.

Jorjtaun universiteti professorining aytishicha, Tramp va Putinning o‘zaro uchrashishi va Ukraina mavzusini muhokama qilishni rejalashtirayotgani haqidagi e’lonlar Pekinni jiddiy xavotirga solishi mumkin.

“Tramp Ukrainada tezkor sulhga erishishni xohlaydi va bu masalada muzokara uchun unga juda yaqin bo‘lgan general Kellogni tayinlagan. Menimcha, Tramp tez orada Putin bilan bog‘lanadi. Shuningdek, Xitoyda Tramp va Putinning yaqinlashishi haqida jiddiy xavotirlar borligi to’g’risida ma’lumot bor, chunki bu buyuk davlatlar o‘rtasidagi strategik uchburchakning tuzilishini ma’lum yo‘nalishda o‘zgartirishi mumkin. Faqat Nikson Xitoyga bora olganidek, faqat Tramp Moskvaga bora oladi. Ya’ni Trampning qat’iy pozitsiyasi yaxshi ma’lum bo‘lgani uchun, aynan uning Putinga gapirishi ma’qulroq bo‘lishi mumkin”, - dedi u.

Tramp va Putin o‘rtasidagi kelajakdagi aloqalar Xitoyning dunyodagi o‘rniga tahdid sifatida qabul qilinishi mumkin. Shu sababli, Rossiyaning sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev yaqinda Pekinga tashrif buyurdi.

Ko’plab ukrainalik tahlilchilar Medvedev va Si Zinpin o‘rtasida bo’lgan uchrashuv borasida darhol o’z fikrini e’lon qildi. O‘z navbatida, Kreml Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari nima sababdan Xitoydagi “do‘stlarini” zudlik bilan ziyorat qilganini batafsil izohlamadi.

Boshqa tahlilchilar, aksincha, Donald Trampning Si Zinpinni shaxsan o‘zining inauguratsiyasiga taklif qilganini, o’z navbatida, Putin ham o‘z mavqeini va Xitoy bilan muvozanatni saqlash uchun harakat qilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Rossiya va Xitoy aloqalari AQSh uchun xavf tug’diradimi?

AQShning amaldagi ma'muriyati Pekinning harbiy qudrati holati bo‘yicha Kongressga taqdim etgan hisobotda aytilishicha, hozircha Xitoyning harbiy qudrati baribir AQSh va uning ittifoqchilari imkoniyatlariga teng emas.

Pentagonning Kongress uchun tayyorlangan hisoboti mualliflari, AQSh mudofaa vaziri o‘rinbosarlari Maykl Chayz va Eli Ratner, hisobot e'lon qilinganidan so‘ng Strategik va Xalqaro Tadqiqotlar Markazida chiqish qilib, Rossiya va Xitoy bombardimonchi samolyotlarining Tinch okeani ustida birgalikda parvozi ikki davlatning urushga birgalikda tayyor ekanligini anglatmasligini ta’kidladi.

“Rossiyaning Hind-Tinch okeani mintaqasidagi operatsiyalari asosan siyosiy signallar va diplomatiya bilan cheklanmoqda, Xitoy bilan birgalikda ilg‘or harbiy harakatlarni amalga oshirish darajasiga yetgani yo‘q. Menimcha, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi harbiy aloqalarni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak, chunki ular o‘zaro harbiy texnologiyalar almashishlari, sanoat quvvatlarini potensial integratsiya qilishlari va Janubiy Koreya yaqinida parvozlar yoki Yaponiyani qo‘rqitish orqali Uzoq Sharq davlatlarini ruhiy bosim qilayotgan bo’lishi mumkin. Biroq, biz hozircha yuqori darajadagi birgalikdagi harbiy operatsiyalarni ko‘rmayapmiz”, – dedi Eli Ratner.

Maykl Chayzning so‘zlariga ko‘ra esa, Rossiyaning Xitoyga qaramligi oshgani sari Xitoy Arktika kabi hududlarda ham Rossiya bilan hamkorlikni kuchaytirishga urinishi mumkin. Bu hududlarda Rossiya ilgari hamkorlik qilishni xohlamagan edi.

AQSh mudofaa vaziri o‘rinbosari shuningdek, Xitoy “nafaqat Ukrainadagi urush bo‘yicha Rossiyaning propagandasi andozalarini ko‘p hollarda takrorlayotganini, balki hali ham Rossiyaning sanoatini faoliyatda ushlab turishda yordam berayotganini va unga ikki maqsadli mahsulotlar yetkazib berayotganini” eslatdi.

Eli Ratnerning fikriga ko‘ra, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi taranglikning sabablaridan biri ularning Shimoliy Koreya bilan aloqalari bo‘lishi mumkin.

“Ba’zida Rossiya va Xitoy Shimoliy Koreya masalasida birdamlikda va bir yo‘nalishda harakat qilayotgandek ko‘rinadi, lekin men bunday deb o‘ylamayman. Chunki Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanib borayotgan bir paytda, Xitoy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi aloqalar ancha yomonlashdi. Xitoy va Shimoliy Koreya o’rtasidagi iqtisodiy, siyosiy, diplomatik munosabatlarda sezilarli pasayish kuzatilmoqda. Bu jarayon fonida Pxenyan va Moskva o‘rtasidagi aloqalar yaxshilanmoqda”, - dedi u.

Ammo Kongressning Ichki xavfsizlik qo‘mitasi raisi Mark Grin rasmiylarning bu xotirjamligini qo’llamaydi:

“Rossiya va Xitoyning asosiy maqsadi Qo‘shma Shtatlarni dunyo yetakchiligidan chetlashtirish bo‘lib, buning uchun ular infratuzilmaga kiberhujumlar uyushtirish va telekommunikatsiya sohasiga zarar yetkazish kabi usullardan foydalanmoqda. Bu esa AQShning milliy xavfsizligiga jiddiy tahdiddir”, - dedi u Gudzon instituti maydonidagi nutqida.

“Bizda Pentagon va hukumat domenlarini himoya qiluvchi Infratuzilmaviy kiberxavfsizlik agentligi mavjud. Ammo bu agentlik xususiy biznesni himoya qilmaydi. Sizningcha, “Microsoft” yoki “Google” butun bir davlatdan o‘zini himoya qila oladimi? Men bu masalani AQSh suvereniteti va milliy xavfsizligiga taalluqli muhim masala hisoblayman va hukumatning xususiy sektorni himoya qilishda ko‘proq ishtirok etishi kerakligiga qat’iy ishonaman”, – deydi kongressmen.

“Xitoy-Rossiya munosabatlari AQShning hayotiy manfaatlariga tahdid”

Brukings institutining Rossiya va Xitoy bo‘yicha yetakchi ekspertlari, jumladan, Patrisiya Kim, Asli Aydintasbash, Anjela Stent va Tara Varma o‘z tahlillarini “Xavfli hamkorlik” sarlavhasi ostida e’lon qildi.

Unga ko’ra, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi yaqinlashuv AQShning global strategik manfaatlariga qarshi yo‘nalgan hamda Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni zaiflashtirishi mumkin.

Tahlilda bu tahdidni kamaytirish uchun yangi siyosiy strategiyalar va choralar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlanadi.

Ekspertlarning fikricha, Xitoy va Rossiyaning hamkorligi dunyodagi geosiyosiy muvozanatga ta’sir ko‘rsatishini ko‘rsatadi. Xitoyning Rossiyaga ko‘rsatgan yordami Rossiyaning xalqaro maydondagi tajovuzkor siyosatini davom ettirishiga yordam bermoqda. Shu bilan birga, Xitoy-Rossiya ittifoqi, ayniqsa, hozirgi xalqaro tartibdan norozi bo‘lgan davlatlar – Turkiya, Janubiy Afrika, Braziliya, Yaqin Sharq rejimlari uchun jozibador ko‘rinadi, bu esa xalqaro muvozanatning yangi qiyofasini shakllantirish ehtimolini oshiradi.

Mutaxassislar shuningdek, AQShning Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni zaiflashtirish borasida imkoniyatlari cheklanganligini ta’kidlaydi.

Ularning fikricha, “Ushbu davlatlarning strategik hamkorligi har biri Qo‘shma Shtatlarni o‘zining asosiy dushmani deb hisoblagan vaqtgacha davom etadi”.

Shuningdek, tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Rossiya va Xitoy hamkorligidan kelib chiqayotgan tahdidni kamaytirishning bir necha usullari mavjud bo’lib, ulardan biri — “to‘rt davlat o‘qi” (Rossiya, Xitoy, Shimoliy Koreya va Eron o‘rtasidagi ehtimoliy strategik ittifoqi) haqida doimiy ravishda gapirishni to‘xtatish.

“Bu yondashuv tahlilni chalkashtiradi, siyosiy ijodkorlikni cheklaydi va ularning yaqinlashuvi propagandasining ta’sirini oshiradi, bu esa AQSh manfaatlariga zid bo‘ladi”, - deb yozadi tahlilda ular.

Brukings instituti ekspertlarining yana bir tavsiyasi – Xitoy bilan aloqa kanallarini ochiq saqlash va “Xitoy uchun Rossiyani qo‘llab-quvvatlashni cheklash uning asosiy manfaatlariga mos kelishi haqida aniq signal berish”dir.

Ekspertlarning fikriga ko‘ra, Pekin “mintaqaviy va global barqarorlikka qiziqadi va Xitoy xalqaro hamjamiyatning hurmatga sazovor a’zosi bo‘lib qolishni xohlaydi”. Shu sababli, Xitoy Rossiyani qo‘llab-quvvatlashni kamaytirish uning o‘z manfaatlariga xizmat qilishi mumkinligini his qilishi lozim.

Pekin va Moskvani ajratish: bunga qanchalik erishish mumkin?

Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi ittifoq, ayniqsa, Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan so‘ng to‘liq ravishda namoyon bo‘ldi.

Bu ko‘plab amerikalik ekspertlarni 7 yil avval xavotirga solgan edi. O‘sha vaqtda “Milliy Osiyo tadqiqotlar byurosi” Rossiya-Xitoy hamkorligi va uning global vaziyatga ta’siri mavzusida konferensiyalar o‘tkazgan edi.

Donald Tramp ham Takker Karlson bilan suhbatda: “Hech qachon Rossiya va Xitoyning birlashishini xohlamagan bo‘lardim. Ularni ajratib qo‘yishim kerak bo‘ladi va men buni uddalay olaman deb o‘ylayman”, - dedi.

Shuningdek, Tramp Xitoy bilan muzokaralarda Jo Baydenga qaraganda qattiqroq pozitsiyani tanlashni rejalashtirayotganini bildirgan.

Berlindagi “Karnegi” markazi direktori Aleksandr Gabuevning fikricha, Putin Trampning Oq uyga qaytishini ijobiy hodisa sifatida kutayotgan bo‘lsa, Si Tszinpin bu kelajakni xavotir bilan qarshilamoqda.

“Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida u Xitoy bilan savdo urushini boshladi, Xitoyning yirik texnologik giganti “Huawei”ni sanksiyalar va bosim kampaniyasi nishoniga aylantirdi, uning uskunalarini AQSh ittifoqchilarining tarmoqlaridan olib tashlashga harakat qildi; Hind-Tinch okeani mintaqasida AQShning harbiy ishtiroki va sheriklik aloqalarini kuchaytirdi; shuningdek, COVID-19 pandemiyasi tufayli targ‘ibot urushi olib bordi. Bu safar Si Tszinpin uchun vaziyat yanada yomonroq ko‘rinishi mumkin. 2016-yilda Xitoy iqtisodiyoti hozirgiga qaraganda ancha yuqori o‘sish sur’atlariga ega edi, AQSh iqtisodiyoti esa ancha sust edi. Bugun vaziyat ancha o‘zgardi, asosan, Si Tszinpinning so‘nggi o‘n yillikdagi iqtisodiy siyosati tufayli”, - deb yozadi u “Foreign Affairs” jurnalidagi maqolasida.

Aleksandr Gabuevning fikriga ko‘ra, Trampning Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi “ittifoqni buzish” bo‘yicha rejalangan harakatlariga kamida ikki asosiy to‘siq bor, bular – Rossiyaning Xitoyga kuchli qaram ekanligi hamda Putin va Si Tszinpinning hokimiyatda Trampdan ko‘ra uzoqroq qolishiga bo‘lgan ishonchi.

Rossiya o'zi qoladi - Xitoy boshqacha tanlov qilishi mumkin

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ikki yil oldin Bayden ma’muriyatining Xitoyga nisbatan yondashuvini quyidagicha bayon qilgan edi: “Xitoy — bu xalqaro tartibni o‘zgartirish niyatiga ega bo‘lgan yagona davlat bo‘lib, buni iqtisodiy, diplomatik, harbiy va texnologik usullar bilan amalga oshirish qobiliyatini tobora orttirmoqda”.

Rossiya haqida esa Entoni Blinken: “Men AQSh Davlat kotibi lavozimini egallagan paytimda NATO Rossiyaga hamkor sifatida qarardi, ammo 2022-yilga kelib Kreml ochiqchasiga agressor va xalqaro tartibni buzuvchi davlatga aylangani aniq bo‘ldi, chunki u zamonaviy tarixdagi eng qonli urushlardan birini boshladi”, - dedi.

Keyinchalik, Entoni Blinken “Foreign Affairs” jurnaliga bergan intervyusida: “Menimcha, Rossiya, ehtimol, o‘zining hozirgi yo‘lidan qaytmaydi. Shimoliy Koreya ham, hozirda olgan manfaatlarini hisobga olsak, o‘z yo‘lida davom etadi, deb o‘ylayman... Xitoy esa boshqacha tanlov qilish imkoniyatiga ega”, - dedi.

“Xitoy Ukrainadagi urushni davom ettirishga yordam beruvchi harakatlar qilmoqda. Bu urush nafaqat Ukraina xalqiga ochiq tahdid soladi, balki bu sovuq urush tugaganidan beri Yevropa xavfsizligiga eng katta xavfdir. Shu sababli, Xitoy o‘zining ittifoqlari haqida jiddiy o’ylab ko’rishi kerak deb o‘ylayman”, deydi AQSh Davlat kotibi.

Mazkur yilda AQShning yangi ma’muriyati Pekinni ushbu murakkab savollarga javob berishga qanday usullar bilan undashi, bunga Moskvaning qanday munosabat bildirishi va Oq uyning yangi egasining “bitim san’ati” Xitoy, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi “strategik uchburchak” munosabatlariga qanday ta’sir qilishi aniq bo‘ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG