Afg’onistonda Tolibon hukumati AQShning yangi ma’muriyati bilan hamkorlik qilishga umid qilmoqda. Donald Trampning birinchi prezidentligi paytida Tolibon bilan Doxada imzolangan shartnoma amerikalik harbiylarni Afg’onistondan chiqarishga imkon bergan.
Tolibon tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Sher Muhammad Abbos Stanikzoy Trampni qat’iyatli va jasur rahbar deb atadi. U AQShning Afg’onistonga doir siyosatida o’zgarish bo’lishiga umid bildirdi.
“Tramp ijobiy qadamlar qo’yadi degan umiddamiz. Biz ham javob qadamini qo’yamiz. Xalqaro hamjamiyat va G’arb davlatlari bilan yaxshi aloqalar o’rnatishni istaymiz”, - dedi u.
Tolibon Tramp ma’muriyatidan ularning hukumatini tan olib, sanksiyalarni bekor qilishini kutmoqda.
2021-yilda hokimiyatga qaytgan Tolibonni hali birorta davlat tan olgani yo’q.
“Tolibon, Tramp bilan o’sha paytda muloqotda bo’lgan ayrim toliblar kelishuvga erishishda ularning manfaatlariga yaqinroq pozitsiyaga kelishish mumkin deya o’ylamoqda. Muloqot qanday kechishini, nimalarga erishish mumkinligini ko’ramiz”, - deydi 2010-yilda AQShning Afg’onistondagi elchixonasida ishlagan Erl Entoni Ueyn.
Biroq boshqalar Tolibonga ishonib bo’lmasligini, inson huquqlari, xususan ayollar huquqlarini hurmat qilishga, inklyuziv hukumat tuzishga, terrorchi guruhlarga boshpana bermaslikka kelganda toliblar bergan va’dalarining ustidan chiqmaganini aytadi.
“Siyosatni Tolibon nima deyishiga qarab emas, nima qilishiga qarab belgilash kerak”, - deydi Strategik va xalqaro izlanishlar markazining vashingtonlik tahlilchisi Enni Pforsxaymer.
Ekspertlar Afg’oniston Tramp ma’muriyati uchun ustuvor ahamiyatga ega emasligini aytarkan, bu mamlakatni inkor etish keyinchalik qimmatga tushishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
“Ekstremizm taralishi, “Islomiy davlat” kabi barqaror guruhlarning kuchayishi ehtimoli hali ham mavjud. Bu guruhlarga hamisha ko’z-quloq bo’lib turish kerak, aks holda siz yoki do’stlaringiz kelajakda ulardan zarar ko’rishi mumkin”, - deydi yana bir tahlilchi Jonatan Shroden.