Breaking News

Trampning energiya siyosati nimalardan iborat?


Trampning energiya siyosati qanday bo'ladi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00

Prezident Donald Tramp Oq uyga qaytgach, birinchi kundayoq e’lon qilgan asosiy buyruqlaridan biri toza energiyaga o‘tish bo’yicha dastulardan voz kechish va neft qazib chiqarishni ko‘paytirish haqida bo‘ldi. Dunyoning ko‘p qismi qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tayotgan bir paytda AQShning ortga yuz burayotgani faollarni xavotirga solmoqda.

Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sobiq prezident Jo Bayden siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri edi. Biroq Prezident Donald Tramp davrida AQSh tamoman boshqa yo‘nalishda harakat qilmoqda.

"Bugun men milliy energiya bo’yicha favqulodda holat e’lon qilaman. Qazishimiz kerak, azizlar, qazishimiz kerak", - dedi u.

Favqulodda holat e’lon qilinsa, prezident neft va gaz qazib olish sanoatini tartibga solishda kengroq ijro vakolatlariga ega bo‘ladi.

Tramp neft narxini pasaytirish Ukraynadagi urushni to‘xtatishning asosiy kaliti ekanini aytib, ushbu siyosatga geosiyosiy omilni ham qo‘shdi.

"OPEK jiddiy harakat qilishi va neft narxini tushirishi kerak. Shunda urush darhol to‘xtaydi", - dedi u.

Tahlilchilar Trampning talablari va siyosati neft narxlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishiga shubha bilan qaramoqda.

"Neft ta’minoti xalqaro talab va Prezident Tramp o‘ylayotgan turli siyosatlardan mustaqil omillar tomonidan belgilanadi. Bular neft va gazni qidirish hamda qazib olish jarayoniga biroz ta’sir ko‘rsatishi mumkin, xolos", - deydi Kornel universiteti tadqiqotchisi Sheyla Olmsted.

Tahlilchilar fikriga ko‘ra, neft narxining pasayishi Amerika qazilma sanoati manfaatlariga ziyon yetkazishi mumkin. Qayta tiklanuvchi energiya tarafdorlari esa AQShda neft va gaz ishlab chiqarish hajmi allaqachon eng yuqori cho‘qqiga yetganini aytadi.

"Agar bu chindan ham favqulodda vaziyat bo‘lsa, nega biz barcha mavjud resurslarni, ayniqsa energetik tarmoq uchun haqiqiy foyda berayotgan vositalarini ishga solmayapmiz?" - deydi Xezer ONeyl.

Iqlim o‘zgarishini bir necha bor “uydirma” deb atagan Tramp elektromobillarni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni to‘xtatmoqchi. U elektromobil ishlab chiqarish va xarid qilish bo‘yicha Kongress tomonidan tasdiqlangan soliq imtiyozlarini bekor qilish niyatida.

"Biz elektromobillar bo‘yicha majburiy talabni bekor qilamiz; shu orqali avtomobil sanoatimizni saqlab qolamiz va amerikalik ishchilarga bergan muqaddas va’damizni bajaramiz", - dedi u.

Biroq buni amalga oshirish uchun Kongress roziligi kerak bo‘ladi. Tahlilchilarga ko’ra, bu choralar Trampning Xitoy bilan raqobat qilish haqidagi maqsadlariga zid. Chunki Xitoy allaqachon dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchiga aylangan.

"Ilmiy doiralarda elektromobillar eng yaxshi yo‘l ekani borasida yakdil fikr mavjud. Atrof-muhit muammolarini hal qilishga ham eng yaxshi chora — elektromobillardir. Uning rivojlanishidan ortga yo‘l yo‘q", - deydi Oklend universiteti eksperti Jun Chen.

Tramp inauguratsiyasi kuni AQShni xalqaro iqlim majburiyatlaridan chiqarish haqida ham ko‘rsatma berdi.

Hozirda AQSh o’z tarixida hech qachon kuzatilmagan darajada ko’p neft va gaz ishlab chiqarmoqda.

Bu orada Xitoy yoqilg‘i qazishni saqlab qolgan holda dunyodagi eng yirik quyosh panellari va shamol turbinalari ishlab chiqaruvchisi bo‘lib qolmoqda. Ayni paytda u yer sharining iqlimni eng ifloslantiruvchi davlatidir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG