AQSh federal agentlari bir necha shaharlarda immigratsiya bilan bog‘liq hibsga olish ishlarini kuchaytirdi. Bu Prezident Donald Trampning hujjatsiz muhojirlarni qattiq nazorat qilish haqidagi va’dasining bir qismi sifatida amalga oshirilmoqda. Chikagodagi muhojirlar esa bu reydlar oqibatidan xavotirda.
Maykl Rodriges Chikagoning 22-okrugi kengashi vakili.
Bu hududning muhim savdo markazlaridan biri bo‘lgan 26-ko‘cha turli hududlardan kelgan muhojirlarni jalb etadigan do‘kon va savdogarlar bilan gavjum.
"26-ko‘cha O‘rta G‘arbiy hudud poytaxti sifatida tanilgan. Bu yerda mahalliy iqtisodiyot gullab-yashnayapti va butun mintaqa uchun katta soliq bazasi hisoblanadi", - deydi Rodriges.
Delta instituti tomonidan 2020-yilda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, bu hudud Chikago uchun yiliga qariyb 900 million dollar soliq tushumini keltirib, shahar bo‘yicha ikkinchi eng yirik soliq manbasi hisoblanadi.
Ammo AQShning Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati va boshqa federal idoralar hujjatsiz muhojirlarga qarshi hudud bo‘ylab reydlar o‘tkazishi oqibatida odatda gavjum bo‘ladigan 26-ko‘cha sezilarli darajada siyraklashgan.
"Mahallamiz ahli juda qo‘rquvda", - deydi Rodriges.
Rodriges ofisi bu reydlarga tayyorgarlik doirasida jamoatchilikka o‘z huquqlari haqida ma’lumot tarqatishga e’tibor qaratdi.
"Biz mahalliy tadbirkorlarimiz o‘z huquqlarini bilishlari uchun seminarlar tashkil qildik. Do‘konlar oldida “huquqingizni biling” degan kartalar tarqatdik. Bundan tashqari, turli tashkilotlar va vakillar uyma-uy yurib, qo’shnilarga huquqlari haqida ma’lumot bermoqda", - dedi u.
Oq uyning Chegara bo‘yicha mas’ul vakili Tom Xoman Chikagoga kelib, federal huquqni muhofaza qilish idoralarining ishlarini kuzatdi. Unga ko’ra, hujjati joyida bo‘lgan muhojirlar nishonga olingani yo’q.
"Hozir biz jamoatchilik va milliy xavfsizlikka tahdid solayotgan shaxslarga e’tibor qaratyapmiz. Asosiy maqsadimiz shu. Hujjati yo‘q jinoyatchilarni faqat chegara nazorati emas, balki barcha federal idoralar qidiryapti. Bu butun hukumat miqyosidagi yondashuv bo‘lib, mamlakat bo‘ylab jinoyat sodir etgan noqonuniy muhojirlarni topish va hibsga olishga qaratilgan. Biz har bir shaharga boramiz va hujjatsiz holda jinoyat sodir etganlarni qo‘lga olamiz", - dedi Oq uy rasmiysi.
“ABC” kanaliga bergan intervyusida Xomanning aytishicha, Prezident Donald Tramp farmoni chegara xodimlariga maktablar va cherkovlarga kirib, gumonlanuvchilarni qo‘lga olish huquqini bergan.
"Xodimlar milliy yoki jamoat xavfsizligiga tahdid mavjud deb hisoblasa, ushbu obyektlarda hibsga olish qarorini mustaqil ravishda qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak", - dedi u.
"Biz oilalarimiz xavfsizligi borasida jiddiy xavotirdamiz", - deydi Chikagoda muhojirlarga yordam beruvchi notijorat tashkilot ijrochi direktori Kristina De La Rosa.
"Tashkilotimizga kelishdan qo‘rqayotgan yoki farzandlarini maktabga yubormayotgan odamlar bor. Ularning xavotirini tushunamiz va biz yordamga tayyor ekanligimizni bildirishni istaymiz", - deydi u.
De La Rosaning aytishicha, tashkilot ofisga kelishni istamaganlar uchun ayrim xizmatlarni onlayn rejimga o‘tkazgan.
Chikago politsiyasi boshlig‘i Larri Snellning ma’lum qilishicha, shaharda o‘tkazilgan so‘nggi immigratsiya reydlari natijasida kamida 100 kishi hibsga olingan.