74 yoshli shahzoda Karim Og'a Xon (Aga Khan) IV ismoiliy imomlarining 49-avlodi. Ismoiliylar shia mazhabidagi musulmonlar bo’lib, o’zini Muhammad payg’ambarning qizi Fotima va kuyovi Ali naslidan deb biladi.
Avloddan avlodga o’tib kelayotgan boylik asosida Og’a Xon Taraqqiyot Tizimi (Aga Khan Development Network) tashkil etilib, musulmon jamiyatlariga yordam berishga ahd qilingan.
Og’a Xon shafeligida Markaziy Osiyoda yangi universitet ish boshlamoqda.
Bogdan Kravchenko (Bohdan Krawchenko), kanadalik akademik rahbarligidagi Markaziy Osiyo Universiteti Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston hukumatlari va Og’a Xon hamkorligida tashkil etilgan.
“Oliygohning o’ziga xosligi shundaki, u boshqa universitetlar singari poytaxtlarda emas, uzoq tog’li hududlarda joylashgan. Universitet uch davlatda uch kampusga, filialga ega bo’ladi”,- deydi Bogdan Kravchenko.
"Tojikistonda Xorog, Qirg’izistonda Norin, Qozog’istonda esa Tekelida", - deydi Kravchenko.
"Hozirda qurilish ishlari ketmoqda. O’quv dasturlari ishlab chiqilmoqda. Xalqaro standartlarga javob berib, yuqori saviyada ilm ulashadigan universitet bo’ladi".
Oliygohda asosan Markaziy osiyoliklarning o’zi dars berishi ko’zda tutilgan. Domlalar chertib-chertib tanlanadi, deydi rektor. Universitet bakalavriat va magistratura qatorida professional kurslar ham taklif etadi. Ilmiy tadqiqot markazlari joriy etilmoqda.
O’zbekiston va Turkmanistondan ham talabalar qabul qilinadi. Katta yoshdagilar uchun mo’ljallangan kurslarda o’qish uzog’i bilan 150-160 dollarga tushadi, tanlovdan o’tsangiz bas. Ilmiy daraja uchun o’qish bundan qimmatroq, ammo sinovdan o’tish asosiy talab bo’ladi. Moliya hozircha asosan Og’a Xon jamg’armasidan, lekin boshqa xalqaro manbalarga ham umid bog’langan.
“Darslar, ilmiy daraja uchun, ingliz tilida beriladi, ammo talaba o’z ona tili va rus tilini ham bilishi shart”,- deydi Bogdan Kravchenko.
Regionda bir necha yildan beri ishlab kelayotgan bu olim fikricha Markaziy Osiyoda kadrlar ko’p, ammo bilim va saviya past. Masalan, deydi Bogdan Kravchenko, biznes boshqaruvi va huquqshunoslik sohasida har yili minglab yosh diplom oladi, ammo ko’pi elakdan o’ta olmaydi. Muammo ravshan, deydi akademik, o’quv dasturlarini yangilash kerak, ta’lim berish usullarini isloh qilish kerak.
"Yangi universitetda ham G’arb, ham Sharq dunyosidagi, zamon talabiga javob beradigan usullarni ishga solamiz. Sifat degan narsa faqat G’arbga xos narsa emas",- deydi Bogdan Kravchenko.
Uning fikricha, Hindiston va Xitoy oliygohlarida beriladigan ilm sifati Amerika yoki Yevropa davlatlarinikidan qolishmaydi.