Breaking News

Bayden NATO ittifoqchilarini AQShning alyansga sodiqligi haqida ishontirmoqchi 


Arxiv surat. AQSh vitse-prezidenti Jo Baydenning (o'ngda) 2015-yilda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan Myunxendagi uchrashuvi

AQSh prezidenti sifatida ilk xorijiy safarga chiqqan Jo Bayden Yevropada “Katta Yettilik” sammiti ketidan dushanba kuni Shimoliy Atlantika ittifoqi tashkiloti yoki NATO majlisida qatnashadi.

Harbiy blok strategik konsepsiyasini muhokama qilishi kutilmoqda. Alyans maqsadlarini belgilovchi hujjat so’nggi bor 2010-yilda yangilangan edi. Biroq, deydi tashkilot bosh kotibi Yens Stoltenberg, shundan beri dunyoda xavfsizlikka tahdidlar o’zgargan.

“Hozirgi strategik konsepsiyamizda Xitoy umuman, iqlim o’zgarishi esa deyarli tilga olinmagan. O’sha paytda Rossiya bilan aloqalarimiz boshqa bir darajada edi, bugun esa Sovuq urushdan beri eng quyi nuqtaga tushgan; kiberxurujlar ancha mukammallashgan, so’nggi yillarda ko’plab tahdidlarning shakli o’zgargan”, - dedi NATO rahbari.

Tashkilot AQShda Donald Tramp prezidentlik qilayotgan davrda strategik konsepsiyasini yangilashga qaratilgan muhokamalarni to’xtatib turdi.

“Yevropaliklar Tramp ma’muriyati paytida Pandora qutisini ochishni istamadi, chunki AQShning konsepsiya bo’yicha qarashlari qanday bo’lishini bilmagan”, - deydi Vashingtondagi Vilson tahlil markazida “Global Yevropa” dasturi direktori Den Xamilton.

Tramp alyansga a’zo ayrim mamlakatlar rahbarlari bilan silliq munosabatda bo’lmagan, ularni mudofaa byudjeti uchun pulni ko’paytirishga chaqirib koyigan, NATO nizomining 5-moddasi, ya’ni kollektiv mudofaa haqidagi bandini savol ostiga qo’ygan.

9-iyun kuni Angliyadagi Mildenxoll qirollik harbiy-havo bazasida xizmat qilayotgan AQSh harbiy-havo kuchlari vakillari bilan uchrashuv chog’ida Bayden ma’ruza qilib, Qo’shma Shtatlarning NATO alyansi va tashkilot nizomining 5-moddasiga sodiqligi toshday mustahkam deb aytdi.

Bayden 14-iyun kuni NATOda, 15-iyun kuni Yevropa Ittifoqida bo’ladi, 16-iyunda esa Jenevada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi.

“Bayden Putin bilan uchrashuvdan oldin NATO ittifoqchilari bilan muloqotdan ruhlanib chiqmoqchi”, - deydi Den Xamilton.

NATO sammitida Afg’onistonda yakunlanayotgan harbiy missiya sarhisob qilinadi. AQSh bu mamlakatdan harbiylarining taxminan yarmini olib chiqqan, qolgan qismi 11-sentabrgacha tark etishi kutilmoqda. NATO qo’shinlari ham chiqarilmoqda.

“Harbiy missiya tugashi ketidan NATOning Afg’onistondagi roli qanday bo’ladi degan savol qiziq”, - deydi tahlilchi Xamilton.

Xitoyning ekspansionist siyosati bilan bog’liq xavotirlar fonida NATO unga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirliklari va xususiy sektorni yangi texnologiyalar bo’yicha hamkorlik qilishga, demokratik mamlakatlar bilan, jumladan Hind-Tinch okeani mintaqasida sheriklikni kengaytirishga da’vat etmoqda.

“Bayden ma’muriyati AQShning Yevropadagi ittifoqchilari bilan hamkorligi ortida ulkan kuch borligini ko’rsatmoqchi. Biroq Rossiya va Xitoy bilan yuzlashish va jilovlashga kelganda, COVID va iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga kelganda transatlantika munosabatlarida hal etilmagan ko’p muammolar bor”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika kengashi” tahlil markazidan Mark Simakovskiy.

Yana bir tahlilchi, “Defense Priorities” (Mudofaaning ustuvor yo’nalishlari) tashkiloti ilmiy xodimi Den Depetrisning aytishicha, Bayden NATO o’tmishda muhokama qilishdan qochgan ayrim mavzular yuzasidan qiyin, ammo zarur muhokamalarga turtki berishi kerak.

“Masalan, a’zolikka doir ochiq eshiklar siyosatini qayta ko’rib chiqish va hatto yopish mavzusi bo’yicha. Chunki bunday siyosat foyda keltirmay, alyans resurslari va AQSh xavfsizlik majburiyatlarini quritmoqda”, - deydi Depetris.

NATO nizomining 10-moddasiga ko’ra, tashkilot a’zolarining bir ovozdan roziligi bilan har qanday mamlakat alyansga taklif etilishi mumkin. Ba’zilar nazarida, bunday yondashuv tashkiliy barqarorlikka yetaklaydi, ammo tanqidchilar nazarida, a’zolarning ko’payishi tashkilotni beso’naqay qilib, maqsadlariga erishishda halaqit bermoqda.

“Bayden Rossiya bilan munosabatlarga kelganda NATOning kelishmovchiliklarni hal qilish va muloqot mexanizmlarini kuchaytirishda yordam berishi kerak. Rossiyaning xulqini inkor etish yoki yolg’iz sanksiyalar bilan cheklanish mumkin emas”, - deydi Depetris.

Qo’shma Shtatlar NATO sammitida Ukraina va Gruziyani alyansga taklif qilish rejasini jonlantirishga harakat qiladi.

Vashingtondagi Brukings instituti tahlilchisi Maykl Oxanlon bu g’oyani yoqlamaydi. Uning aytishicha, bu Rossiya bilan urushga yetaklashi mumkin.

Baydenning NATO sammitidagi ishtiroki AQSh alyansdagi yetakchi rolini jonlantirishga ahd qilganini ko’rsatadi.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida, Bryusselda AQSh rahbariga ma’lum darajada shubha bilan qarayotganlar ham bo’ladi.

“Amerikadagi siyosiy jarayonlarga qarab ular Respublikachilar partiyasi kelajagidan xavotirga tushgan, Baydendan keyin nima bo’lishidan tashvishda. Ular ittifoqchilar, hamkorlar, AQShning NATOga sodiqligi, global liderlik haqidagi salbiy fikrlarning yana pand berishidan xavotirda”, - deydi Vashingtondagi yana bir tahlil instituti – Xalqaro va strategik izlanishlar markazi ilmiy xodimi Reychel Elxuus.

Oq uy bayonotida aytilishicha, Bayden Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan uchrashuv chog’ida global salomatlik xavfsizligini ta’minlash, dunyo iqtisodiyoti tiklanishini rag’batlantirish, iqlim o’zgarishiga qarshi kurash, raqamli va savdo hamkorlikni kengaytirish, demokratiyani kuchaytirish va tashqi siyosatga doir umumiy muammolar bilan shug’ullanish haqida gaplashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG