Breaking News

Avraam Linkoln xotirasi uchun yangi muzey ochildi


AQShning 16-prezidenti Avraam Linkoln Amerika xalqi uchun ulug’ siymodir.

Ammo, bu inson qoldirgan tarixiy meros uning o’zidan-da ulug’, deydi taniqli tarixchi Tom Shvarts:

"Linkoln olg’a surgan g’oyalar, uning ezgu maqsadlar yo’lidagi kurashi bizning hozirgi hayotimizda ham o’z aksini topmoqda. Bu Linkolnning abadiy ekanini bildiradi. Ana shu sifat Linkolnni nafaqat AQSh tarixi, balki jahon tarixida ham yuqori pog’onaga qo’yadi."

Amerika tarixidagi eng katta inqiroz Linkoln prezidentligi davrida bo’lgan. Bu tarix sahifalarida “Amerika fuqarolari urushi” deya eslanadi. Urushga Amerikaning konstitutsion ittifoqi va quldorlikka chek qo’yish ustidagi bahslar sabab bo’lgan. Linkoln nazarida bu demokratiya istiqboli uchun boshlangan jang edi.

"Linkoln bunga juda jiddiy yondashgan. Uning fikricha, Amerikaning demokratik hukumat sifatidagi tajribasi xavf ostida edi va u poy-mol etilishi mumkin edi. Shu bois Linkoln faqat ittifoq uchun emas, balki Amerikaning dunyodagi o’rni va ahamiyati uchun kurash olib borgan,"-deydi janob Shvarts.

Mutaxassis hozirda Illinoys shtatining Springfild shahrida joylashgan Avraam Linkoln prezidentligi kutubxonasining ilmiy xodimi. Yaqinda bu maskan qoshida sobiq prezident xotirasi uchun muzey ochildi.

"Biz muzeyda Linkoln hayoti va faoliyati haqida hikoya qilamiz. Shuningdek, odamlarga uning ko’p-qirrali shaxsiyatini o’rganish uchun imkon beramiz,"-deydi tarixchi.

Shu maqsadda, Linkoln kutubxonasi tadqiqotchilaridan biri Briyon Andrison muzey bo’ylab, “Linkolnni izlab” degan qator plakatlar osib chiqdi.

"Bu belgilar muzeyga tashrif buyurgan kishilarga shu maskanning Avraam Linkoln hayotligida qanday bo’lganini tasavvur qilishda yordam beradi,"-deydi u. "Baxitimizga 1858-59 yillarda bir suratkash eski binoning to’rt burchagidan turib, uning atrofini va ichkarisini suratga tushirgan. Biz bu nusxalardan foydalanib, manzarani qayta ishlab chiqdik."

Linkoln muzeyining bir qismi sobiq prezidentning eski uyi, boshqa bir qismi esa eski hukumat binosi. "Bu siyosiy va madaniy markaz edi,"- deydi janob Andrison unga ishora qilarkan. "Linkoln hayotiga suiqasd qilib, uni o’ldirishganidan keyin prezidentning jasadini Springfild shahriga olib kelib, ko’mishgan."

Linkolnning shu kutubxonada saqlanadigan nutqlari va qo’lyozmalari xalqaro maydonda ham chuqur tarixiy ahamiyatga ega bo’lib kelgan, deyishadi tarixchilar.

"Buyuk rus yozuvchisi Lev Tolstoy Linkolnni Isoga taqqoslagan, Maxatma Gandi Linkolnga ulug’ davlatparvar sifatida qaragan,"- deydi janob Shvarts. "Margaret Tetcher esa Avraam Linkolnning muxlisi bo’lgan. Janubiy Koreya, Yaponiya va Tayvanga borsangiz, maktab o’quvchilari Linkolnning “Gettisburg Murojaati” degan mashhur nutqini ingliz tilida yod olishayotganini ko’rasiz. Bu - Linkolnning so’zlari naqadar qudratli va abadiy ekanidan dalolat."

Linkoln 1865 yilda qotil o’qidan halok bo’lganida, uning yaqin bir safdoshi, “Endi u asrlar qa’riga yo’l oldi,” -degan edi. Yangi muzey o’zida ana shu qarashni mujassam etadi.

XS
SM
MD
LG