Breaking News

Amerika-arab aloqalari: qanday muammolar mavjud?


Bush ma'muriyatining arab dunyosining qalbiga yo'l topish harakatlari juda sekin samara bermoqda. Mart oyida, AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays arab dunyosida AQShga nisbatan salbiy tasavvurni o'zgartirish maqsadida Karen Xyuzni xalq diplomatiyasini boshqarishga nomzod etib ko'rsatgan edi. Biroq Karen Xyuzning nomzodi Kongressda Davlat kotibi o'rinbosarligi lavozimi uchun hali tasdiqdan o'tgani yo'q. U ish boshlaguncha bir necha oy o'tib ketadi.

Shunga qaramay, deydi AQSh Davlat departamentining vakili Jerald Feyerstayn, Bush ma'muriyati Arab dunyosi bilan aloqalarni xalq diplomatiyasi orqali yanada kengaytirmoqda.

"AQShni qancha ko'p odam tushunsa, u bilan qancha ko'p odam ish olib borsa, ularning AQSh va uning siyosati haqidagi tassavurlari va munosabatlari ham shunchalik ijobiy bo'ladi. Bunga mo'ljallangan dasturlarimiz ko'p," deydi u.

Janob Feyerstaynning aytishicha, AQSh dasturlari Amerikaga qarshi fikrlarni yengib chiqishda o'z samarasini beryapti. U AQSh va musulmon davlatlar o'rtasidagi talabalar almashinuvi dasturlarini misol qilib ko'rsatdi.

Bundan tashqari ijtimoiy so'rovlar natijasiga ko'ra, AQSh hukumati ochgan arab tilidagi sun'iy yo'ldosh orqali ko'rsatiladigan Al-Hurra telekanalining tomoshabini tobora kengaymoqda. Davlat departamenti, shuningdek, AQSh elchixonasi bo'lmagan joylarda Amerika haqida axborot beradigan kutubxonalar, Internetga kirish shoxobchalarini ochmoqda.

"Poytaxtdan uzoq va AQSh elchixonasi bo'lmagan hududlarda zamonaviy texnologiya ancha qo'l keladi. Chunki Amerika haqida ko'proq bilimga ega bo'lishni istagan odamlar zamonaviy texnologiya orqali okean orti mamlakatini o'rganadilar," deydi Jerald Feyerstayn.

Biroq ba'zi arab olimlari va jurnalistlarining fikricha, AQSh ham arab dunyosi haqida ko'proq bilimga ega bo'lsa yomon bo'lmas edi. Chunki, deydi ular, anti-amerikanizmning asosiy sababi Amerika qadriyatlarini bilmaslikka borib taqalmaydi.

Londonda chop etiladigan Al-Quds Al-Arabi gazetasining bosh muharriri Abdul Bari Atvan yaqinda Vashingtondagi Jorjtaun universitetida o'tkazilgan anjumanda ma'ruza qilib, shunday dedi:

"Arab diktatorlariga o'xshab ish yuritmang. Arab dunyosi bilan muloqot olib borish uchun axborot vositasi va jamoatchilik kampaniyasiga deyarli bir yarim milliard dollarlik sarmoya qilish shart emas. Muammo Amerikani tushunmaslikda emas. Biz faktlarni yaxshi bilamiz, muammo - tashqi siyosatda."

Janob Atvanning fikricha, arablarning aksariyati ham Amerikadagiday demokratik erkinlikka intiladilar. Biroq arablar AQSh hukumatiga ishonmaydilar. Bunga asosiy sabab, deydi Atvan, AQShning Isroilni to'la-to'kis qo'llab-quvvatlashida. Arablar bunga adolatsiz siyosat deya qarashadi. Yana bir sabab, AQShning Misr va Saudiya Arabistonidagi adolatsiz davlat rahbarlariga nisbatan hayrihohligida.

Arab davlatlari ligasining AQShdagi elchisi Hussayn Hassunaning fikricha, AQShning xalq diplomatiyasi arab dunyosi bilan putur yetgan aloqalarni tiklashda qo'l kelishi mumkin. Biroq, deydi u, amerikaliklar "AQSh dunyoda o'z hukmronligini o'rnatmoqchi" degan arablarning umumiy fikrini amalda o'zgartirishlari zarur.

"O'ylashimcha, ba'zida Qo'shma Shtatlar o'z yondashuvini o'zgartirmog'i, boshqalarning fikriga ham quloq bermog'i, muloqot o'rnatmog'i kerak. Do'q-po'pisa qilishdan, o'z fikriga qo'shilmagan boshqa davlatlarga nisbatan Kongress orqali cheklovlar kiritishdan o'zini tiyishi kerak."

Tanqidchilarning fikricha, AQSh-Arab muloqotiga birinchi navbatda AQShga borish yoki u yerda o'qish xohishi bor musulmonlarga nisbatan viza cheklanishlari to'sqinlik qilyapti. Arab va amerikalik tahlilchilar nazarida, kelajakda salbiy munosabatlarni o'zgartirishda odamlar o'rtasidagi aloqalar, ya'ni talabalar, olimlar va ishbilarmonlar o'rtasidagi aloqalarning roli katta bo'ladi.

Nada Murtada-Sabah Birlashgan Arab Amirliklaridagi Sharja shahrining Amerika Universitetida siyosatshunoslikdan dars beradi. Uning fikricha, AQShda demokratik tizimni yaqqol ko'rsatib beruvchi Linkoln xotira maydoni, Oliy sud binosi, AQSh hukumati idoralari kabi joylar Amerikaga tashrif buyuradigan talabalarda chuqur va muhim taassurot qoldiradilar.

Biroq shunga qaramay, o'tkazilgan ijtimoiy so'rovlarga ko'ra, arablarning aksariyati AQShga nisbatan hamon salbiy fikrda qolmoqda.

XS
SM
MD
LG