Breaking News

Immigratsiyaning AQSh iqtisodiyotiga ta'siri


Immigratsiya AQShda turli xil siyosiy munozaralarga sabab bo'lmoqda. Ayrimlar uni AQShga ortiqcha tashvish, deb hisoblashsa, boshqalar AQSh immigratsiyadan faqatgina foyda ko'radi, deydilar.

AQSh Menhat vazirligining axborotiga ko'ra, AQShdagi ikki millionlik dala ishchilarining deyarli yarmi noqonuniy muhojirlardir. Ularning arzon ishchi kuchi 30-milliard dollarlik AQSh ferma sanoatiga ko'p foyda keltiradi.

Umuman olganda, AQShda bugunga kelib 10 millionga yaqin noqonuniy muhojir bor. Den Grisvold Vashingtondagi Kato Tadqiqot Institutining savdo siyosatini o'rganish markazi direktori. Uning fikricha, bu muhojirlar amerikaliklar qo'l urmaydigan ishni bajaradilar.

"Immigrantlar asosan mehnat bozorida talab baland bo'lib, taklif past bo'lgan jabhalarga boradilar," deydi u. "Hunari past immigrantlar AQShga kelib, asosan ko'pchilik amerikaliklar hohlamaydigan ishlarni qiladilar - jazirama issiqda karam va ko'k terish, kechasi bilan do'konlarning pol va hojatxonalarini tozalash, qurilish va shunga o'xshash boshqa ishlar."

Mehnat bo'yicha iqtisodchilarning gapiga qaraganda, muhojirlarning AQShga kirib kelishi mahalliy iqtisodiyotga sanoat turlarining o'sishi va iste'molchilarga narxlarning past bo'lishini ta'minlaydigan omil hisoblanadi. Muhojirlar ishchi kuchining Amerika iqtisodiyotiga ahamiyati shu yilning boshida prezident Bushning maxsus murojaatida alohida ta'kidlab o'tilgan edi. O'sha murojaatda Amerikaga noqonuniy kelib qolgan muhojirlarga vaqtinchalik ishchi vizalarini berish haqidagi taklif olg'a surilgan edi. Biroq buning o'ziga yarasha salbiy tarafi ham bor, deydi Merilend universiteti professori Jim Gimpel.

"Noqonuniy muhojirlar ish haqi darajasini tushirib yuborgach, mahalliy ischilarning past maoshga ishlagisi kelmay, ular bu jabhadan siqib chiqardilar."

Ikkala partiya vakillarini o'z ichiga olgan va Kongress tomonidan tasdiqlangan immigratsiya qonunini isloh qilish komissiyasi shu xulosaga keldiki, AQSh iqtisodiyoti muhojirlar hisobiga foyda ko'rgani bilan, ular hunari va ma'lumoti pastroq amerikaliklarning ishini olib qo'ymoqdalar. Ular maoshlarni tushirib yuborayotgan muhojirlar bilan ish joyi uchun kurashishga majburlar.

Katta hajmdagi immigratsiya va asosan, noqonuniy immigratsiya, ularni ta'lim, sog'liqni saqlash va boshqa ijtimoiy xizmatlar bilan ta'minlayotgan shtat va mahalliy hukumatlarga ancha qimmatga tushyapti.

Tadqiqotchi Jon Vaxala kuchliroq immigratsion siyosatni olg'a suruvchi Vashingtondagi muhojirlikni o'rganish markazida ishlaydi. Uning aytishicha, bu qisqa muddatli harajatlarning hajmi aslida katta chunki hujjatsiz ishchilarning aksariyati kam maosh to'lanadigan ishda ishlaydi.

"O'rta miyona meksikalik o'rta ta'limga ham ega emas. Ularning kamida to'rtdan uch ana shunday," deydi Vaxala. "Shuning uchun boshi kam haq to'lanadigan ishdan chiqmaydi va natijada ular soliqni ham ko'p to'lamaydilar, aksincha davlat hisobiga ko'plab ijtimoiy xizmatlardan foydalanadi. Ular qo'shayotgan hissa ularga sarflanayotgan harajatdan kam."

Immigratsiyaning nafaqa va tibbiy yordam dasturlariga ta'siri ham katta bahslarga sabab bo'lmoqda. Muhojirlar yonini oluvchilarning fikricha, muhojirlardan yig'ilayotgan nafaqa to'lovi ularning o'z vataniga qaytib ketishi sabab, ularga to'lanmaydi va natijada davlat bundan foyda ko'radi.

Biroq professor Jim Gimpelning ogohlantirishicha, bu hol u darajada oddiy emas. Muhojirlar hisobiga olinayotgan to'lovni muhojirlar davlatdan olayotgan yordamga nisbatan taroziga qo'yib, xulosa qilish kerak, deydi u.

"Buni muvozanat yoki almashinuv sifatida ko'rish kerak. Ha, ular nafaqa hisobiga to'layotgan bo'lishlari mumkin, biroq ular davlat tibbiy xizmatlaridan foydalanishyaptimi? Ular uzoqqa ishga borib kelishlari uchun, mahalliy transport tizimiga qo'shimcha ish yuklashmayaptimi?"

1997 yili Umummamlakat tadqiqot kengashi muhojirlikning iqtisodiyotga umumiy ta'siri borasidagi izlanish natijalarini chop etgan edi. Immigratsiya xususida bahslashayotgan taraflar ham, ana shu izlanish ma'lumotlaridan foydalanadilar. Kengashning xulosasiga ko'ra, immigratsiyaning AQSh iqtisodiyotiga sof foydasi yiliga 10 milliard dollarni tashkil etarkan. Biroq shu paytning o'zida kengash bu raqamning AQShning umumiy 10 trillion dollarlik iqtisodiyotiga nisbatan kichikligini ham ta'kidlaydi. Bu degani, immigratsiya borasida bahs ketganda, iqtisodiyotdan tashqari boshqa omillarni ham nazarga olish kerak bo'ladi.

XS
SM
MD
LG