Breaking News

Pol Vulfovits Jahon bankidagi yangi lavozimiga kirishdi


Jahon bankining yangi rahbari, shaxsi ko'plab bahslarga sabab bo'lgan AQSh mudofaa vazirining sobiq o'rinbosari Pol Vulfovits shu kunlarda o'zining yangi ishini boshlab yubordi. Uni AQShning Iroqdagi urushining mualliflaridan biri deb ham atashadi. Uch oy burun yangi vazifaga prezident Bush tomonidan tayinlangan Vulfovits, uni dunyo bo'ylab nochorlikka qarshi kurashga nosoz odam va Amerikaning dunyoda yakkaxon siyosat yuritishi tarafdori deb atayotganlarning tanqidiga barham berishga astoydil bel bog'lagan.

"Men Jahon bankining vazifasi naqadar muhimligiga ishonaman," dedi Vulfovits. "Aks holda bu ishga kelmagan bo'lar edim. Yana shuni ta'kidlab o'tish kerakki, prezident Bush ham bankning vazifalarini muhim deb biladi. U qashshoqlikni kamaytirish tarafdori."

Jahon bankining yiliga zayom sifatida ajratayotgan 20 milliard dollarlik mablag'ining asosiy qismi dunyoning Afrika va Osiyo qit'alaridagi eng kambag'al davlatlarga beriladi.

Sobiq bank xodimi va hozirda Global taraqqiyot markazi degan notijoriy tashkilotning rahbari Nensi Birdsal, Vulfovits ishning uddasidan chiqa oladi, deydi. Biroq ko'plab boshqalar singari Nensi Birdsal ham Jahon bankiga 1944 yili asos solingandan beri unga faqatgina AQSh fuqarolari rahbarlik qilib kelayotganini tanqid ostiga oladi. Rahbarni tanlash jarayoniga esa undanda tanqidiy ko'z bilan qaraydi.

"Millatiku mayli-ya, lekin tanlov jarayoni ochiq emas-da. Jarayon Jahon bankining katta sondagi a'zolariga tushunarli va oydin emas. Jahon bankining asosiy mijozlari hisoblangan rivojlanayotgan mamlakatlardan yetarli darajada bosim yo'q."

Birdsal xonimning aytishicha, Vulfovitsning asosiy diqqati bank pulining samarali sarflanishiga qaratilishi kerak.

"Buning uchun Vulfovits bank ajratayotgan yordamni chetdan baholanishiga imkoniyat yaratishi zarur," deydi u. "Ayniqsa, yordamga muhtoj kambag'al Afrika mamlakatlarining taraqqiyoti uchun berilayotgan yordamni baholash uchun."

Asli avstraliyalik, biroq hozirda AQSh fuqarosi bo'lgan bankning sobiq prezidenti Jeyms Vulfenson samarali ish olib borgan bo'lsa-da, bankning qashshoqlikni kamaytirish borasidagi dasturlari muvaffaqiyat qozonmaganini tan oladi.

"Bu tinchlik masalasiga, xavfsizlik masalasiga borib taqaladi. Bu - ko'pchilik yetarlicha e'tibor qaratmayotgan yo'nalishdir," dedi sobiq rahbar.

Vulfovits kelasi besh yil davomida Jahon bankiga rahbarlik qiladi.

XS
SM
MD
LG