Breaking News

AQShning O'zbekistonga nisbatan siyosati va Andijondagi voqealar AQSh gazetalari nigohida


AQShning ayrim gazetalari bugungi sonlarida O'zbekistonga tegishli maqolalarni chop etdilar. Nufuzli Vashington Post gazetasining tahririy maqolasi "O'zbekiston bo'yicha qaror" deb nomlanib, Bush ma'muriyatini O'zbekistonga nisbatan aniq bir qaror chiqarishga da'vat etadi.

"O'zini musulmon dunyosida ozodlikni targ'ib etishga bag'ishlagan va xavfsizlik yo'lida hamkorlik evaziga repressiv diktatorlar bilan ittifoqda bo'lgan AQShning o'tmishdagi amaliyotini tanqid ostiga olgan prezident uchun javob osonday tuyulishi mumkin. Sovet Ittifoqi so'nggi Politbyurosining a'zosi janob Karimov ana shunday zolimning klassik misolidir."

Gazeta mamlakatda musulmonlarga qarshi tazyiq o'tkazib kelgan, siyosiy mahbuslarni qiynoqlarga solgan O'zbekistondagi tuzum bilan hamkorlik qilishning AQSh uchun uzoq muddatda salbiy oqibatlari bor, deb yozadi. "Chunki ertami-kech," deydi Vashington Post dagi maqola "Karimovning siyosati uning tuzumining yemirilishiga olib keladiā€¦va shunda o'zbekistonliklar diktatorlikni kim qo'llab-quvvatlaganini hali uzoq unutishmaydi."

Gazeta AQSh Mudofaa vazirligini O'zbekiston hukumatini Kongress yoki Davlat departamentining bosimidan saqlab kelayotganlikda aybladi. Hozirda Pentagon Qarshi yaqinidagi harbiy bazani uzoq muddatga olib qolish bo'yicha O'zbekiston hukumati bilan muzokaralar olib bormoqda. Pentagonning O'zbekiston bo'yicha bayonotlari Davlat departamenti, Oq uy yoki Kongressdagi yetakchi respublikachilarning bayonotlari bilan hamohang emasdir, deb yozadi Vashington Post.

Shu narsa ma'lumki, deydi gazeta, AQShning O'zbekistonga nisbatan siyosatining ko'rib chiqilishi turgan gap. Bunga yaqinda O'zbekistonga borgan uchta yetakchi respublikachi senatorlar da'vat etmoqda. Bundan tashqari, demokratik senator Patrik Lexi AQSh tomonidan harbiy tayyorgarlikdan o'tgan o'zbek Armiyasi qismlarining Andijondagi qonli to'qnashuvlarda qatnashganliklarini tekshirish maqsadida maxsus tergov o'tkazish kerak, degan taklif bilan chiqdi.

Gazetaning xulosasiga ko'ra, prezident Bush ikki yildan beri jar solayotgan demokratik doktrinasini amalga oshirmoqchimi yoki Pentagonga mazkur doktrinaga qarama-qarshi siyosat olib borishga ruxsat berishda davom etmoqchimi degan savolga O'zbekiston misoli yaxshi bir sinov bo'ladi.

Vashington Post ning Piter Fin qalamiga mansub shu kungi (8 iyun) sonida yana bir maqola Xyuman Rayts Votch inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotning Andijon voqealari bo'yicha qilgan hisoboti haqidadir. Ellikta guvoh bilan bo'lgan suhbatlarga asoslangan bu hisobotda Andijonda 12-14 may kunlari haloyiqqa qarata o'qni hukumat qo'shinlari otgan, deya xulosa qilinadi.

Maqolada, shuningdek, O'zbekiston hukumati Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi vakillarini Andijon voqealari natijasida yarador va undan keyin hibsga olinganlarning ahvolini bilish uchun shaharga hamon kiritmayapti, deyiladi. Gazetaning yozishicha, 63-varaqli hisobot guvohlar bilan suhbatlardan tashqari Andijonda uch kun mobaynida maxfiy axborot to'plagan Xyuman Rayts Votch ning vakili olib borgan izlanishi asosida yozilgan.

Nyu York Tayms gazetasi ham 8 iyungi sonida Xyuman Rayts Votch ning hisobotida to'xtatilb o'tdi. S. Chiverzning yozishicha, so'nggi haftalarda O'zbekiston hukumati mamlakatdagi qator G'arb tashkilotlariga nisbatan salbiy munosabat bildirib keldi. Jumladan, dushanba kuni Tinchlik Korpusi hukumat O'zbekistondagi ko'ngillilarga vizalarini yangilamagach, mamlakatdagi faoliyatini to'xtatib qo'yishi haqida e'lon qildi.

Strategik joylashuviga qaramay, iqtisodiy jihatdan rivojlanmayotgan O'zbekiston, deb yozadi Chivers, halokatli iqtisodiy siyosat, korrupsiya, klanlar hukmronligi va , shuningdek, ifoda etish, to'planish va vijdon erkinligining qattiq tazyiq ostiga olinishi natijasida turg'un holatga kelib qoldi.

XS
SM
MD
LG