Breaking News

O'zbekistonlik bokschi jahon chempioni bo'la olmadi


Shanba kuni Nyu Yorkda O'zbekistonning boks bo'yicha hozircha yagona olimpiya chempioni andijonlik Muhammadqodir Abdullaev o'zining professional boksdagi jahon chempionligi kamari uchun ilk jangiga chiqdi. Jang Nyu Yorkning mashhur Medison Skveyr Garden sport majmuida bo'lib o'tdi. G'alaba qozongan taqdirda, 5 yil ilgari professional boksga o'tgan Muhammadqodir Artur Grigoryandan keyin jahon chempioni bo'lgan ikkinchi o'zbekistonik bo'lar edi.

Biroq bu kecha Muhammadqodir o'z maqsadiga bu kecha erisha olmadi. So'nggi besh yil ichida professional boksda o'tkazilgan 23 jangda mag'lubiyat nimaligini bilmay kelgan raqibi, ayni paytda jahon chempioni 24 yoshli puerto-rikolik Migel Kotto bu safar ham g'alaba nashidasini surdi. So'nggi marta Kotto roppa-rosa besh yil burun Sidney Olimpiadasida aynan Muhammadqodirga yutqazgan edi. Bu safar u o'z o'chini olishga muvaffaq bo'ldi.

12 raundli jangning 9 raundiga kelib, zarbalar oqibatida o'ng ko'zining shishib ketishi Muhammadqodirga jangni davom ettirishga imkoniyat bermadi. Natijada texnik nokaut qayd etildi.

31 yoshli Muhammadqodirning professional boksda o'tkazilgan 18 jangida mag'lubiyatlar soni 2 taga yetdi. O'tgan yili sakkiz yillik hukmronlikdan so'ng o'z chempionlik kamarini AQShda boy berib qo'ygan va ayni paytda Abdullaevga murabbiylik qilayotgan afsonaviy bokschi Artur Grigoryan singari, Muhammadqodir uchun ham Amerika omadsiz bo'ldi.

XS
SM
MD
LG