Breaking News

BMT ning atom agentligi Eron bo'yicha hisobotini topshirishi kutilmoqda


BMT qoshidagi Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlikning Boshqaruv hay'ati Eronning yadro dasturini qayta ko'rib chiqish maqsadida bugun Venada o'zining yopiq majlisini o'tkazdi. Munozaralar bir hafta davom etishi kutilmoqda. Munozaralar, shuningdek, Shimoliy Koreyaning dasturi va yadro qurolini tarqatish hamda xavfsizlikka tegishli boshqa masalalarni ham o'z ichiga oladi.

MAGATE rahbari Muhammad al-Baradey Eronning uranni boyitishni to'xtatish bo'yicha majburiyatlari bajarilishining qay tarzdaligi borasida hay'atga axborot berdi. Hisobotning to'liq ko'rinishi hay'atga shu hafta ichida yuboriladi. Uning xulosasi Tehrondan 300 km narida joylashgan Natanz shaharchasidagi uranni boyitish majmuiga o'tgan haftada tashrif buyurgan xalqaro inspektorlar hisobotiga tayanib tayyorlangan.

Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya bilan o'tkazilgan muzokaralardan so'ng, Eron o'tgan yil noyabrida atom dasturining ko'plarning tashvishiga sabab bo'lgan qisminining bajarilishini to'xtatgan edi. Uranni boyitish ahdidan qaytgan taqdirda, Yevropa davlatlari Eronga katta iqtisodiy yordam va'da qilgan. Eron va'da qilinayotgan yordamning tafsilotlari iyul oxirida aniq bo'lgach, ularni ko'rib chiqib, o'z qarorini bildirishini ma'lum qilgan.

AQSh Eron atom dasturi orqali maxfiy tarzda yadro qurolini ishlab chiqarmoqchi, deb uni ayblab kelmoqda. MAGATE rahbari Muhammad al-Baradey ham Eronga nisbatan o'ta yumshoq munosabatda bo'lganlikda ayblanib, AQShning tanqidiga uchragan edi. Shu bois al-Baradeyning o'z lavozimiga uchinchi bor saylanishi shubha ostida edi. Biroq o'tgan haftada AQSh Davlat departamenti uning nomzodiga qarshi emasligini bildirgach, bugungi o'tkazilgan saylov jarayonida al-Baradey uchinchi muhlatga bir ovoz bilan saylandi.

XS
SM
MD
LG