Breaking News

Yevropa Ittifoqi rasmiysi Kristina Gallakning Andijon voqealari xususidagi intervyusi


Andijon voqealari sodir bo'lgandan beri Yevropa Ittifoqi kamida uchta bayonot chiqardi. Ularda Yevropa Ittifoqi Kengashi va Parlamenti O'zbekiston hukumatini Andijondagi qonli to'qnashuvlarni mustaqil ravishda tergov qilishga ruxsat berishni so'ragan. Yevropa Ittifoqi shu oy oxirigacha O'zbekiston hukumatiga tekshiruvga ruxsat berishi uchun muhlat bergan. Aks holda O'zbekistonga qarshi ba'zi sanksiyalar qo'llaniladi.

Andijon voqealari bo'yicha Yevropa Ittifoqining O'zbekistonga nisbatan pozitsiyasini Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar va havfsizlik bo'yicha Bosh komissari hamda NATO ning sobiq Bosh kotibi Xavyer Solananing matbuot kotibi, Kristina Gallak (Cristina Gallach) Amerika Ovozining O'zbek xizmati bilan bo'lgan telefon-suhbatda bildirdi.

Amerika Ovozi: Gallak xonim, dasturimizga xush kelibsiz. Aytingchi, Yevropa Ittifoqida hozirda O'zbekistonda sodir etilgan Andijon voqealariga nisbatan kayfiyat qanday?

Kristina Gallak: Yevropa Ittifoqidagi kayfiyat yaxshi emas. Biz O'zbekiston hukumatining bu voqealar bo'yicha mustaqil xalqaro tergovning olib borilishidan hali ham bosh tortayotganidan mamnun emasmiz. Voqealarning tafsilotlari biz uchun hali ham qorong'u. Namoyishchilarga o't ochishga buyruq bergan odamning ham shaxsini aniqlay olganimizcha yo'q. Ko'plab jabr-diydalarning voqealardan keyingi taqdirini ham bilmaymiz. Bularning hammasiga oydinlik kiritmoq zarur.

Amerika Ovozi: Gallak xonim, Andijon voqealariga o'xshash vaziyat bilan Yevropa Ittifoqi yuzlashganmi ilgari? Agar yuzlashgan bo'lsa, Ittifoqning roli qanday bo'lgan va aralashuvining natijasi qanday bo'lgan?

Kristina Gallak: Menimcha, Andijonda sodir etilgan voqealarni boshqa voqealar bilan solishtirib bo'lmaydi. Biroq dunyoda tuzumning ko'chaga chiqqan yuzlab odamlarga qarshi ayovsiz munosabatda bo'lganligiga bir necha bor guvoh bo'lganmiz. Hozirda esa ko'plab savol tug'dirgan vaziyatga duch kelib turibmiz, chunki guvohlar bilan suhbatlashish imkoniyatimiz bo'lmadi. Shuning uchun ham mustaqil tekshiruv o'tkazilishi juda muhim.

Amerika Ovozi: Xabaringiz bor, Yevropa Ittifoqi oy oxirigacha muhlat bergan. Mabodo O'zbekiston hukumati muhlatdan so'ng ham tekshiruvga rozilik bermasachi?

Kristina Gallak: Biz tergovni o'tkazish borasida O'zbekiston hukumatining ijobiy javobini olish ushun juda qattiq urinyapmiz. Biroq hukumat biz kutgan asnoda javob qaytarmasa, u holda, o'ylaymanki, nafaqat biz, va hattoki butun xalqaro hamjamiyat tomonidan ham o'ziga nisbatan salbiy oqibatlarga guvoh bo'ladi. Bir-ikki haftadan so'ng Yevropa Ittifoqining barcha vazirlari vaziyatni qayta tekshirish maqsadida uchrashadilar. Albatta, hozircha qo'llanilishi mumkin bo'lgan choralar haqida gapirish erta, chunki muhlat oxiriga hali yetgani yo'q. Lekin shuni ta'kidlab o'tishim kerakki, biz turli xil bosim vositalariga egamiz.

Bilazismi, bizning O'zbekiston bilan aloqalarimiz bor. Va bu aloqalar sheriklik va hamkorlik shartnomasi asosida mavjud. Agar hamkor tomonning biri, ya'ni bu vaziyatda O'zbekiston, aksariyat hamkorlar qilinishi kerak deb hisoblagan masala bo'yicha, ya'ni vaziyatni chuqurroq o'rganish borasida hamkorlik qilmasa, qanday qilib biz bu aloqalarni "sheriklik" deb atay olamiz? Hozirda biz O'zbekiston hukumatiga gaplarimiz yanada aniqroq bo'lishi uchun bevosita o'zimiz yoki boshqa xalqaro tashkilotlar orqali qo'llanilishi mumkin bo'lgan vositalarni ko'zdan kechiryapmiz.

Amerika Ovozi: Mabodo O'zbekiston hukumati xalqaro tekshiruvning o'tkazilishiga rozi bo'lsa, u holda tekshiruv qanday o'tadi?

Kristina Gallak: Biz tergovning jahonning o'sha burchagida muhim rol o'ynayotgan xalqaro tashkilotlar doirasida o'tkazilishini juda istar edik. Hayolimizga birinchi navbatda bu ishlarda katta tajribaga ega Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti keladi. Yoki bo'lmasa, ana shunday vaziyatlarda faol ishtirok etgan, nufuzli nodavlat tashkilotlar. Insonparvarlik tashkilotlariga ham alohida rol ajratilishi kerak. Agar hukumat tekshiruvga yo'l bersa, biz bu harakatlarni qo'llab-quvvatlashga tayyormiz.

Amerika Ovozi: Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar va havfsizlik bo'yicha Bosh komissari Xavyer Solananing inson huquqlari bo'yicha shaxsiy vakili Maykl Matissen iyun oyida O'zbekistonga safar qilmoqchi bo'lgan, biroq O'zbekiston hukumati unga mamlakatga kirish vizasini bermagan.

Kristina Gallak: Bryusseldagi O'zbekiston elchixonasidan biz rad javobini olganmiz. Hozir, umuman, O'zbekiston hukumati xalqaro hamjamiyat vakillarining O'zbekistonga borishlari uchun ehtiyoj ko'rmayapti. Chunki bizdan boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ham O'zbekistonga bora olmayaptilar. Bu biz uchun umuman noma'quldir. Hamkorlik shartnomasi bo'yicha O'zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o'rtasida sheriklik bor ekan, biz bunday munosabatni noma'qul deb, hisoblaymiz. Shuning uchun ham janob Xavyer Solananing bu holdan qanchalar ranjigani aniq qilib bitilgan xat prezident Karimovga yuborildi. Biz Janob Matissenning O'zbekistonga kiritilmasligini hazm qila olmaymiz.

Amerika Ovozi: Janob Solananing xatiga prezident Karimovdan javob keldimi?

Kristina Gallak: Afsuski, hozircha hech qanday javob olganimiz yo'q. Xatimizning olinganligiga shubha qilmasa ham bo'ladi, chunki xat Karimovga shaxsan topshirilgan. Bundan tashqari xatning ma'nosi diplomatik kanallar hamda matbuot orqali ham berilgan. Biroq hukumat o'z qarorini hali o'zgartiradi, deb umid qilamiz. Chunki hech narsa bo'lmaganday uzoq yurish mumkin emas.

Amerika Ovozi: Xabaringiz bor, O'zbekiston parlamenti o'zining tergovini olib bormoqda, shuning o'zi kifoya qilmaydimi?

Kristina Gallak: Biz ichki tergovning o'tkazilishini ijobiy fikr deb bildik. Biroq xalqaro hamjamiyatga ham ana shunday imkoniyat yaratib berilishi kerak. Chunki hozirgi vaziyatda, voqea sodir etilgandan ancha vaqt o'tgach, turli xil aybnomalar qo'yilganidan so'ng, O'zbekiston hukumati yoki parlamentining ham tekshiruvi yetarli va ishonchga sazovor bo'lishi qiyin va xalqaro talablarga javob bermasligi mumkin. Lekin ichki maqsadlar uchun bu tergovning o'tkazilishi yaxshi fikr. Sodir bo'lgan hodisalardan qancha ko'p vaqt o'tsa, hodisalarning tafsilotlarini aniqlash shuncha qiyin bo'ladi.

Agar namoyishchilarga qarshi ko'rilgan choralar, O'zbekiston hukumati nazarida, to'g'ri choralar bo'lsa, u holda xalqaro tekshiruvdan cho'chishning aslo hojati yo'q. Agar hukumat hech narsani yashirmayotgan bo'lsa, hech narsadan tashvishda bo'lmasa, u holda xalqaro tekshiruvdan gumonsirashining ham keragi yo'q.

XS
SM
MD
LG