Breaking News

O'zbekiston Nyu York Tayms va Vashington Post nigohida


Shu haftada AQShning markaziy gazetalarida O'zbekiston haqida yangi maqolalar chiqdi. "Vashington Post" gazetasining 13 iyulgi sonidagi maqola "Markaziy Osiyoda Sovuq Urush raqobatchiligi tiklanmoqda" deb nomlanadi. Unga ko'ra, oy oxirigacha AQSh prezidenti Jorj Bush ma'muriyatining vakili O'zbekistonga tashrif buyurib, prezident Karimovni Andijondagi voqealar borasida mustaqil tergovning o'tkazilishga undashga harakat qilib ko'radi.

Gazetaning ayrim manbalarga tayanib yozishicha, undan oldin prezident Bushning o'zi Karimov bilan telefon orqali bog'lanishi mumkin. Ayrim AQSh rasmiylarining gazetaga bergan ma'lumotiga ko'ra, uchrashuv AQSh kutganidek natija bermasa, O'zbekiston Gruziya, Ukraina yoki Qirg'iziston taqdiriga uchrashi mumkin.

"Vashington Post" ning yozishicha, Bush ma'muriyatida hozircha ana shu rejalar ishlanib chiqmoqda. Chunki AQSh O'zbekistonning Rossiya va Xitoyga yuz tutganidan hamda Xonoboddagi bazani yo'qotishdan xavotirda. Bu borada, deb yozadi gazeta, ahvol Sovuq Urush davridagi raqobatni eslatadi.

"Vashington Post" dagi maqolada AQSh Yevropa davlatlarining O'zbekiston hukumatiga qarshi ko'rishi kerak bo'lgan choralariga, ya'ni qurol sotishni to'xtatish va hukumat vakillariga kirish vizalarini bermaslik choralariga qo'shilgani yo'q, deyiladi. AQSh rasmiylarining gazetaga aytishicha, Karimovni siquvga olish - hamkorlikka erishishning eng samarali yo'li emasdir.

AQShning boshqa bir nufuzli gazetasi, Nyu York Taymsning 12 iyul kuni bosib chiqargan maqolasida Andijon voqealaridan keyin AQShning O'zbekiston bilan harbiy hamkorlik qilish ehtiyoji tahlil qilinadi.

AQShda ba'zilar boshqa davlatlarga harbiy yordam ko'rsatish uzoq muddatda o'zining ijobiy samarasini beradi, deb Gruziyani misol qilib ko'rsatmoqdalar, deb yozadi gazeta. Gruziyada Shevardnadze hokimiyatiga qarshi namoyishlar uyushtirilganda armiya o'z xalqiga qarata o't ochmagan. Gazetaga intervyu bergan Jorj Marshall nomidagi xavfzilikni o'rganish Yevropa markazining dekani polkovnik Tomas Vilgelm Qirg'izistonni ham misol qilib ko'rsatdi.

Biroq, deb yozadi Nyu York Tayms, Andijondagi voqealar ana shu qarashga qarshi fikrni ham o'rtaga tashladi - ya'ni harbiy hamkorlik doim ham ijobiylikka olib kelmaydi. Gazetaning ba'zi manbalar va Andijon xunrezligidan omon qolgan guvohlarning ma'lumotlariga tayanib yozishicha, Andijonda xaloyiqni o'qqa tutishda AQSh harbiy yordamini olgan va AQSh mutaxassislari tomonidan tayyorgarlikdan o'tgan O'zbekiston ichki ishlar vazirligi qo'shinlari va boshqa xizmat qo'shinlari ishtirok etganlar.

Bu hol Bush ma'muriyatiga demokratlashtirish bilan terrorga qarshi urush o'rtasidagi rolidagi muvozanatni topishdek qiyin vazifani yuklaydi, deb yozadi gazeta siyosatchilar orasidagi AQShning harbiy yordamidan kelib chiqayotgan ikkilamchi oqibatlarni izohlab.

Harbiy yordam tarafdorlarining fikricha, deb yozadi Nyu York Tayms, ular o'zlarining boshqa mamlakatlar harbiylari bilan hamkorligi orqali, ularning dunyoqarashini va siyosiy ongini o'zgartirishga umid bog'laganliklarini aytdilar. So'nggi yillarda jami 100 dan ortiq O'zbekiston armiyasi va xavfsizlik kuchlari ofitserlari AQSh ko'magida tayyorgarlikdan o'tgan.

Gazeta bilan suhbatda bo'lgan Jeymstaun siyosatshunoslik jamg'armasining (Jamestown Foundation) prezidenti Glen Xovard, O'zbekistondagi xavfsizlik kuchlariga G'arb o'z ta'sirini o'tkazishi kerak, shuning uchun O'zbekistonni yakkalatib bo'lmaydi, aks holda u inson huquqlarini himoya qilishni Rossiyadan o'rganadi, dedi.

XS
SM
MD
LG