Breaking News

AQSh O'zbekistonga nisbatan siyosatini hali beri o'zgartirmaydigan ko'rinadi


AQSh rasmiylariga ko’ra, O’zbekiston hukumati Andijondagi mudhish voqealar bo’yicha tekshiruv o’tkazish chaqiruvlariga ijobiy javob bermasa, AQShning bu mamlakatga beradigan bevosita yordami kamaytirilishi mumkin. Ammo ularning fikricha, bu masala bo’yicha ikki mamlakat orasida undanda oldinroq adovat uyg’onishi mumkin, degan xavotirga o’rin yo’q.

Andijonda O’zbekistonning xavfsizlik kuchlari tominidan tinch aholi o’qqa tutilgani borasida xalqaro tergov o’tkazishni AQSh va boshqalar, jumladan Yevropa Ittifoqi va Yevropada Havfsizlik va Hamkorlik tashkiloti undab kelmoqda.

Prezident Islom Karimovning hukumati bosimlarga qarshilik ko’rsatib kelar ekan, Vashington Post gazetasining yozishicha, Bush ma’muriyati unga eng oxirgi ogohlantiruv berishga tayyorgarlik ko’rib, aks holda hukumat siyosiy inqirozga yuz tutadi, deb aytmoqda.

ASQh Davlat departamenti vakili Tomas Keysi matbuot konferentsiyasida so’zlar ekan, AQSh o’z tashvishlarini O’zbekistonning eng yuqori mansabdor shaxslariga bildirayotganini va bu ishni davom ettirishini bildirdi. Ammo O’zbekistonga nisbatan AQSh siyosati yaqin orada o’zgarishi mumkinligi haqida ma’lumot yo’qligini aytdi.

Shu bilan birga, AQSh vakilining aytishicha, agar O’zbekiston unga inson huquqlari bo’yicha qo’yilgan talablarga javob bera olmasa, AQShning bu mamlakatga beradigan bevosita yordami bu yil ham qisqartirilishi mumkin.

- O’zbekistonga yordam berish uchun, mamlakat biz joriy etgan maxsus certifikatsiyadan o’tishi kerak, deydi Keysi. O’tgan yili biz O’zbekistonda inson huquqlari ahvoli yetarlicha yaxshilanmadi degan qarorga kelib, AQSh unga faqatgina qisman yordam yubordi. Ushbu yilda biz hali bu masala boyicha bir qarorga kelganimiz yo’q, ammo O’zbekiston hukumatining javobi qarorimizga o’z ta’sirini o’tkazadi albatta.

AQSh O’zbekiston uchun bu yili ajratgan 60 million dollarning uchdan-bir qismi hozircha ushlab turilib, Kongress oldida inson huquqlari bo’yicha sertifikatsiyadan o’tishi kutilmoqda.

Ismini yashirgan bir Davlat departamenti xodimiga ko’ra, Andijon voqealari bo’yicha tekshiruv masalasi o’z nihoyasiga yetmaguncha, O’zbekistonga yordam to’liqligicha berilishi amri-mahol.

Davlat departamenti vakili Tomas Keysining aytishicha, ochiq tekshiruv o’tkazish va javobgarlik nafaqat xalqaro hamjamiyatga kerak, balki O’zbekistonning kelajakdagi barqarorligi, taraqqiyoti va dunyoning boshqa mamlakatlari bilan munosabatlari yo’lidagi manfaatlarga ham javob beradi.

XS
SM
MD
LG