Breaking News

Prezident Bush AQShning Iroqdagi siyosati tarafdorlarining sonini oshirishga umid bog'lamoqda


AQSh prezidenti Jorj Bush amerikalik askarlar chet-elda jang qilish orqali o'z vatanlaridagi xavfsizlikni ta'minlamoqdalar, deb o'z xalqini ishontirmoqchi. Bu bilan prezident amerikaliklar orasida Iroqdagi urushga nisbatan susaygan ijtimoiy hayrihohlikni qayta tiklashga umid bog'lamoqda. Amerika ovozining Oq uydagi muxbiri Skot Sternsning xabar qilishicha, prezidentga muxolifatda bo'lgan demokratlar Iroqdagi urushga bo'lgan bu kabi munosabat yanada ko'proq amerikalik askarlarning qurbon bo'lishiga sabab bo'ladi, demoqdalar.

Prezident Bushning aytishicha, chet-elda jang qilish vatandagi tinchlikka poydevor qo'yish, demakdir.

"Askarlarimiz shuni yaxshi biladilarki, ular Iroq, Afg'oniston yoki boshqa joyda jang qilish orqali o'z yurtdoshlarini yovuz dushmandan saqlab qolmoqdalar," dedi Bush. "Agar ana shu yovuz dushman bilan chet-elda olishmasak, ular bilan bir kun kelib o'z shaharlarimizda va ko'chalarimizda olishishga to'g'ri kelishini ham yaxshi tushunishadi."

Kelayotgan haftada prezident bir necha joyda ma'ruza qiladi. Ulardan maqsad - ijtimoiy so'rovlarga ko'ra 40 foizdan pastga tushib ketgan amerikaliklarning urushning olib borilishiga hayrihohliklarini tiklash.

Bir necha shtatga tashrif buyurgandan so'ng, u yana Texasdagi ranchosiga qaytadi. U yerda Iroqda o'g'lini yo'qotgan ayol uyushtirgan urushga qarshi noroziliklar haligacha davom etmoqda. O'zining haftalik radio murojaatida prezident Bush rancho tashqarisidagi namoyishlar haqida hech narsa demadi. Biroq Iroqdagi janglarda halok bo'lgan ikki mingga yaqin askarlarni xotirlamay o'tmadi.

"Biz bu qahramonlardan qarzdormiz. Ularning oilalariga o'z minnatdorchiligimizni va hamdardligimizni bildiramiz," dedi AQSh prezidenti. "Boshlab qo'ygan vazifani nihoyasiga yetkazishimiz kerak. Chunki askarlarimiz bu yo'lda jon berganlar va vazifani tugatish orqali ularning qurbonliklarini e'zozlagan bo'lamiz."

Radio orqali murojaat etarkan, Jorjiya shtatining sobiq senatori demokrat Maks Klilend prezidentning muvaffaqiyatlarni muddatidan ilgari bo'rttirib ko'rsatishi hamda asosiy jang yakunlaganini aytishini noto'g'ri deydi. Klilendning ta'kidlashicha, Iroq hali beri xavfdan xalos bo'lgani yo'q, chunki AQSh buning uchun u yerda yetarli miqdordagi qo'shinlarga ega emas.

"Vaqtimiz oz qolmoqda. Yo Iroqdagi urushda g'olib bo'lish uchun strategiya kerak, yo u yerni tark etish uchun. Ayni paytdagi yo'nalish bizni halokatga eltaydi," dedi senator Klilend.

Vyetnamdagi urushda bir qo'li va ikki oyog'ini yo'qotgan senator Klilend, urushning askarlarga hamda mamlakatga zararini o'z ko'zi bilan ko'rganligini aytdi.

"Haqiqatga yuz tutish vaqti keldi. Vyetnamdagi urushdan shu narsani xulosa qildimki, askarlarni qo'llab-quvvatlashning eng yaxshi yo'li - urushda g'alaba qozonish uchun ularga qo'shimcha askarlarni hamda kerakli qurol va jihozlarni berish yoki ularni asrab qolish uchun, mamlakatga tezroq qaytarish."

Prezident Bush esa, qo'shinlarni Iroqdan olib chiqishga hozirdan muhlat belgilash, AQShning zaifligini ko'rsatishdir, demoqda.

XS
SM
MD
LG