Breaking News

Andijon voqealari bo'yicha sud O'zbekistonda 20 sentyabrda boshlanadi


Bo'lib o'tgan matbuot brifingida Qo'shma Shtatlar yana bir bor O'zbekiston hukumatini Andijon voqealari bo'yicha xalqaro tergovning o'tkazilishiga ruxsat berishga chaqirdi. Olingan ma'lumotlarga ko'ra, otishmalar bo'yicha sud jarayoni O'zbekistonda 20 sentyabrda boshlanadi.

O'zbekiston hukumati bilan xalqaro tashkilotlar hamda inson huquqlarini himoya qiluvchi mahalliy tashkilotlarning otishmalar qurbonlarining soni bo'yicha bergan ma'lumotlari bir-biridan farq qiladi. Rasmiylar islomiy kuchlar ishtirok etgan deb ishongan tartibsizliklarda 200 ga yaqin odamlar o'ldirilgan desa, boshqa tomon 13 mayda hukumat qo'shinlarining namoyishchilarga qarata o't ochishi natijasida 750 ka yaqin fuqarolar halok bo'lgan, deb kelmoqda.

Haqiqatni topish maqsadida Qo'shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi sodir etilgan voqealarni xalqaro mutaxassislar tergov qilishi kerak, deb O'zbekiston hukumatiga murojaat qilib kelgan. Biroq bu talabga qarshilik ko'rsatib kelgan prezident Karimov mahalliy sharoitlarda o'tkazilgan tergovlarning yakunlanganini va sud o'z ishini 20 sentyabrda boshlashini chorshanba kuni bildirdi.

Hozircha sudga necha kishining ayblanuvchi sifatida chiqishi noma'lum, biroq prezident Karimov nazarida sud Andijon voqealari to'g'risidagi haqiqatni oshkor qiladi.

Bunga javoban, chorshanba kuni Davlat departamentining rasmiy vakili Shon Makkormak, AQSh bu borada mustaqil tergov o'tkazish bo'yicha o'z pozitsiyasini o'zgartirmaganini bildirdi.

Shon Makkormak: "Biz O'zbekiston hukumatiga tergovga xalqaro guruhning jalb etilishi, Andijonda nima sodir etilganini tergov qilayotganda ochiq bo'lishi hamda halqaro tergovning o'tkazilishiga yo'l berishi kerakligi haqida aniq qilib aytganmiz. Bundan tashqari Davlat kotibi Rays O'zbekistondagi siyosiy islohotlarga ehtiyoj haqida ham gapirib kelgan. Oddiy qilib aytganda, O'zbekiston hukumati o'z xalqiga ishona bilishi kerak."

Yaqin o'tmishgacha mustahkam bo'lgan o'zaro aloqalar ikki mamlakat o'rtasida yomonlashdi. O'zbekiston hukumatini g'azabga solgan yana bir hol, AQShning qonli voqealardan so'ng, Qirg'izistonga qochib o'tgan andijonliklarning Yevropaga ko'chirilishida Yevropa Ittifoqiga bergan madadi bo'ldi. O'zbek hukumati nazarida, Qirg'izistonga qochib o'tganlarning hammasi Andijon voqealarining asosiy tashkilotchilaridir.

Qo'shma Shtatlar O'zbekiston hukumatining talabiga ko'ra, Yangi yilgacha Xonoboddagi aviabazani tark etishi lozim. O'z navbatida AQSh ham O'zbekiston uchun mo'ljallangan 22-million dollarlik yordam pulini mamlakatda inson huquqlari hamon poy-mol etilayotgani sabab, bermay turibdi.

XS
SM
MD
LG