Breaking News

AQSh hukumati Katrina jabrdiydalariga 52 milliard dollar ajratdi


Senatdagi Respublikachilar yetakchisi Bill Frist, president Bush bilan uchrashuvidan so’ng, ajratilgan ko’makning qanchalik muhimlgi haqida to’xtalib o’tdi.

- Ko’mak haqidagi ushbu qonun loyihasi juda kerakli vaqtda qabul qilindi. U oxirgi 100 yil ichida ro’y bergan eng dahshatli tabiiy ofat asoratlariga bo’lgan e’tiborni ko’rsatadi, dedi senator Frist.

Ko’rilgan zararni qoplash va tiklanish uchun, 200 milliard dollargacha pul kerak bo’lishi aytilmoqda. Shu sabab, Oq Uy keyingi bir necha hafta davomida qo’shimcha mablag’ so’ramoqchi. Ko’rilayotgan choralarning sekinligi yuzasidan Bush rahbariyati tomon ko’plab tanqidlar yog’ilyapti. Bushning ta’kidlashicha, u tanqidlarga javob berish bilan emas, balki jabrdiydalarga yordam ko’rsatish bilan ovora.

Har bir oilaga, oziq-ovqat va kiyim-kechak uchun, shoshilinch yordam sifatida hozicha 2,000 dollardan ajratilgan. Hukumatdan bundanda ko’proq yordam olish uchun, ko’pchilikning shaxsini tasdiqlovchi hujjati yo’q. Ammo Bushning aytishicha, endilikda bu singari talablar bekor qilinadi.

- Oldinda ishlar ko’p, ammo to’fondan zarar ko’rganlar bilib qo’ysin-ki, hukumat ularni oxirigacha qo’llab-quvvatlaydi. Maqsad faqatgina yordam berish emas, balki uning odamlarga yetib borishini ham osonlashtirish.

Hozircha 400 mingdan ziyod oila, hukumatdan yordam olish uchun qayddan o’tgan. Bush boshqa oilalarni ham ro’yxatdan o’tishga chaqirmoqda.

Ko’makning sustligi va tartibsizligi borasida Vashingtonda siyosiy tortishuvlar kuchayib bormoqda. Ma’lumki, to’fon kelishidan oldin ham, Amerika xalqi prezident Bushdan Iroqdagi urush va o’sib borayotgan yonilg’i narxlari sabab norozi edi. Endilikda, deyishadi kuzatuvchilar, norozilik yanada kuchayishi mumkin. Ko’makning sekinligi yuzasidan unga qo’yilayotgan ayblovlarga Bush quyidagicha javob beradi:

- Menimcha, kim aybsiz-u, kim aybdorligi haqidagi tortishuvlar katta o’yinga aylanib ketyapti. Vaholanki, oldimizda yechimini kutayotgan ancha muammolar turibdi. Ko’mak jarayonida nima to’g’ri-yu, nima noto’g’ri qilinganini aniqlashga hali vaqt bo’ladi, hozir esa, deydi Bush, odamlarga yordam berish kerak.

Respublikachilar va demokratlarning fikricha, voqeada aslida, ham federal, ham shtat, ham mahalliy agentliklarni teng ravishda ayblasa bo’ladi. Tahlilchilar nazarida, ushbu tortishuvlar yaqin kelajakda, prezident Bush qo’lga kiritgan siyosiy yutuqlarga salbiy ta’sir o’tkazmay qo’ymaydi. Shu bilan birga, ko’pgina kuzatuvchilarning ogohlantirishicha, muxolifatchi demokratlar mavzuni siyosiy masalaga aylantirmasligi kerak.

XS
SM
MD
LG