Breaking News

AQSh-Rossiya aloqalari tobora salbiylashmoqda


Tahlilchi va mutaxassislarga quloq solinsa, AQSh-Rossiya aloqalari tobora salbiylashmoqda. Ularning fikricha, Rossiyaning tarixiy ta'siri ostidagi hududlarga AQShning aralashuvi rasmiy Moskvani Vashingtonning siyosatiga qarshi siyosat o'tkazishga majbur qilmoqda. Bu esa o'z navbatida amerikalik siyosatchilarga Putinni avtoritar boshqaruv uslubiga tobora o'gayotganlikda ayblashga imkoniyat bermoqda, deydi tahlilchilar. Shuning uchun ham har ikkala tarafdan chiqayotgan so'zlar va ohanglar munosabatlarning taranglashganini namoyon qilib turibdi.

Konservativ siyosatni qo'llab-quvvatlaydigan va bosh idorasi Vashingtonda joylashgan "Heritage" ilmiy-tadqiqot institutining Moskvadagi sho'basi rahbari Yevgeniy Volkning aytishicha, ana shu taranglik Vashingtondagi uchrashuvda o'z aksini topadi.

Yevgeniy Volk: "Putin Bushga bezovta bo'lmaslikni, Rossiya o'z yo'lidan ketayotganligini, milliy manfaatlarini himoya qilayotganligini va Rossiyadagi demokratiyani G'arb andozalariga qarab o'lchash mumkin emasligini, Rossiyaning o'z taraqqiyot yo'li, sobiq Sovet hududida o'z milliy manfaatlari borligini hamda siyosiy va iqtisodiy manfaatlarni himoya qilish kerakligini uqtiradi. Mening fikrimcha, Amerikani bu so'zlar bilan ishontirib bo'lmaydi, chunki u o'z manfaatlariga egadir. Shuning uchun Rossiya bilan Amerika o'rtasida hosil bo'lgan jarlikka ko'prik tushirish uchun vositalar ko'p emas.

Janob Volkning aytishicha, jarlikning hajmi Iroqdagi urushga nisbatan qarama-qarshiliklardan tortib Eronning yadro dasturiga nisbatan fikrlarning o'zgacha bo'lishigacha bog'liq. Uning ta'kidlashicha, AQSh bilan aloqalar sovigan bir paytda sharqiy qo'shnisi bilan yaqinda harbiy mashg'ulotlar o'tkazgan Rossiyaning Xitoy bilan aloqalarni kuchaytirayotganligi ham ikki mamlakat o'rtasidagi taranglikning kuchayishiga ortiqcha sabab bo'lmoqda.

Yana bir muammo shundaki, deydi Yevgeniy Volk, Rossiya Sovet Ittifoqi paytidagidek jahon siyosatida kattaroq rol o'ynashga intilmoqda.

Yevgeniy Volk: "Moskvadagi dunyoqarash hali ham "Rossiya Sovet Ittifoqining tabiiy vorisi va, demakki, u xalqaro aloqalarda AQSh bilan teppa-teng va mustaqil siyosat olib boradigan qudratli davlat" degan tushunchaga asoslangan.

Moskvadagi AQSh-Kanada instituti direktorining muovini Viktor Kremenyukning so'zlariga qaraganda, Rossiyani qattiq ranjitayotgan hol sobiq Sovet Ittifoqidagi ta'sirining asta-sekin qo'ldan boy berayotgani bo'lmoqda. Sovet davrida hokimiyatga kelgan Gruziya, Ukraina va Qirg'izistondagi rahbarlarning rangli inqiloblar oqibatida chetlashtirlishi hamda bu mamlakatlardagi yangi rahbarlarning demokratik islohotlar va G'arbga qaratilgan iqtisodiy tamoyillarni tatbiq etishlari haqidagi chaqiriqlari ana shundan nishonadir. Vladimir Putin esa, deydi Kremenyuk, yangi voqeliklar talabiga tez moslasha olmasdan, vaziyatga an'anaviy Sovet pozitsiyasidan yondasha boshladi.

Viktor Kremenyuk: "Men, janob Putinning sobiq Sovet hududida AQSh bilan hamkorlik qilishga ruhan tayyor ekanligiga shubha qilaman. Biroq bu hamkorlikdan har ikkala taraf manfaat ko'rgan bo'lardi. Ikki davlat ularga teng muhim bo'lgan Kaspiy dengizi bo'yicha yoki har ikkalasi uchun ham strategik ahamiyatga ega Ukraina bo'yicha yoki Markaziy Osiyo bo'yicha birgalikda hamkorlik qilsa bo'lardi. Biroq Sovuq urush davridagi fikrlashning qudrati hali ham hamkorlik qilish g'oyasidan ustun turmoqda.

Tahlilchi Kremenyukning ta'kidlashicha, mamlakatlar orasidagi taranglik ikki rahbarning shaxsiy munosabatlariga ham ta'sir o'tkazmoqda. 1990 yillarning oxirida ilk bor uchrashib, bir-biriga do'st tutingan kunlar ortda qoldi, deydi Kremenyuk.

Viktor Kremenyuk: "Janob Putin mamlakat ichkarisidagi siyosati qo'llab-quvvatlanishini istadi, biroq janob Bush bundan bosh tortdi. O'z o'rnida janob Bush ham uning Amerikaga yuz tutgan tashqi siyosati qo'llab-quvvatlanishini xohladi, biroq janob Putin unga hayrihohlik qilmadi. U turli o'yinlar qildi. Xitoyliklar bilan, germanlar bilan, fransuzlar bilan. U hech qachon janob Bush uchun sadoqatli hamkor bo'lmagan va shuning uchun tomonlar bir-biridan sovidilar.

"Heritage" Institutining Moskvadagi rahbari Yevgeniy Volkning aytishicha, rossiyalik va amerikalik mutaxassislar Sovuq urushining sobiq raqiblari o'rtasidagi aloqalar bugunga kelib, Sovet Ittifoqi qulagandan so'ng, so'nggi 14 yil ichida o'zining eng salbiy nuqtasiga yetganini ta'kidlaydilar.

XS
SM
MD
LG