Breaking News

Xalqaro tashkilotlar Andijon voqealari bo'yicha Toshkentdagi sud jarayonini tanqid qilmoqdalar


Jurnalistlarning huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi ikki yirik xalqaro tashkilot Toshkentda Andijon voqealari bo'yicha o'tayotgan sud jarayonini keskin qoraladilar. Bosh idorasi Parijda joylashgan "Chegarasiz muxbirlar" xalqaro tashkiloti Toshkentdagi Andijon voqealari bo'yicha o'tayotgan sud jarayonini Stalin davridagi jarayonlarga qiyosladi. Tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bilan shug'ullanadigan bo'limi rahbari Paskal Bonnamurning aytishicha, Toshkentdagi jarayon katta bir siyosiy tomoshadir.

"U bizga Stalin davridagi sud jarayonlarini eslatadi," deydi Bonnamur xonim. "Bu katta bir shoudir. Chunki O'zbekistondagi mahalliy matbuot jarayonni keng qamrovda yoritadi. Undan maqsad chet-el jurnalistlarini ogohlantirish va odamlarni qo'rqitish."

Tashkilot chiqargan bayonotida ayblanuvchilarning Andijondagi voqealarga G'arb ommaviy axborot vositalari to'g'ridan-to'g'ri daxldor, degan so'zlarini ularga o'tkazilgan bosim ostida aytilganini, ta'kidladi. Ayblanuvchilarning biri Andijonda o'sha kunlari bo'lmagan Reyter axborot agentligi jurnalistinining nomini tilga olgan, deyiladi "Chegarasiz muxbirlar" tashkilotining kecha chiqqan press-relizida.

Bonnamur xonimning aytishicha, hukumat va ayblanuvchilar o'rtasida ma'lum bir shartnoma bo'lishi mumkin va unga ko'ra, ayblanuvchilar sudda ularga buyurilgan narsalarni aytgan taqdirda, ularga nisbatan qo'llaniladigan qamoq jazosining muhlati qisqartirilishi yoki ular amnistiya orqali ozod etilishlari ham mumkin. Paskal Bonnamur ayblanuvchilarning qamoqda qiynoqlarga solinganliklarini ham ehtimoldan chiqargani yo'q.

"Chegarasiz muxbirlar" tashkiloti chiqargan bayonotda, shuningdek, sud jarayonini kuzatgan chet-el diplomatining so'zlari keltirilgan. Diplomatga ko'ra, ayblanuvchilar go'yoki oldindan yodlab olgan matnni takror qaytaraverdilar.

Jurnalistlarning himoyasi bilan shug'ullanuvchi yana bir xalqaro tashkilot - Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi ham bayonot chiqarib, prezident Karimovdan jurnalistlarni qoralash kampaniyasini to'xtatishga hamda jurnalistlarni ta'qib qilishga chek qo'yishga chaqirdi. "Biz prezident Karimovdan sudlar, militsiya va xavfsizlik kuchlaridan siyosiy maqsadlarda foydalanishdan o'zini tiyishni talab qilamiz," deydi bayonotda qo'mitaning ijrochi direktori Enn Kuper. "Uning hukumati Andijondagi mash'um voqealarni yashirib, aybni bo'lgan voqeani xabar qilgan jurnalistlarga to'nkamoqchi." Qo'mita ham Toshkentda o'tayotgan sud jarayonini "siyosiy tomosha" deb atadi.

Tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo'yicha koordinatori Aleks Lupisning aytishicha, "O'zbekiston davlat matbuotida g'arb matbuotiga ishlaydigan mahalliy jurnalistlarga qarshi keng qamrovli kampaniya o'tkazilgan edi."

"Sud jarayonida biz ana shu kampaniyaning davomini ko'rdik," dedi u.

Janob Lupisning ta'kidlashicha, sud ikkita maqsadni koz'lagan - ichki va tashqi. "Ichki maqsad," deydi u, "aholiga Andijon voqealarida chet-elliklarning qo'li borligini va chet-el jurnalistlari niyatlarining yovuzligini ko'rsatish bo'lsa, tashqi maqsadga - xalqaro hamjamiyatga islomiy omillar borligini va undan tushayotgan tahdidni ko'rsatish kiradi."

Biroq, deydi janob Lupis, islomiy kuchlarning Andijon voqealarining orqasida turganligiga dalil yo'q. Ikkinchidan esa, haqiqatda nima bo'lganligini aniqlash uchun jurnalistlarga Andijonda ishlash uchun ruxsat yo'q. Demak, deb xulosa qiladi u, hukumat nimanidir yashirmoqda.

XS
SM
MD
LG