Breaking News

Karimov AQShdan Xonobod harbiy bazasini bo'shatishni so'ramoqda


AQSh Davlat departamentining bildirishicha, Bush rahbariyatining yuqori lavozimli rasmiylari Toshkentda prezident Islom Karimov bilan muzokara qildi.

"O'zbekiston hukumati [Xonobod] bazasini bo'shatishimiz lozimligini uqtirdi. Demak, biz bazadan chiqib ketamiz. Bu borada boshqa bahsga o'rin yo'q," - dedi AQSh Davlat kotibasining Yevropa masalalari bo'yicha muovini Daniel Frid, Karimov bilan uchrashuvidan so'ng.

Diplomatlar, mudofaa va xavfsizlik rasmiylaridan iborat guruh Karimovga AQSh O’zbekistondagi inson huquqlari ahvolidan qattiq tashvishda ekanini bildirgan.

AQSh bazadan foydalangani uchun O’zbekistonga 23 million dollar to’lashga qaror qilgan. Biroq bu boradagi muzokaradan xabardor rasmiylarning bildirishicha, O’zbekiston aslida baza uchun 165 million dollar so’ragan.

Toshkentga safar qilayotgan AQSh delegatsiyasida janob Friddan tashqari Mudofaa vaziri Donald Ramsfeldning yordamchi o’rinbosari Jeyms MakDogal va AQSh Xavfsizlik kengashi vakili Devid Merkel kabi yuqori lavozimli rasmiylar ham bor.

O’zbekistonga "safar qiyin kechishi haqida shubha yo’q, ammo kimdir prezident Karimov bilan gaplashmasa bo’lmaydi,"- dedi rasmiylardan biri, Karimov bilan muloqot oldidan.

Ma’lumki, AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilari shu yilning 13 mayida Andijonda ro’y bergan qonli voqealari ustidan mustaqil xalqaro tergov ochishga chaqirib kelmoqda. Karimov hukumati bu taklifni rad etgan. O’tgan hafta O’zbekiston Oliy sudida Andijon fojiasida ayblanib, 15 kishi jinoyatga tortildi. Ularning hammasi aybni bo’yniga olgan.

O'zbekiston hukumati nazarida Andijon voqealari chet elda rejalangan va Karimov rahbariyatining hisobicha, 150 dan ortiq kishining o'limiga sabab bo'lgan qo'zg'olon O'zbekistondan tashqaridagi kuchlar tomonidan quvvatlangan.

XS
SM
MD
LG