Breaking News

BMT vakili O'sh qamoqxonasidagi to'rt andijonlik bilan uchrashdi


1 oktyabr kuni BMT Inson huquqlari bo'yicha komissiyasi vakili Leandro Dispuy Qirg'iziston janubiga tashrif buyurdi. Leandro Dispuy tashrifi davomida qirg'iz rasmiylari hamda O'sh shahar qamoqxonasining vaqtinchalik saqlash izolyatorida ushlab turilgan to'rt nafar o'zbekistonlik qochqin bilan uchrashdi. Bu haqida Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligining janubiy viloyatlar bo'yicha vakili Bektur Adanov ma'lum qildi.

Qochqinlar 13 may kuni yuz bergan Andijon voqealaridan so'ng Qirg'iziston rasmiylariga siyosiy boshpana berishni so'rab murojaat qilganlar. O'zbekiston rasmiylari ushbu qochqinlarni terrorizm va diniy ekstremizmda ayblamoqdalar. Xalqaro va mahalliy inson huquqlari himoyachilari O'sh shahar turmasida qolayotgan to'rt andijonlik qochqin O'zbekistonga qaytarilgan taqdirda qiynoqlarga solinishi mumkinligidan xavotir bildiradilar.

Qirg'iziston qochqinlar jamlog'idagi 430 andijonlik qochqinni iyul oyida va turmada saqlanayotgan yana 11 nafarini sentyabrda uchinchi davlatlarga jo'natgan.

Ayni paytda BMT QIBOK, BMT Inson huquqlari bo'yicha komissiyasi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar bilan O'sh shahar turmasida qolayotgan to'rt nafar o'zbekistonlikning taqdirini hal qilish borasida ish olib borilmoqda, deya ma'lum qildi Bektur Adanov.

XS
SM
MD
LG