Breaking News

Andijon voqealarida ayblanganlar ustidan hukm chiqarildi


Jinoyat ishlari bo`yicha O`zbekiston Oliy sudida Andijon voqealarida ayblanayotgan dastlabki o`n besh kishi ustidan hukm chiqarilgan. Ayblanuvchilarga O`zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining bir qator moddalariga ko`ra, 14 yildan 20 yilga qadar qamoq jazosi belgilangan.

Andijon voqealaridagi ishtiroki uchun, rasmiy ayblovga ko`ra, terrochilik, O`zbekiston konstitutsiyaviy tuzimini ag`darish, odam o`ldirish kabi bir qator jinoyatlarda ayblanayotgan O`zbekiston va Qirg`iziston fuqarolaridan iborat dastlabki 15 kishi ustidan sud jarayoni shu yilning 20 sentybrida boshlangan edi.

Bundan bir hafta oldin hukm uchun tanaffus olgan sud hay'ati 14 noyabr kuni ayblanuvchilarga nisbatan qollangan jazo turlarini – hukmni e`lon qildi.

Sud hay'ati ayblov tomonidan so`ralgan jazo muddatlari - 5 kishiga nisbatan 20 yildan qamoq jazosini o`zgarishsiz qoldirgan, qolgan ayblanuvchilarga nisbatan 14 yildan 17 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.

Sud hay’ati Andijon voqelarida namoyichga chiqqan tinch aholi hukumat qo`shinlari tomonidan o`qqa tutilgani haqida ko`rsatma bergan yagona guvoh Mahbuba Zokirovaning ko`rsatmalarini yolg`on berilgan, deb topgan.

Kuzatuvcilar ayblanuvchilarga belgilangan jazoni nisbatan yumshoq deb topishadi va buning sababini O`zbekiston prokuraturasi va ayblanuvchilar ortasidagi kelishuv, deb ko`rishadi.

Andijon voqelari bo`yicha kechayotgan mahkama jarayoni xalqaro hamjamiyat va mahalliy inson huquqlari faollarining e’tirozlariga sabab bo`lib kelmoqda.

Ta’kidlanishicha, Andijon voqelari bo`yicha sud jarayoni sahnalashtirilgan va ayblanuvchilardan ko`rsatmalar qiynoq va bosim ostida olingan. Sud jarayonida ayblanuvchilar boshidanoq o`z ayblariga sid qidildan iqror bo`lishgan va pushaymonlik bildirishgan edi.

Andijon voqealarida ayblanayotgan dastlabki 10 kishi ustidan mahkama jarayoni nihoyasiga yetdi. O`zbekiston prokuraturasi ma'lumotlariga ko`ra, Andijon voqealaridagi ishtirokda ayblanayotgan yana 106 fuqaro ustidan jinoyat ishi qo`zgatilgan.

Shu yilning 12 –13 may kunlarida Andijonda sodir bolgan voqealarida rasmiy axborotga ko`ra, 180 dan ortiq kishi vafot etgan. Xalqaro va mahalliy inson huquqlarini himoyalash tashkilotlari berayotgan ma'lumotlarga ko`ra, mingga yaqin tinch aholi qurbon bolgan va hukumat qo`shinlari ularga qarata o`q otgan.

O`zbekiston Bosh prokuraturasining rasmiy aybloviga ko`ra, terrorchilik harakatlari xalqaro ekstremistik tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan. Mamlakatdagi muxolif partiya vakillariga ko`ra esa Andijonda hukumatning ijtimoiy iqtisodiy siyosatiga norozilik bildirgan aholi namoyishi o`tkazgan.

XS
SM
MD
LG