Breaking News

2006 yil - O`zbekistonda homiylar va shifokorlar yili bo'ladi


2006 yil O`zbekistonda homiylar va shifokorlar yili deb e`lon qilindi. O`zbekiston Konstitutsiyasining 13 yilligi munosabati bilan o`tkazilgan yig`ilishda prezident Islom Karimov mamlakatning keyingi yildagi yo`nalishlari, O`zbekiston siyosati va boshqa sohadagi yo`nalishlar haqida ma'lumot berib o`tdi.

O`zbekiston prezidentiga ko`ra, mamlakatda 2006 yilni homiylar va shifokorlar yili deb e`lon qilish maqsadga muvofiq, chunki "davlatimiz, shaxsan men, prezident bo`lib ularga barcha imkoniyatlarni berishga tayyorman." Uning aytishicha, ularni har tomonlama rag`batlantirish uchun homiylik to'g`risidagi nizomni qabul qilish zarur.

"Qancha-qancha mablag` ajratayapmiz, mahallalar orqali tarqatayapmiz, lekin prezident sifatida aytishim mumkinki, bu mablag`lar yetishmaydi."

Islom Karimovga ko`ra, shifokorlarning jamiyatdagi, xususan sog`lom avlod tarbiyasidagi o`rni ulkan, shu bois ham 2006 yil homiylar va shifokorlar yili deb atalmoqda.

Mamlakatdagi mustaqil kuzatuvchilarga ko`ra, kelayotgan 2006 yil O`zbekiston uchun har qachongidan ko`ra og`ir kelishi kutilmoqda. Xususan xalqaro jamoatchilik va moliyaviy tashkilotlarning O`zbekiston bilan aloqalarining uzilishi ham mamlakatdagi ijtimoiy va iqtisodiy siyosatga o`z tasirini o`tkazmay qolmaydi.

O`zbekiston demokratik tashabbuslar markazi direktori Iskandar Xudoyberganovning mulohaza qilishicha, xalqaro hamjamiyat O`zbekistonga, uning xalqiga yordam berishga tayyor, ammo berilgan yordamning byurokratiyani cho`ntagiga borib tushgani G`arbdan kelayotgan yordamning to`xtatib qo`yiganligiga sabab.

"Kelasi yil, prezidentning nima deyishidan qat'iy nazar, bundanda og`ir bo`lishida menda gumon yo`q. Chunki, farovonlik yo'lida bironta ijobiy ish amalga oshirilgani yo`q, deydi Xudoyberganov.

Konstitutsiyaning 13 yilligi munosabati bilan o`tkazilgan tadbirda O`zbekiston prezidenti o`tayotgan yilda mamlakat hayotida yuz bergan qonli Andijon voqelariga ham to`xtalib o`tdi va ularning tashqaridagi zo`ravon va turli axborot imkoniyatlariga ega kuchlar tomonidan amalga oshirilganini ta'kidladi.

Mustaqil kuzatuvchilarga ko`ra, Andijon voqelarida yuzlab tinch aholining o`qqa tutilishi oqibatida O`zbekiston hukumati xalqaro hamjamiyatning keskin tanqidiga uchradi. O`zbekistonning taraqqiyot yo`nalishi dasturlari haqida qanchalik gapirilishidan qat'iy nazar, hukumati avtoritar tarzdagi boshqaruvdan voz kechmas, siyosiy va iqtisodiy erkinliklar o`tkazmas ekan, Andijon voqelariga sabab bo`lgan ijtimoiy holatlarning qaytarailishi muqarrardir, deydi ular.


XS
SM
MD
LG