Breaking News

"O'zbekistonda mas'uliyat yetishmaydi"


XXI asrning birinchi besh yilligi tahlil qilinmoqda. Shubhasiz, yangi asr Markaziy Osiyoga ko’plab siyosiy-iqtisodiy o’zgarishlar olib keldi. Qozog’iston yetakchi iqtisodiy kuchga aylansa, Qirg’izistondagi siyosiy inqilob tog’lar osha butun mintaqani titratgandek bo'ldi. Mintaqada eng ko’p aholiga ega O’zbekiston g’arb bilan til topisha olmagach, yo’lini yo’qotgan go’dakdek, yana eski og’asi Rossiyaga yuz tutdi.

Nyu Yorkdagi taniqli Kolumbiya Universitetida markaziy osiyoshunoslik, jumladan o’zbekshunoslikdan dars beruvchi, O’zbekiston bilan ko’p yillardan beri yaxshi tanish Piter Sinnott mamlakatning Rossiya bilan yaqinlashuvi oldinga emas, orqaga qadam qo’yishdir, deydi.

"Fikrimcha, Markaziy Osiyodagi qaysi mamlakat Rossiyaga tobe davlatga aylansa, o'sha millat kurashchilari shu darajada g’azabga to’ladi. Bu juda muhim. O’zbekistonda bo’lganimda, odamlar Rossiyani oq podsho der edilar. O’zbekistonga oq podsho davrida ham, sovetlar davrida ham mustamlaka sifatida qaralgan. Ruslar ularga tobe boshqa davlatlarni kamsitib kelishgan. Sovet davrida jamiyat ruslarga va boshqalarga bo’lingan. Ruslar Markaziy Osiyoning sanoatlashishiga yo’l bermaganlar. Ular uchun mintaqa arzon pul evaziga paxta yetishtiruvchi makon edi. Esimda, Marg’ilonda xotin-qizlar erta tong turib, harbiy mashinalarda dalaga olib borilar va kun bo’yi jazirama oftobda ishlar edi. Bu ayollarning ba’zilari paxta dalalarida sepilgan zaharli moddalar sabab rakka chalinib, azobda jon berganini ham bilaman,"-deydi professor Sinnott.

Olim nazarida O’zbekistonda bu yil g’arbga qarshi boshlangan jamoatchilik kampaniyasida ham Rossiyaning qo’li bor. "Nazarimda matbuotda g’arbga qarshi, Amerikaga qarshi targ’ibotning kuchayishi mamlakatning unga nisbatan qilinayotgan tanqidga javobidir. Ular o’zlariga mustaqil davlat va musulmon dunyoning bir qismi sifatida qaramoqdalar. Bu juda g’alati o’yin. Chunki O’zbekiston tobora Rossiyaga tobe bo’lib qolmoqda."

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, qolaversa ba’zi yirik xalqaro tashkilotlar, jumladan Xalqaro Valyuta Jamg’armasining bildirishicha, O’zbekistonda mana uch yildirki, iqtisodiy o’sish har yili 7 foizga oshgan. Bu ijobiy o’zgarish emasmi? "Karimov hukumati ish beradigan iqtisodiyot barpo eta olmadi; bu iqtisodiyot hech narsaga yaramaydi,"-deydi janob Sinnott.

"Chunki, ular Sovet ittifoqi davridagidek, iqtisodiyotni markazlashtirish g’oyasiga ishonadilar. Muammoning ikkinchi tomoni esa korrupsiya. Shu bois mamlakatdan chiqayotgan iqtisodiy ko’rsatkichga ishonib bo’lmaydi. Hatto bu davlatni qo’llab-quvvatlovchilar ham to’g’ri ma’lumotga ega emas. Hamma narsa xo’ja ko’rsinga. Xuddi o’sha eski o’yin hali ham davom etayotgandek. Bu hol mamlakatni izdan chiqaryapti. O’zbekistonda zamonaviy bank tizimi mavjud emas. Buning uchun hali o’nlab yillar kerak. Mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlik mavjud bo’lsa-da, na iqtisodiy, na siyosiy islohotlar amalga oshirilyapti. Qo’shni davlatlarda, hatto Afg’oniston shimolida iqtisodiy taraqqiyot yuz berar ekan, O’zbekiston globalizatsiya jarayonida orqada qolaveradi,"-deydi professor Sinnott.

O’zbekiston aholisining ko’pchilik qismi mamlakatda nima bo’layotganini faqat davlat nazoratidagi matbuotdan oladi. Bu matbuot esa O’zbekistonda olamshumul yutuqlarga erishilayotgani haqida jar soladi. Ular tinglaydigan, ko’radigan, o’qiydigan matbuot g’arb bizning osuda hayotimizni ko’ra olmayapti, deya bong urmoqda. Shuni esda tutgan holda, sizni hozir eshitayotgan ayrim o’zbekistonliklar tanqidingizni tamoman inkor etishi mumkin, deymiz janob Sinnottga.

"(O’zbekcha) Menimcha, chin o’zbek Andijon voqealaridan keyin bu hokimiyat bilan nima qilish mumkin, deydi. O’zbekistonda odamlar faqat bugungi kun dardi bilan yashamoqda. Ularning ertaga barqaror kunlar kelishiga, iqtisodiyot yaxshilanishiga ishonishi qiyin. O’zbekistondagi oddiy oilalarning ko’pining Rossiyada ishlayotgan og’li bor. O’zbekistonda odamlar matbuotga qiziqmay qo’ygan. Oddiy o’zbekistonliklar bu qishloq aholisi. Ular hayot 1980-yillar oxiridan beri yomonlashib ketganini biladilar. Bu uzoq davr va o’sha davrdan beri hokimiyatda Karimov o’tiribdi. Ular Toshkent elitasidan tashqari boshqa hammaning hayoti og’irlashganini yaxshi biladilar. Toshkentdagi elita boshqa dunyoda yashaydi,"-deydi Sinnott.

Janob Sinnott nazarida, O’zbekistonda hozirgi rejim militsiya va xavfsizlik kuchlari yordamida hokimiyatda o’tiribdi. Korrupsiya chuqur ildiz otgan va hech hech kimga ishonmaydi, deydi olim.

"Mamlakatga mas'uliyatli hukumat kerak. O’zbekcha ma’suliyat va ruscha otvetstvennost’ so’zi turlicha ma’noga ega. Otvetsvennost’ bu bir byurokratning boshqasi oldida javobgar ekanini anglatsa, ma’suliyat hukumatning xalq oldidagi burchi demakdir. Mas'uliyatli bo’lishni o’rganmoq kerak."

Mas'uliyat bir kunda vujudga keladigan xususiyat emas ekan, uni qayerdan nima qilib boshlash kerak, deya so’raymiz janob Sinnotdan. Jamiyatda bahslarga, muloqotga yo’l ochish bilan, deya javob qiladi olim.

"(O’zbekcha) Masalan, 20 yil ilgari Orol dengizi inqirozi davrida bu borada xabarlarda, televidenieda juda ko’p gaplashildi. O’shandagi singari bahslarni qayta boshlash kerak. Markaziy Osiyoda fikr almashinuvi yo’lga qo’yilishi kerak. Fikr almashilmagan jamiyatda rahbariyat yangilanmaydi. Bahs qilinmaydigan muhitda yangi yetakchilar voyaga yetmaydi,"-deydi Piter Sinnott.

XS
SM
MD
LG