Breaking News

Markaziy Osiyo xabarlari - 2 yanvar


Tojikiston

Tojikistonning tog'li rayonida qor ko'chishi oqibatida yetti kishi halok bo'ldi. Dushanbe-Xo'jand yo'nalishi bo'yicha katta yo'l tomon ko'chgan qorda ikki mashina jarlikka tushib ketgan. Qalin qor sabab yo'l yopilgan edi, biroq ba'zi haydovchilar tavakkal qilishga qaror qilib qurbon bo'lganlar. Tojikiston favqulodda vaziyatlar vazirligining ma'lumotiga ko'ra, 2004 yilda qor ko'chishi 7 kishini o'ldirgan edi. 2005 yilda esa qurbonlar soni 18 kishini tashkil etdi.

Qirg'iziston

Qirg'iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev mamlakatda o'lim jazosi bekor qilinguncha unga ta'qiqni uzaytirdi. Prezident tomonidan imzolangan farmon parlamentni o'lim jazosini bekor qilishga chaqiradi, deydi prezidentning matbuot kotibi Dosali Esenaliyev. Qirg'iziston o'lim jazosiga nisbatan vaqtinchalik moratoriyni 1998 yilda kiritgan edi va shundan beri uni bir necha marta uzaytirgan. Hozircha uning qachon butunlay bekor qilinishi noma'lum.

Turkmaniston

Turkmaniston Ukraina bilan gaz eksporti bo'yicha shartnomaga qo'l qo'ydi. Unga ko'ra, 2006 yilda Ukraina Turkmanistondan 40 milliard kubometr gaz sotib oladi. Hozircha gazning narxi noma'lum, biroq turkman rahbarining so'zlariga qaraganda, gazning Ukraina uchun narxi Rossiya uchun belgilangan ming kubometriga 65 dollardan pastdir. Mazkur shartnomaning Ukraina uchun ahamiyati katta, chunki Gazprom gaz narxini Ukraina uchun to'rt baravar ko'targach, tomonlar haligacha biron-bir kelishuvga kelganlari yo'q.

Qozog'iston

Yangi yilda Qozog'iston bilan bog'liq sakkizta muhim voqeani alohida ta'kidlab o'tish kerak.

1. 11 yanvar kuni qayta prezidentlikka saylangan Nursulton Nazarboyevning inaguratsiyasi bo'ladi.
2. Qozog'istonning ikkipalatalik parlamenti 10 yilligini nishonlaydi.
3. Fevral oyida Italiyaning Turin shahrida bo'ladigan qishki Olimpiya o'yinlarida qozog'istonlik sportchilar qatnashadi.
4. Mamlakatning sobiq poytaxti Almati o'zining 85 yilligini nishonlaydi.
5. Iyunda Qozog'iston a'zolik qilayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti beshga to'ladi. 6. Iyul oyida poytaxt Ostonada Tinchlik va ahillik saroyining qurilishi yakunlanadi. Saroy arxitektori angliyalik Norman Foster.
7. 12-14 sentyabrlarda Ostonada Jahon an'anaviy dinlar rahbarlarining ikkinchi kongressi bo'lib o'tadi.
8. 16 dekabr kuni respublika mustaqilligining 15 yilligi bo'ladi.

O'zbekiston

O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi qo'shma vazirlar komissiyasining Toshkentda o'tgan ikkinchi uchrashuvida O'zbekiston Pokistonga IL-76 va IL-114 rusumidagi samolyotlarni sotib olishni yoki lizingga olishni taklif qildi. Pokiston mazkur taklifni o'rganib chiqishini ma'lum qildi. Tomonlar komissiya ishi davomida o'zbek paxtasini Pokistonga sotish to'g'risida Anglashinuv memorandumiga qo'l qo'ydilar.

XS
SM
MD
LG