Breaking News

Eronning yadro dasturi masalasi BMTga oshiriladigan bo'ldi


Kecha AQSh va BMT Xavfsizlik Kengashining boshqa a’zolari, jumladan Rossiya va Xitoy Eron yadro dasturi masalasini kengashga oshirishga kelishib oldilar. Londondagi muxbirimiz Deyvid Gollastning xabar berishicha, masala yaqin orada BMTga oshiriladi, ammo kengash Eronga qarshi chora ko’rishni mart oyigacha qoldiradi.

AQSh olqishlayotgan bu qarorga Londonda, vazirlarning to’rt soatlik uchrashuvi davomida kelindi. BMT Xavfislik Kengashi a’zolari va Germaniya chiqargan bayonotda aytilishicha, Atom Energiyasi bo’yicha Xalqaro Boshqarma shu haftadagi yig’ilishida Eron masalasini BMTga topshirishi lozim.

Ammo kengash a’zolari Eronga qo’shimcha vaqt berayotgan ko’rinadi, chunki Xavfsizlik Kengashi bu mamlakatga qarshi mart oyigacha hech qanday chora ko’rmaydi.

AQSh rasmiylariga ko’ra, qarorga Rossiya va Xitoyning ham qo’shilgani Eronga nisbatan bosim kuchayayotganidan dalolatdir.

Ammo AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Raysning aytishicha:

"Eronga qarshi harbiy chora ko’rish nazarda tutilmayapti, chunki masalani diplomatik yo’l bilan hal qilsa bo’ladi. Uni Xavfsizlik Kengashiga oshirish – diplomatik usullar pand berdi degani emas."

Muxbirimiz Deyvid Gollastning xabar berishicha, bayonotda tomonlar Eronni uranni qayta ishlash faoliyatini to’xtatishga va o’ziga nisbatan ishonchni tiklashga chaqirganlar.

XS
SM
MD
LG