Breaking News

Bush Kongress oldida yillik hisobot berdi


Prezident Bush Kongress oldida turib, xalqqa mamlakatning ayni damdagi siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli haqida hisobot berdi. Unga ko’ra, hozirgi mushkul bir davrda, AQSh dunyodan yuz o’girib, o’zini yakkalatib qo’yolmaydi.

"Faqatgina yetakchilik qilish orqali fuqarolarimizni himoya qilish, tinchlikni saqlash va taqdirimizni hal qilish mumkin bo’ladi. Shunday ekan, AQSh yetakchilik qilishda davom etadi," - dedi prezident.

Bush murojaati bilan, o’ziga ishonch uyg’otishga ham umid qilgan edi, chunki qisman Iroqda o’layotgan askarlar va benzin narxining qimmatligi sabab, ommaviy so’rovlar uning xalq orasidagi obro’si tushib ketganini ko’rsatadi.

Bushning aytishicha, muqobil yonilg’i manbalarini izlab, AQShning neftga tobeligidan qutulish kerak. Maqsad, deydi u, 2025 yilgacha AQShning Yaqin Sharqdan yetkaziluvchi neft importlarini muqobil yonilg’iga almashtirish.

"AQSh dunyoning beqaror burchaklaridan import qilinadigan neftga o’rganib qolgan. Bu odatni sindirishning eng yaxshi yo’li – texnologiyalardan foydalanishdir," - deydi Bush.

Prezident iqtisodiyoti o’sib borayotgan Xitoy va Hindiston haqida ham gapirdi. Unga ko’ra, Amerika iqtisodiy jihatdan yetakchi davlat bo’lsa-da, bu bilan qanoatlanib qolish yaramaydi.

"Davlatimizni jahonda o’ziga ishonib raqobatga kirituvchi, hayot darajasini yanada ko’taruvchi va yangi ish o’rinlari yaratuvchi rejam bor. Amerikaliklar iqtisodiyotimiz kelajagidan xavotirga tushmasa ham bo’ladi, chunki bu kelajajni o’zimiz hal qilamiz," -deya ta’kidladi Bush.

Muxbirimiz Pola Vulfsonning xabar berishicha, prezident Bush mamlakat muammolarini yechishda demokratlarni respublikachilar bilan hamkorlik qilishga chaqirdi.

XS
SM
MD
LG