Breaking News

Germaniya qo'shinlari Termizdan chiqarilishi mumkin


O`zbekiston hukumati Germaniyaga Termiz aerodromidan foydalanish huquqini bergan o’zaro shartnomani bekor qilishi mumkin. Mazkur xabar Germaniyaning “Spiegel” (Shpigel) jurnali manbalariga asoslangan. Toshkentdagi mutasaddilar esa bu borada ma’lumotga ega emasliklarini bildirmoqdalar.

“Shpigel” jurnalida chop etilishicha, O`zbekiston tomonini Termiz aerodromidan foydalanish haqidagi bitimni to`xtatishi mumkinligiga shu yildan boshlab Germaniya harbiylarining Termiz aerodromidan AQSh, Vengriya va Daniya fuqarolari bo’lgan 400 nafarga yaqin kishining Afg`onistonga jo’natgani sabab bo`lgan.

Bundan tashqari rasmiy Toshkent Termiz shahrida bir qator maishiy xizmat binolarini barpo etishni ham talab qilgan. Nemis jurnali manbalariga ko`ra talab qilinayotgan mablag’ 20 million yevro atrofida va hozirgacha Germaniya tomonidan harbiy bazani ta’mirlash uchun 12 million yevro ajratilgan. Har oyda esa 240 ming yevro miqdorida mablag’ o’tkazib kelinmoqda. Termiz bazasida Germaniyaning 300 hafar harbiysi joylashgan.

O’zbekiston rasmiylari mazkur masala bo’yicha biron izoh bermaganlar. O`zbekiston Mudofaa vazirligining matbuot xizmati boshlig’i Rahimjon Nurnazarov yuqoridagi masaladan xabari yo’qligini aytadi.

Termiz bazasidan Germaniya harbiylarining Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida foydalanishlari haqidagi bitimga o`tgan yili O`zbekistonga tashrif buyurgan Germaniya Mudofaa vaziri yordamchisining O`zbekiston prezidenti bilan uchrashuvi chog`ida kelingan edi.

Kelishuvga ko’ra, Germaniya harbiylari Termiz aerodromidan Afgonistondagi vaziyat barqarorlashgungacha foydalanishlari mumkin. Shartnoma AQSh harbiy bazasining Xonobod aerodromini tark etganidan so’ng imzolangan edi.

Kuzatuvchilarning fikricha, rasmiy Toshkent bazadan foydalanish uchun mablag’ miqdorini oshirishni ko`zda tutayotgan bo`lishi mumkin. “Shpigel” jurnalida keltirilishicha yaqin kunlarda O`zbekistonga mazkur masala muhokamasi uchun Germaniya delegatsiyasi tashrif buyuradi.

XS
SM
MD
LG