Breaking News

Qirg'izistonda Rauf Parfi, Muhammad Solih ijodiga qiziqish ortmoqda


Qirg’izistonlik adabiyot muxlislari qo’liga marhum shoir Abdurauf Parfining “Iymon asiri”, shoir Muhammad Solihning “Valfajr” she’riy to’plamlari kelib tegdi.

O’shlik adabiyotshunos o’qituvchi Mamlakat Yo’ldosheva shoir Rauf Parfining kitobini qo’liga olarkan, ko’nglidan kechgan o’ylarni shunday ifodalaydi:

- Kitobni qo’limga olarkanman, qalbimni faxr tuyg’usi chulg’ab oldi. Bishkekda o’zbek adabiyotining, o’zbek she’riyatining namoyondasi ijodiga e’tibor berilayotgani, uning ijodi targ’ib qilinayotgani meni quvontirdi, - deydi adabiyotshunos Mamlakat Yo’ldosheva.

O’shDU o’zbek filologiyasi fakul’teti o’qituvchisi, shoir Davron Hotamning aytishicha, Rauf Parfining kitobini qo’liga olarkan, uni hayajon chulg’ab olgan:

- Kitob qo’limga tusharkan, sochlari oqarib ketgan, Solih ta’biri bilan aytganda, insonlarning tilida gapirishni o’rganib olgan qush” suratini, yuzlarida ajinlari taram-taram, ko’zlarida olov, qandaydir bir olovmi dard yonayotgan shoir Abdurauf Parfi O’zturkni ko’rish men uchun juda hayajonli bo’ldi. Bu kitobdagi buyuk g’amni his qilish albatta hayajonlantirmay qo’ymaydi. Shoir she’rlarini shoshilinch, bir onda o’qigim, hammasini his qilgim, tuygim keldi. Ammo qiyin edi…

Davron Hotam shoir she’rlaridan birini o’qir ekan, nafaqat shoir ijodidan, balki uning shaxsidan-da hayratlanishini aytadi:

- “Tilamchiga sadaqa bermoqchi berdim. Hech vaqo yo’q lekin kissamda. Voy bechora, dedi u kulib”. Tilamchidan ham o’zini pastga qo’yayotgan, tilamchida-ku nimadir bor ekan, menda esa o’sha tilamchiga bergani hech vaqo yo’q deb o’zining ijtimoiy holatini aytayotgan shoir Abdurauf Parfining hayotini eslasangiz, shoir shaxsiga, nafaqat ijodiga, uning odam sifatida qanday qilib yashaganini, shoirning bugungi kundagi darvesh ekanini his qilasiz.

Surgundagi shoir Muhammad Solihning “Valfajr” kitobiga esa uning butun umri davomida yozgan barcha she’rlari kiritilgan. Kitob so’zboshidan iqtibos:

“Shu tubandagi kitob mening qalamimdan chiqdi. Sovet davrida yozilgan, gizli yoki oshkora shirk asoratlari tashigan she’rlardan voz kechdim, ba’zi dahriy kalimalarni tuzatdim, bosh egmaganlarini esa darhol boshini uchirdim – tahrir etdim. O’ylaymanki, men izlaganim baxtu-saodatni topdim, inshoolloh. Va so’zimni tutdim: ortiq she’r yozmayman. Sovet davrida yozilgan she’rlardan shu qo’lingizdagi kitob tashqarisida mening ismimdan bosilgan har qanday she’riy matn – meniki emasdir. Bunga Siz shohid bo’ling”.

Shoir Davron Hotamga ko’ra, Muhammad Solih ijodi 20 asrning ikkinchi yarmida o’zbek adabiyotida tub burilish yasagan edi.

- Shoir hozir ham adabiyotda katta figura sanaladi. U siyosatchi sifatida talabalarni qiziqtirmasligi mumkin, ammo, Solih ijodi o’rganilishi kerak, – deydi Davron Hotam.

Quyida Rauf Parfining "Iymon Asri" kitobining kirish qismi:

Insoniyat tugal haqiqatga hech qachon erisha olmaydi, ammo haqiqat izlovchilarning uzlikasiz harakat jarayoni, harakat yo`li - haqiqatning o`zidir. Abdulhamid Cho`lponning

Xayol. Xayol. Faqat xayol go`zaldir,

Haqiqatning ko`zlaridan qo`rqamen.

Bu erda shoir Haqiqat so`ziga falsafiy tazmin sifatida emas, u haqiqat deganda atrofda, ko`z o`ngida kechayotgan aniq voqelikni nazarda tutgan.

Tevarak-atrofda kechayotgan voqelikni har kim o`z qarichi bilan o`lchaydi, o`z dunyoviy bilimi darajasida idrok etadi, albatta. Aniq gapni hali hech kim ayta olgani yo`q. Ayta olmaydi ham.

Menga o`xshagan o`rtacha fikrlaydiganlar - inson o`z vijdonini, iymonini qanchalik pokiza saqlasa, shunchalik dunyoda tinchlik, xotirjamlik asraladi, deb yursak, aqlo rosalar bir-birini g`ajib, bir-birini itdek talamoqda, ming yillik g`animlardek bir-birini o`ldirmoqda. Bu alohida mavzu bo`lishi mumkin ammo biz bugun tanlagan asosiy mavzuga aloqasi bor.

Biz yutuqlarimiz, g`alabalarimiz, olomshumul miqyosda taraqqiyot etayotganimiz, er osti, er usti boyliklarimiz xalq qo`lida ekani, og`ir sanoat, engil sanoat xalqaro maydonda birinchi o`rinlarda ekani, ayniqsa bizda insonga e`tibor, Inson qadriyati har narsadan ustuvor ekani haqida radio-televizionda nochor eshittirish va ko`rsatuvclarda, minglab bir-biridan unchalik farq qilmaydigan gazet-jurnallarda erta tongdan erta tonggacha, har kuni, har tun, har soat, har daqiqa, har soniya tinimsiz o`qiymiz, ko`rsatamiz, gapiramiz, lof uramiz, ortiqcha hayajonlanamiz va albatta, bu yutuqlar va g`alabalarni bir kishining nomi bilan bo`glab olib boramiz.

Yutuqlarimiz o`z yo`liga, ammo haqiqat - y`ani voqelik o`zgachadir. Bu, avvalo yurtimizda Inson qadrining tushib ketganida ko`rinadi.

Biz demokratiya unutilayotgan avtaritar davlatda yashaymiz, y`ani muhaqqaq harbiy kuchga suyanuvchi, tabiiyki milisiya davlatida yashayotganimiz bukun harbir O`zbekiston fuqarosiga va butun jahanga sir emas. Oltmish foiz savodsiz, johil kimsalardan iborat bo`lgan o`zbek milisiyasining qamoqxonlarda, bozorlarda, avtoyo`llarda, jamiiki yo`llarda fuqarolarga zulm qilayotganligi va boshqa kirdikorlari barchaga ma`lum, muqarrar tuzatilishi kerak bo`lgan soliq tizimining kuchlanishi xalqning tinkasini quruitganini kim bilmaydi? - Bunday ayanchli illatlarni kimdan yashiramiz? O`zimizdanmi? U dunyodanmi?

O`qituvchilarning ishlayotgan maktablarini, institutlarini, universitetlarini yi`g`ishtirib dehqonchilikka chiqqanlarini yoki o`zlarini bozorga urganlarini qanday izohlaysiz? Tibbiyot manzillarida tib xodimlarining pora-rishvat olishga majbur bo`layotganliklarini qanday tushinish mumkin? Olimlarning, yozuvchilarning, rassom, san`at ahlining - jamiki ijodkorlarning qayg`uli ahvoliga nima deysiz? “To`rtinchi hokimyat” deb atalgan jurnalistlarning tepadagi uchta hokimyat tarafidan bo`g`ilayotganini o`z ko`zimiz bilan ko`rib turibmiz. O`zbek olilalarining buzilib ketayotganiga asosiy sabab nochorlik va qashshoqlik ekani sirmi?

Qiziq, fuqarolarning bir quti papirosini, bir xalta yong`og`ini ag`darib sinchiklab tekshiruvchi melisa boybachalarni o`tkazib yuborsa, yoki terrorchilarga sotilganmikan melisa?! Astag`furulloh, alhazar.

Bu shavqatsiz zo`rovonliklar ichdan bo`lsa uni aniqlash, tashdan bo`lsa buni fosh qiladigan xalqaro tashkilotlar bilan yuzma-yuz bo`lish kerak.

Alhamdililloh, hammamiz musulmonmiz. Ey birodarlar, musulmon degani terrorchi emas. Vatandoshlar, terrorizmga qarshi kurash niqobi ostida, xudo ko`rsatmasin yangi terrorga yo`l qo`ymaylik, tinchlikni saqlash niqobi ostida tinch aholining tinchligini buzishga yo`l qo`ymaylik.

HazratiNavoiyning so`zlari yodimga keladi;

Ko`zi qon to`kmak ichra qonmay hech,

O`zin holing o`zi inonmay hech.

Yorlik qayda qoldi yoronlar,

Yo`q musulmonlik hey musulmonlar.

Ey Navoiy, ne bo`lsa guftoring,

Ayla bunyodkim, xudo yoring.

Agar hukumat fuqarolarini moddiy, ma`naviy himoya qilishga qodir emas ekan madaniy dunyolarda iste`foga chiqadi, o`z xalqidan uzr so`raydi, o`z xalqini o`qqa tutmaydi.

Biz bukun ulug` davlatlarga murojjat qilishga majburmiz. Tashqaridan najot kutmak naqadar og`ir ammo o`zga chora yo`q.

Bizga bir kunlik, bir soatlik mehr-muruvvatlar kerak emas. Gap butun bir millatni halokatdan qutqarish ustida ketmakda. Xalqqa hech narsa bermaydigan qo`shma korxonalar, madaniyatsiz madaniy markazlar, yangi-yangi qo`g`irchoq partiyalar, turli nodavlat tashkilotlarni tuzish uchun emas, avvalo etmish foiz kasallikka chalingan aholiga tibbiy yordam, arzon dori-darmon, butun dunyoda qabul qilingan kishi boshiga o`rtacha tibbiy ratsion bo`yicha ovqatlanish huquqi kerak, aholining sotib olishga qurbi etadigan narxda tabbiy oziq-ovqat mahsulotlari kerak. Buni egasiga etib borishini ta`minlaydigan haqqoniy kuzatadigan Xalqaro Nazotar Hay`ati kerak, deb o`ylayman.

Yolg`on, rishvat, buzuqlik, maddohlik, giyohvandlik avj olayotgan yurtdan Iymon qochadi, Haqiqat yuz o`giradi.

Ahmad Yassaviy -

Ahli dunyo xalqimizda saxovat yo`q,

Podsholarda, vazirlarda adolat yo`q.

O`zbekistonda muruvvatli odamlar g`oyat noyob. Boylarimiz hali to`yganlari yo`q, to`yganlari esa axloqan buzilishga moyil. Tuzalish uchun ilohiy va dunyoviy bilimlar zarur.

Hazari Navoiy aytganlaridek-

Muruvvat - borcha bermakdir, yomon yo`q.

Muruvvat har kimning qo`lidan kelmaydi, muruvvat qilishga qodir insonlar ulug` insonlardir.

Biz xalqmizmi, to`damizmi, olomonmizmi, podamizmi, bilmaymiz.

Biz bugunni ko`rib turibmiz, ertaga nima bo`lishini hech kim, hech bir avliyo bashorat qilolmaydi. Insonga berilgan ne`mat ham shu, Insonning fojeasi ham shundandir.

Yovuzlik hamisha qurollangan, ko`zlari har qachon ochiq va himoyalangandir. Ezgulik hamisha qurolsiz, hamisha ko`ngilchan, hamisha himoyasizdir.

Agar biz xalq bo`lsak allohga shukur, agar bo`lmasak-da najot Allohdandir. Haqiqat - Haqdir. Ulug` ozorboyjon shoiri Muhammad Horiyning ushbu she`ri bilan so`zimni muxtasar qildim.

Muhabbatlar muvaqqatdir, adovatlar haqiqatdir,

Adolat qayda lekin zulmi vahshatlar haqiqatdir.

Qani hurriyat olamda asoratlar haqiqatdir,

Balolar, dardlar ko`pdir falokatlar haqiqatdir.

Kadarlar, g`ussalar, g`amlar,safolatlar haqiqatdir,

Butun osorimiz qonli, jinoyatlar haqiqatdir.

28.3.04.

Kech soat 5.00

Rauf Parfi

O'zturk


XS
SM
MD
LG