Breaking News

O'zbekistonda ehtimoliy inqiroz ortidagi bahsu-munozaralar


Bo`hronlarni oldini olish bo'yicha xalqaro tashkilotning (International Crisis Group) hisobotida O`zbekistonning beqarorlik va vayronalik yoqasida turgani va bu tashxislarning yaqin kelajakda sodir bo`lish ehtimoli haqida yoziladi.

Ta’kidlanishicha, O`zbekistondagi vaziyat mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni xatarli qilishi mumkin. Inqirozga keltirayotgan sabablar sifatida O`zbekistonda siyosiy bosimning kuchayib borayotgani, korrupsiya darajasining yuqoriligi, aholining qashshoqligi, buning radikal ekstremizm tarafdorlariga imkoniyat yaratishi kabi boshqa ijtimoiy muammolar ta’kidlanadi.

Hisobotga munosabat bildirayotgan mahalliy kuzatuvchilar O`zbekistonda sodir bo`lishi mumkin bo`lgan inqirozga hokimyat va aholi o`rtasidagi qarshilik sabab bo`lishi mumkinligini aytishmoqda.

Mahalliy kuzatuvchilardan biri Iskandar Xudoyberganovga ko`ra, qarshilik kuchaygan taqdirda ham ular inqirozdan qanday chiqish yo`llarini ko`rsatishmaydi.

“Faqat ozchilik foiz inqirozdan qanday chiqib ketish yo`lini biladi va shu asosda hukumatni tanqidga oladi, o`z pozitsiyasini ochiq bildiradi. Biroq ko`pchilik bu inqirozdan qanday chiqish mumkinligidan bexabar, ularda faqat norozilik bor. Aynan ana shu narsa xafvli, bu davlatning o`zi uchun ham, mustaqilligi uchun xavfli bo`lgan, O`zbekistonda isyonni keltirib chiqarishi mumkin bo`lgan xavf,” -deydi kuzatuvchi

Mahalliy ekspertlardan biri Bahodir Musayevga ko`ra, u O`zbekistondagi vaziyat nafaqat mintaqa xavfsizligi balki milliy xavfsizlik uchun ham tahdidli ekanligini turli konferensiyalarda ta’kidlab kelgan:

“O`zbekistondagi vaziyat faqat qo`rquv va militsiya zo`ravonligi ostidagina ushlab turilibdi. Mamlakatda demokratik muxolifat yo`q qilingan bir sharoitda, siyosiy bo`shliqni ekstremistik tahdidga asoslangan kuchlar egallashi ehtimoli mavjud, chunku bugun siyosiy maydonga chiqib kelgan har qanday kuch mavjud hukumatdan norozi bo`lgan minglab kishilarni birlashtirish imkoniyatiga ega.”

Bahodir Musaevga ko`ra, buning sabablari ko`p. Iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar o`tkazilmayotgani, siyosiy erkinlikning yo`qligi, va eng asosiysi bu mavjud tuzum yuritayotgan siyosatdir.

Ekspertga ko`ra, Rossiya bilan munosabatlarini yaqinlashtirish evaziga o`z pozitsiyasini mustahkamlagan O`zbekiston hukumatiga nisbatan rivojlangan demokratik davlatlarning bosimi zaiflashayotganini kuzatish mumkin.

“Xalqaro hamjamiyat O`zbekistondagi demokratik kuchlarni qo`llab-quvvatlamas ekan, mamalakatda demokratik siyosat vakillari qolmasligi mumkin,” -deydi ekspert.

Iskandar Xudoyberganovga ko`ra, O`zbekistondagi vaziyat, jumladan xalqaro bo`hronlar tashkiloti tomonidan bildirilgan tahdidlarni bartaraf etishda g’arb ko`magi va mamalakatdagi demokratik kuchlarning birligi muhim.

“Bu og`ir sharoitda muxolifat birlashib harakat qiladigan bo`lsa, shuning o`zi katta gap bo`ladi. Avhol o`girlashgach, hukumat muxolifat vakillarini eshitishga majbur bo`ladi. Ammo, muxolifatning o`zi bir-biri bilan ajralish bilan band. Bunday sharoitda hukumat ularni eshitmaydi ham,” -deb ta`kidlaydi Iskandar Xudoyberganov.

Mustaqil ekspertlar rasmiy hukumat tomonidan iqtisodiy o`sish mavjudligi, o`tkazilayotgan siyosiy islohotlar, ikki palatali parlamentning tashkil topganligi kabi ko`rsatkichlarni rad etib kelishadi. Ularga ko`ra, faqat hukumat pozitsiyasini qo`llayotgan siyosiy partiylargina O`zbekistonda faoliayt yuritishi mumkin. Hukumatga o`z muxolifligini el`on qilgan partiyalarga tazyiq ko`rsatiladi va ro`yxatga olinmaydi.

Mavjud hukumat pozitsiyasini himoyalash bilan tanilgan “Siyosat” axborot tahlil markazining ekspertlari Xalqaro bo`hronlar sababini o’rganuvchi tashkilot tomonidan e`lon qilingan hisobotga o`z munosabatlarini bildirishni istashmadi. Hisobot bilan tanishgan markaz ekspertlaridan biri G`afur Jamolovga ko`ra, tashkilotning o`zi mavhum, uning hisoboti esa munosabatga loyiq emas.

Bo`hronlarni oldini olish xalqaro tashkiloti muntazam ravishda mintaqaga oid vaziyat yuzasidan hisobot chiqarib boradi. 2004 yilda chiqarilgan “O`zbekistondagi islohotlar inqirozi: xalqaro hamjamiyat faoliayati uchun yo`nalishlar” nomli hisobotda tashkilotning missiyasi sifatida xalqaro hamjamiyatni inqirozli vaziyatlardan xabardor qilish ekanligi ko`rsatiladi. Xalqaro bo`hronlar guruhini moliyalashtiruvchi homiylar sifatida esa g’arbdagi bir qator rivojlangan davlatlar, turli xalqaro jamg`armalar ko’rsatib o`tiladi.

XS
SM
MD
LG