Breaking News

Ko'pchilik amerikaliklar Islom diniga nisbatan salbiy munosabatda


AQSh Iroqda boshlagan urushning to’rtinchi yili davom etar ekan, 9 martda chiqarilgan ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Islom diniga salbiy munosabatda bo’lgan amerikaliklar soni ko’paymoqda.

Aytish joizki, 2001 yilning 11 sentyabrida AQShga qilingan hujumdan beri Islomga salbiy qaraydigan amerikaliklar soni o’sib kelmoqda. Vashington Post gazetasi va ABC kompaniyasi o’tkazgan so’nggi so’rovda bunday amerikaliklar ayni paytda 46 foizni tashkil etishi aniqlangan. Bu ko’rsatkich 2001 yilning oxiridan beri 7 foizga o’sgan.

So’rovda ko’rsatilishicha, har uch amerikalikdan biri Islom boshqa din vakillariga qarshi zo’ravonlik hissini uyg’otadi, deya ishonadi. Amerikaliklarlarning har to'rtdan biri esa musulmonlar haqida hech bir sababsiz salbiy fikrda ekanligini ochiq-oydin bildirgan.

Vashingtondagi Yaqin Sharq tadqiqotlari institutiga ko’ra, bunga sabab - terrorga qarshi AQSh boshchiligidagi kurash, Iroqda uchinchi yil davom etayotgan zo’ravonliklar, hamda ommaviy axborot vositalarida Eronning yadro dasturi atrofidagi mojaroning muntazam yoritilishidir.

Vashingtonda joylashgan AQSh-Arab antidiskriminatsiya qo’mitasi vakili Layla Al-Qatami Muhammad payg’ambarning karikatura qilinishiga qarshi dunyo bo'ylab o’tkazilgan nozorizilik namoyishlari haqida shunday deydi:

- Namoyish yoki boykot o’tkazish bu bir narsa. Ammo elchixonalarga bostirib kirib, zo’ravonlik va bosqinchilik uyushtirish Islom sha’niga dog’ tushiradi.

Al-Qatami xonimga ko’ra, Amerika xalqi Islom haqida ko’proq o’rganishi lozim.

XS
SM
MD
LG