Breaking News

O'zbekistonda kichik tadbirkorlar kamayib bormoqda


Yaqinda O`zbekiston prezidenti tadbirkorlik faoliyatidagi tekshiruvlar sonini kamaytirish borasida qonunchilikka kiritilgan o`zgarishlarni tasdiqladi. O`zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish bilan bog`liq boshqa bir qator qarorlar ham qabul qilingan. Biroq, mamlakatda tadbirkorlar sonining keskin kamayayotgani va mavjud korruptsiya sharoitida ishbilarmonlik bilan shug`ullanish tobora qiyinlashayotgani kuzatiladi.

O`zbekiston Senati tomonidan qabul qilingan va prezident tomonidan yaqinda tasdiqlangan qonun, asosan, fermerlik va kichik tadbirkorlik bilan shugu`llanuvchi tashkilotlarda turli tekshiruvlar o`tkazilishga chek qo`yish va bunday tekshuruvlarning o`tkazilish vakolatlari va muddatlarini belgilab beradi.

Qonunga ko`ra tadbirkorlik bilan shug`ullanuvchi tashkilotlarining moliyaviy faoliyatlarini faqat soliq xizmati vakillari ma`lum muddatda tekshirishlari va qonunbuzarlik topilgan taqdirdagina prokuratura departamenti tomonidan surushtiruv o`tkazilishi mumkin.

Mahalliy tadbirkorlarning fikrlarariga ko`ra, qabul qilinayotgan qonun va qarorlardan qat’iy nazar O`zbekistonda tadbirkorlik bilan shug`ullanish mahalliy amaldorlar bilan kelishmagan holda, deyarli mumkin emas.

Xalqaro moliyaviy korporatsiyaning (IFC) O`zbekistondagi idorasi 3000 mingdan ortiq mahalliy tadbirkorlar bilan o`tkazgan so`rov natijalarini e`lon qildi. So`rov 2004 yilda O`zbekistondagi tadbirkorlikka oid vaziyatni o`z ichiga oladi.

Toshkent viloyati Tadbirkor ayollar uyushmasi rahbari Gulnora Mahmudovaga ko`ra, hozirga kelib mazkur so’rovda ko`rsatilgan bir qator masalalar o`z yechimini topgan:

- Xususan, tadbirkorlarni ro`yxatdan o`tkazish, soliq yukini yengillashtirish va tekshiruvlar sonini kamaytirish kabi muammolar barham topmoqda, - deydi Gulnora Mahmudova.

Gulnora Mahmudovaning fikricha, yaratilayotgan qonunlardan va imkoniyatlardan foylanuvchi tadbirkorlar bir qator muammolarga duch kelishayotganligini ham ta`kidlab o`tadi.

- Tuman, shahar miqyosidagi tadbirkorlarga yordam berishi kerar bo`lgan tizimlar tadbirkorlarga nisbatan sun’iy ravishda to`siqlar qo`yishmoqda. Ayrim tadbirkorlarimiz amaldorlar bilan dushman bo`lib qolmaslik yoki ularning ertaga kattaroq tekshiruv boshlab ketishlaridan xavotirga tushib, ular bilan noqonuniy ravishda bo`lsa ham muomala qilishga majbur bo`lishmoqda. Bu eng katta muammolardan biri bo`lib qolmoqda, - deydi Gulnora Mahmudova.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasining vakili, sobiq tadbirkorlardan biri, A`zam Turg`unovning O`zbekistonda qonuniy ravishda tadbirkorlik bilan shug`ullanish, korruptsuya darajasining yuqoriligi bois ham mumkin emasligini urg`ulaydi.

-Tadbirkorlik haqida qonunlar va qarorlar chiqarilgan, lekin ular ishlamaydi. Oddiy bir misol, hamma hujjatlaringiz joyida bo`lib ham bankka boring, qarz ololmaysiz. Bu butun O`zbekiston bo`yicha yo`lga qo`yilgan. Agar sizda davlat miqyosida juda foydali loyiha bo`lsa ham, bu hech kimni qiziqtirmaydi. Faqat mutasaddi odamlarga pora bergan taqdiringizda yoki hukumat doirasida biron tanishingiz, qarindoshlaringiz bo`lsagina, siz biror loyihani amalga oshirishingiz mumkin. Xullas, aynan korrupsiya tufayli tadbirkorlik rivojlanmayapti. Agar korrupsiya bo`lmasagina, haqiqiy tadbirkorlik rivojlanadi. Shunda ularning qiladiga ishi qolmaydi, - deydi A`zam Turg`unov.

Bundan tashqari 2006 yilning “Homiylar va shifokorlar” yili sifatida e`lon qilinishi ham ko`pchilik tadbirkorlar tomonidan xavotir bilan qabul qilinmoqda. Ismi oshkor etilishini istamagan tadbirkorga ko`ra, shu paytgacha ham mahalliy hokimyatlar turli jamoatchilik tadbirlarini xusisiy tadbirkorlar bo`yniga majburan yuklab kelgan. Bunday majburiyatni bajarishni istamagan tadbirkorga nisbatan soliq va prokuratura xodimlari tomonidan tekshiruvclar uyushtirilgan.

Ba`zan bunday tekshiruvclar tadbirkorlik faoliyatini tugatilishigacha borib yetgan. Homiylar yilida esa qabul qilingan qaror va qonunlardan qat’iy nazar mahalliy hokimyat tomonidan yuklanadigan majburiyatlarning yanada ko`payishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG