Breaking News

Yerni chiqindilaridan himoyalash - O'zbekiston uchun dolzarb muammo


22 aprel - Xalqaro Yerni E’zozlash kuni. 1970 yilning 22 aprelida Amerikada tuproq muhofazasi bilan boshlangan ekologik harakat keyinchalik xalqaro tus olgan.

Mutaxassislarga ko’ra, Yer kurrasi XXI asrga ekologik xavf bilan o’tgan. Ilmiy texnika taraqqiyotidan to’g’ri foydalana olmaganlik, inson bilan tabiat o’rtasidagi muvozanatning buzilishi oqibatida Orol dengizinig qurishi, iqlim o’zgarishi, ozon tuynuklarining paydo bo’lishi, parnik hodisalari, issiqlikning ko’payishi bilan birga tuproqning sho’rlanishi, eroziyaga uchrashi kabi hodisalar ham vujudga kelgan.

Xalqaro Ekosan jamg’armasi raisi Yusufjon Shodimetovga ko’ra, yerni muhofazalash, ayniqsa uni maishiy va sanoat chiqindilaridan himoyalash O’zbekiston uchun ham dolzarb muammo hisoblanadi.

“Milliard tonnalab chiqindilarimiz, uning ichida toksik moddalar, radionurliklar, kimyoviy moddalar, ayniqsa ksenobiotiklar", - deydi u. "Bu – supermutagen. O’shaning ta’sirida to’qimalarning notipik bo’linishiga, rak kasalliklarini olib kelishi mumkin bo’lgan moddalar yerning ustida yotibdi. Hozir oddiy bir tuproqning zaharlanishi, zararlanishi shu darajagacha chiqdiki, mana shu ishlatilgan pestitsidlar, kimyoviy moddalar hozir o’zining salbiy ta’sirini beryapti. Hali ham shuning asoratlari bolalar va onalar salomatligiga ta’sir ko’rsatyapti. Ksenobiotiklarning genga ta’siri, irsiy ta’siri, shuni ko’rsatyaptiki, hozirga kelib ayniqsa bolalar salomatligiga, xromosoma abiratsiyasigacha olib kelayotgan sharoitlarga olib kelib qo’ydi", - deb hisoblaydi Yusufjon Shodimetov.

Barcha mavjudotning rizq-ro’zi tuproqdan. Tuproq qatlami esa tabiiy kuchlar hamda inson ta’sirida o’zgarib turadi. Ma’lumotlarga ko’ra, insoniyat tarixida 2 milliard gektar unumdor yer yo’qotilgan, u sho’rlangan yo sahroga aylangan. Yer kurrasida sug’orilishi mumkin bo’lgan yaroqli tuproq 1,5 milliard gektar atrofida.

Ayni paytda O’zbekistonda 44 million gektar quruqlik yer mavjud. Shundan 28 million gektar yer qishloq xo’jaligida foydalaniladi. Keyingi 15-20 yil ichida tuproq sho’rlanishi ortgan va u hozir 2 million gektarni tashkil etadi. Toshkent Davlat Agrar universitet professori Hodimat Maqsudovning aytishicha, tuproqni muhofaza qilishga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqishga tatbiq qilish muammolar yechimidan biri bo’lishi mumkin.

“Bizda o’t almashlab ekish buzulib ketdi", - deydi u. "Shuning uchun birinchi navbatda tuproq unumdorligini oshirish, ularning tarkibida mikrobiolektik jarayonlarni yaxshilash uchun biz tuproqda o’t almashlab ekishni joriy qilishimiz kerak. Tuproqlarga organic moddalarni ko’proq solishimiz kerak. Hamda meneral o’g’itlarni maqqullangan normada solish, shu bilan birga tuproq unumdorligini oshirish talab qilinadi. Biz kompleks tadbirlar olib borishimiz kerak. Eng yaxshi navlarni ekish, eng yaxshi agrotexnik sistemalarni qo’llashimiz kerak”, - deydi olim.

Insoniyat o’zi uchun kerak bo’lgan oziq-ovqat mahsulotlarining 95 foizini tuproqdan olar ekan, uni muhofazalash ham dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Mutaxassislar fikricha, o’tgan asrning 80-yillarida kimyoviy dorilardan foydalanish sobiq Ittifoqda bir gektar yerga 3 kilogrammdan to’g’ri kelgan bo’lsa, O’zbekistonda bu raqam 25-27 kilogrammni tashkil etgan.

Buning asorati esa 600 yildan 1200 yilgacha saqlanishi mumkin ekan.

O’zbekiston mustaqilligidan so’ng Yer resurslari davlat Qo’mitasi tuzilgan. Ayni paytda yerdan unumli foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash, qayta tiklash va oshirishga qaratilgan Milliy dastur ishlab chiqilgan.

“Ayniqsa yerlarimizning meliorativ holati yomonlashganini hisobga olib, yerdan foydalanuvchilarning yerga bo’lgan munosabatlari, ularning yerdan olayotgan hosili talabga javob beryaptimi yoki yo’qmi, hozir shu narsalar ham bugungi kunda Yer resurslari davlat Qo’mitasining tasarrufida turibdi", - deb fikr bildiradi professor Ramazon Qo’ziyev. "Asosiy masala shundaki, yer o’zining egasini topyapti. Yerga nisbatan mulkchilk hissi rivojlanyapti. Agar bordiyu tahlil qilib chiqadigan bo’lsak, fermer xo’jaliklarida yerlarning holatini yaxshilanishi boshqa umumiy joylarga qaraganda yaxshiroq. U o’sha yer o’ziniki bo’lgandan keyin, undan keyingi avlodlarga qoladigan bo’lgandan keyin shunga e’tibor kuchayapti”, - deydi professor Ramazon Qo’ziyev.

O’zbekistonda yerdan oqilona foydalanish, uning meliorativ holatini yaxshilash va muhofaza qilishning huquqiy asosi yaratilayotgan ekan, bu respublika qishloq xo’jaligini rivojlantirishga katta hissa bo’libgina qolmay, kelajak avlodga sog’lom, unumdor yerlar qoldirish yo’lidagi qadam hamdir.

XS
SM
MD
LG