Breaking News

Andijonlik qochqinlar O'shda namoyish qildi


Bugun o’zbekistonlik qochqinlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo’yicha Oliy Komissariatining O’shdagi vakolatxonasi yonida Andijon voqealariga bir yil to’lishi munosabati bilan namoyish o’tkazdi.

Qochqinlar namoyishga “O’zbek xalqim, Andijon qonini unutma”, “13 may unutilmaydi”, “Stop! Dictator Karimov!”, “Karimov rejimiga qarshi bosimni kuchaytirishini talab qilamiz” kabi shiorlar bilan chiqqan.

Andijon viloyatining Marhamat tumanida yashovchi Anorxon Hamdamova tazyiqlar tufayli O’zbekistonni tark etishga majbur bo’lgan. U Marhamat tumani o’rta maktablaridan birida o’zbek tili va adabiyotidan dars berganini aytadi. Bugun O’shda o’tgan namoyishda qatnashgan Anorxon Hamdamovaga ko’ra, Andijon voqealaridan keyin muxolifatchilar, huquq himoyachilari O’zbekistonni tashlab chiqib ketmoqda.

Qirg’iziston janubida qochqinlar huquqlarini himoya qilish bilan shug’ullanadigan “Adilet” nodavlat tashkiloti xodimlariga ko’ra, bugun to’rt nafar o’zbekistonlik boshpana so’rab, BMT Qochqinlar bo’yicha Oliy Komissariyatining O’shdagi vakolatxonasi hamda qirg’iz rasmiylariga murojaat qilgan.

Andijon fojeasining bir yilligi arafasida O’zbekiston Qirg’iziston bilan chegaralarda nazoratni kuchaytirayotgani seziladi.

O’zbekistonlik huquq himoyachisi Tog’boy Razzoqov ham O’shda yashayotgan qochqinlardan biri. Uning aytishicha, Andijon voqealari bo’yicha haqiqat baribir qachonlardir yuzaga chiqadi.

Qochqinlar o’tkazgan namoyish yarim soat davom etdi.

Ertaga Andijon qurbonlari xotirasiga bag’ishlangan namoyish Bishkek shahrida, “Asr shami” inson huquqlarini himoya qilish bo’yicha nodavlat tashkiloti tashabbusi bilan O’zbekiston elchixonasi binosi qarshisida o’tishi rejalashtirilgan.

XS
SM
MD
LG