Breaking News

Botkent hujumida ikki chegarachi, bir jangari halok bo'lgan


12 may kuni ertalab noma’lum qurolli guruh Tojikiston va Qirg’iziston chegarasida harbiylarga hujum qilgan. Ma’lumotlarga ko’ra, qurolli guruh bilan to’qnashuv oqibatida Qirg'izistonning ikki chegarachisi otib o'ldirilgan.

O’sh viloyat Ichki Ishlar boshqarmasi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, 12 may kuni tungi soat 2:30 da taxminan 9 nafar noma’lum shaxs Tojikistonning Isfara tumani Lakan qishlog’ida chegara bo’linmasiga hujum qilgan.

19 avtomat va 1 pulemetni hamda 4 ming donadan ko’proq o’qni qo’lga kiritgan guruh Qirg’iziston chegarasiga yo’nalgan. Qurolli shaxslar Botkent viloyatining Qadamjoy tumanidagi “Oqtuproq” bojxona punktiga hujum qilib, chegarachilarni nishonga olganlar.

"Interfaks" axborot agentligi tarqatgan xabarlarga ko'ra, jangarilardan biri chegarachilar tomonidan otib o'ldirilgan. Chegarachilarga ko'ra, o'lgan shaxs Tojikiston fuqarosi bo'lgan.

O’sh viloyat Ichki Ishlar boshqarmasi matbuot xizmatining boshlig’i Jenish Ashirboevga ko’ra, ayni paytda qurolli guruhni zararsizlantirish bo’yicha amaliyot olib borilayotir.

“Noma’lum guruh ikki mashinada kelishgan. Qurolli shaxslar mashinani Qadamjoy tumani markazidagi Pulgon qishlog’ida qoldirib, tog’ tomonga ketishgani to’g’risida ma’lumot oldik. Oxirgi ma’lumotlarga ko’ra, mashinaning ichidan 17 avtomat va 1 pulemet topilgan. Noma’lum guruhga mansub bir shaxs o’ldirilgan va yana bir kishi militsiya tomonidan qo’lga olingan. Hozir qurolli guruhning boshqa a’zolari Tojikiston chegarasidagi tog’da yashiringan, tog’ Qirg’iziston harbiylari va maxsus bo’linmalari tomonidan qurshab olingan”. – dedi Jenish Ashirboev.

Amaliyot paytida o’ldirilgan qurolli shaxs, 1977 yilda tug’ilgan Dilshod Rahimovning Tojikiston fuqarosi ekani aytilmoqda. Guruhning qo’lga olingan a’zosi esa, Ichki ishlar vazirligidagi manbaga ko’ra, millati o’zbek, Qirg’iziston fuqarosidir.

Qirg’iziston Xavfsizlik Kengashi kotibi Miroslav Niyozovga ko’ra, maxsus bo’linmalar va qurolli shaxslar o’rtasida otishma davom etmoqda. Qurolli shaxslar soni 5-10 nafar bo’lishi mumkin.

“Ularni qurshab oldik. Xudo xohlasa, kechqurun amaliyot tugaydi”, – dedi Xavfsizlik Kengashi kotibi Miroslav Niyozov.

XS
SM
MD
LG