Breaking News

O'zbekistonda armiyaga bugun kim boradi?


O’zbekistonda voyaga yetgan yigitlarni muddatli harbiy xizmatga chaqiruvning bahorgi mavsumi davom etmoqda.

Mamlakatda Sovet davridagidan keskin farq qiladigan kam sonli, tezkor va jangovor tayyorgarligi yuqori Qurolli Kuchlarni shakillantirishga kirishilgan.

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiylar sonini 15 ming nafarga qisqartirish ko’zda tutilgan bo’lsa-da, ularning harakatdagi umumiy soni 52-53 ming harbiyni tashkil etadi.

NATOning “Tinchlik yo’lidagi hamkorlik” dasturi doirasida o’zbekistonlik harbiylar AQShda va O’zbekistonning o’zida o’tkazilgan harbiy o’quv mashqlarida bir necha bor ishtirok etgan. O’zbekistonda umumiy harbiy majburiyat haqidagi yangi Qonunning kuchga kirishi ham respublika Qurolli Kuchlari islohotining bir ko’rinishi ekani aytiladi.

Uch yil avval yangi Qonunning kuchga kirishi harbiy xizmatga borishdan bosh tortgan yigitlarning, armiyaga farzandini yuborishni istamaydigan va turli yo’llar bilan ularni harbiy xizmatdan olib qolishga harakat qiladigan ota-onalar fikrini keskin o’zgarishiga olib kelgan. Bunga sabab deb harbiy xizmatda bo’lmagan yigitlarning ishga joylasha olmayotgani yoxud lavozimda ko’tarila olmasligi ko’rsatiladi.

Toshkent viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi hovlisiga kirib borganimda, yangrayotgan kuy-qo’shiqlar ostida xizmatga chaqirilgan yigitlar safga tizilishiyotgandi. Men shu tobda ular ko’nglidan nimalar kechayotganiyu, harbiy xizmatga boorish istagi naqadarligi bilan qiziqdim:

“Mening sevgan qizim ham aytdi-da, armiyaga borib kelmasang tegmayman, dedi. Hozir tibbiy ko’rik qilyaptiyu, shundan armiyaga borolmagan mumkin sog’ bo’lmaydi. Shuning uchun endi ketyapmiz...”.

“Hamma yerga ishga olishadi-da voyenniy bileti bo’lsa qo’lida, shu bo’yicha. Pullar berishib, dobivat qilayotganlar bor”.

“Bolalar qolib ketyapti. Negoden (yaroqsiz) bo’lib chiqyapti. O’shaning uchun, har bir bolaning niyatiyu armiyaga ketish. Shuning uchun xursandmiz ketishimizdan”, -deyishdi yigitlar.

O’zbekistondagi Umumiy harbiy majburiyat haqidagi yangi Qonunga ko’ra, harbiy xizmat muddati avvalgiday 2 yil emas, balki 12 oy qilib belgilangan. Oliy o’quv yurti bitiruvchilari esa 9 oy xizmat qilishadi xolos.

Mas’ullarga ko’ra, yangi qonun professional armiyaga o’tish yo’lidagi harakatlarning bir ko’rinishidir. Toshkent viloyat mudofaa ishlari boshqarmasining harbiy xizmatga chaqiruv bo’limi boshlig’i podpolkovnik Baxtiyor Ibrohimov qonundagi yangiliklar haqida gapiradi:

“Hozirgi yangi qonunga ko’p yangiliklar kiritildi. Masalan, oldin chaqiriluvchining ota-onasidan biri mehnatga qobiliyatsiz bo’lgan bo’lsa, harbiy xizmadan kechiktirilardi. Hozirda esa onasi ham, otasi ham mehnatga qobiliyatsiz bo’lib, undan boshqa mehnatga qobiliyatli o’g'li bo’lmasa, harbiy xizmatdan kechiktiriladi. Keyin chaqiriluvchining mehnatga qobiliyatli yolg’iz onasi yoki otasi bo’lib, ularning qaramog’ida 16 yoshga yetmagan 2 yoki undan ortiq farzandi bo’lgani holda, bunday yigitlarimiz ham harbiy xizmatdan kechiktiriladi. Chaqiriluvchining aka-ukalaridan biri harbiy xizmatni o’tayotgan bo’lsa, akasi kelgungacha ukasi harbiy xizmatdan kechiktiriladi. Chaqiriluvchining onasi tarbiyalayotgan voyaga yetmagan bir farzandi bo’lsa ham harbiy xizmatdan kechiktiriladi. Chaqiriluvchining birinchi yoki ikkinchi guruh nogiron xotini va ikki yoki undan ortiq farzandi bo’lsa ham, chaqiruvdan kechiktiramiz”, - deydi Baxtiyor Ibrohimov.

Harbiy majburiyat haqidagi yangi Qonunga ko’ra, salomatligi tufayli harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan, aka yoki ukasi harbiy xizmatni o’tash vaqtida halok bo’lgan, jinoiy javobgarlikka tortilgan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan, davlat ro’yxatidan o’tgan diniy tashkilotlarga a’zo bo’lgan yigitlar harbiy xizmatga olinmaydi.

Mulozimlar fikricha, harbiy xizmatga boorish ishtiyoqi shu qadar kattaki, hatto tuman ko’rigidan o’tmagan yoki xizmati kechiktirilgan yigitlar va ular ota-onalarining viloyat mudofaa ishlari boshqarmasiga o’z noroziliklarini bildirib kelishlari ko’paygan. Yana Baxtiyor Ibrohimov:

“Masalan, ota-onasi mehnatga qobiliyatsiz, boshqa o’g’li yo’q, Qonun bo’yicha uni harbiy xizmatga jo’natish mumkinmas, ular masalan jo’nating, biz rozimiz, deb kelishadi. Yoki, chaqiriluvchining onasi yolg’iz bo’lib, voyaga yetmagan 3-4 ta farzandi bo’ladi, bu eng katta o’g’lini harbiy xizmatga jo’nating, deb kelishadi ko’plari. Bu ham mumkinmas Qonun bo’yicha. Chegara qo’shinlariga masalan, chaqiriluvchilar og’irligi 60 kg.dan ko’p, bo’yi 170 sm.dan uzun bo’lishi kerak. Harbiy xizmatga har xil sabablarga ko’ra olinmagan yigitlarni o’z roziligi bilan safarbarlik chaqiruv rezerviga harbiy xizmatga olyapmiz”,- deydi u.

O’zbekistonda bundan bir necha yil oldin ota-onalar farzandlarini armiyaga jo’natmaslik uchun qo’ldan kelgan choralarni izlashgan. Endi esa, ota-onalar qanday yo’l bilan bo’lmasin, farzandlarini harbiy xizmatga jo’natishni istashmoqda. Bu vaziyatni farzandlarini armiyaga kuzatayotgan ota-onalarning o’zlari shunday izohlashadi:

“Mening birinchi o’g’lim, Bo’stonliq rayonidan kelganmiz, bugun formirofkasi bo’lyapti. Oldin ota-onalar o’g’limni armiyadan olib qolaman, deb harakat qilishardi, hozir esa aksincha, bolalar o’zlari ham borgisi kelyapti, ishlar masalasi bo’yichami, kelajak uchunda, harholda”.

“Ijobiy tomoni, uylanishi sal yaxshi bo’ladimi deyman-da. Sovchilikka borsangiz, armiyaga borganmi, deydi, ha, brogan desangiz, unda kasalligi yo’q ekan, qizimni beraman, deydi. Ish masalasi ham bor. Masalan, o’g’lim militsiyaga ishga kirmoqchi. Armiyaga bormasa, olmaydi”.

“Olib qolishni istamadik, chunki kattasini olib qolgandik. Kattasiga yig’layveribman-yig’layveribman dadasiga. Biz o’qitishga o’qitibmizu, olib qolibmiz. Endi mana, u katta ishlarda ishlolmay qoldi. Xudo xohlasa buni jo’natdik, astoydil niyat qilib”. “

Farzandim yolg’iz, Qonun bo’yicha yuborilmasligidan xabarimiz bor, lekin o’g’lim o’zi dobrobolniy. Hozir ishga joylashsa, boshqa qilsa, harbiy billet kerak deyapti, shuning uchun o’z xohishi bilan ketyapti”, deyishadi ota-onalar.

Toshkent viloyat doimiy tibbiy chaqiruv ekspert komissiyasi katta shifokori Akmal Saidazimov fikricha, chaqirilayotgan yigitlar sog’ligiga bo’lgan talab juda yuqori. Tishdagi kariyis ham chaqiriluvchining harbiy xizmatga olinmasligi uchun asos bo’layotir.

“Hozir ko’p uchrayotgan kasalliklardan bu eassitovonlik kasalligi va buqoq kasalligi ko’proq uchrab turibdi. Hozir juda qattiq atborimiz , juda kuchli. Agar tishi yigitning sog’ bo’ladigan bo’lsa, demak oshqazon-ichak sistemasida kasallik yo’qligi va bo’masligini ta’minlagan bo’ladi. Komissiya a’zolarimiz bolalarning ruhiyati, ma’naviyati, intellectual darajasi bilan tanishib, keyin qo’shinni belgilashadi. Harbir kasal deb yozayotgan bolamizning hammasi xizmatga borishni xohlaydi. Ko’pchilik bolalarimizga xizmatga noloyiqsan, deb aytolmaymiz, chunki yonida sheriklari turishadi. Bu uning g’ururini, insoniy …sini sal qisgani uchun unday deb aytmaymiz-da, sen boshqa xizmatga belgilanding deb aldashga ham to’g’ri keladi, chiqarib yuboramiz bolalarni. Aytsak, to’polon qilishadi. Xohish shu darajada, xohish juda baland, xohish juda katta”, -deydi shifokor Akmal Saidazimov.

Harbiy xizmatga chaqirilganlarning bir qismi o’z istaklariga ko’ra xizmatdan ozod etiladi va harbiy xizmatga chaqiriluvchilar zaxirasiga kiritiladi. Buning uchun ular Mudofaa vazirligi maxsus hisob raqamiga eng kam ish haqining 25 barobari miqdorida, ya’ni 100 dollardan ko’proq vznos to’lasalar bas. Biroq ushbu Qonunga ko’ra, favqulodda vaziyat yoki harbiy agressiya yuz bergan taqdirda bu fuqarolar ham harbiy xizmatga chaqirilishadi.

XS
SM
MD
LG