Breaking News

Vashingtonda o'zbek raqsidan saboq berilmoqda


O’zbekistonda yaxshi tanish Lorel Viktoriya Grey boshchiligidagi raqs kompaniyasi Vashingtonda uch kunlik Markaziy Osiyo raqs to’garagini tashkil qildi. Taniqli san’atkorlar qatnashchilarga o’zbek raqs san’atidan saboq berish uchun to’garak ishida ishtirok etdilar.

O’zbekiston Xalq Artisti Qizlarxon Do’stmuhammedova Markaziy Osiyo raqs to’garagi uch kunligida har yili ishtirok etadi. Bu yili ham an’anaga sodiq qolgan holda, mashhur san’atkor amerikalik shogirdi taklifini qabul qilib, o’zbek raqs san’atiga qiziqib to’garakka yozilgan amerikaliklarga san’ati sirlaridan bir qismini ulashdi.

To’garak ishi davomida qatnashchilar Farg’ona va Buxoro raqs uslublari hamda uyg’urcha va turkmancha raqslardan saboq oldilar, turli xil raqs uslublari o’rtasidagi tavofutlarni o’rgandilar.

To’garak tashkilotchisi O’zbekistonda yaxshi tanish Lorel Viktoriya Greydir. Avvaliga o’zbek raqs sirlarini Qizlarxon Do’stmuhammedovaga o’xshash ustoz san’atkorlardan o’rgangan Grey xonim bir necha yildan buyon o’z bilimlarini amerikaliklar bilan ham baham ko’rmoqda. U asos solgan Ipak Yo’li Raqs Dastasi ko’plab konkurslarda g’olib chiqqan va so’nggi paytda AQSh bo’ylab qator tadbirlarda ishtirok etish uchun taklif etib turilibdi.

Ipak Yo’li Raqs Dastasi raqqosalaridan biri Kortni Smoters Qizlarxon Do’stmuhammedova ishtirokida har yozda o’tkaziladigan mashg’ulotlarning doimiy qatnashchisidir. U yaqinda O’zbekistonda bo’lib qaytdi.

"Men uch yildan beri mazkur to’garak ishida qatnashib kelaman," - deydi u. "Raqsni o’rganish bu xuddi chet-tilini o’rganishdek. Takrorlab turmasangiz, yodingizdan ko’tariladi. Har safar yangi raqs harakatlari yoki uslublarini o’rganganimda, mahoratimni yanada oshirish uchun yana nimadir yetishmaganday bo’ladi. Shuning uchun bu yerga kelganimda, har safar yangi narsalarni o’rganaman."

(Lavhaning to'liq qismini orqali tinglang)

XS
SM
MD
LG