Breaking News

Vinrok Interneshnl vakolatxonasi yopilishi mumkin


O`zbekistonda ayollarning huquqiy savodxonligini ko`tarishga uringanlik aybi bilan AQShga qarashli navbatdagi nodavlat tashkilot yopilish arafasida. Vinrok Interneshnl (Winrock International) vakolatxonasini yopish masalasini Toshkent shahar fuqarolik sudi ko`rib chiqishi kutilmoqda.

O`zbekiston Adliya vazirligiga ko`ra, Vinrok Interneshnl noqonuniy tarzda O`zbekiston ayollarining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida mahalliy nodavalat tashkilotlar vakillari bilan mashg`ulotlar o`tkazgan. Nodavlat tashkilotga yana bir e`tiroz noshirlik faoliyati haqidagi qonunning buzilgani va “Islom va ayollar” mavzusidagi kitobning chiqarilishiga homiylik qilganidir.

Adliya vazirligiga ko`ra, Vinrok Interneshnl vakolatxonasining faoliyat nizomida asosan O`zbekiston qishloq xo`jaligiga oid nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qilish belgilangan. Jumladan, fermerlar faoliyati, sohaga oid tajriba almashinuvlari.

Kuzatuvchilar O`zbekistonda xalqaro nodavlat tashkilotlar faoliyatini tugatish rejalangan siyosat asosida davom etmoqda va bu jarayonda huquqiy qonunbuzarliklar mavjudligi haqida gapirish o`rinsizdir, demoqdalar.

Mahalliy nodavlat tashkilot vakillaridan birining aytishicha, xalqaro nodavlat tashkilotlar faoliyatining tugatilayotgani haqida matbuotda ma`lum qilinayapti, biroq so`nggi paytda yuzlab mahalliy tashkilotlarning yopilishi haqida hech narsa deyilmayapti.

Vinrok Interneshnl tashkiloti O`zbekistonda 1994 yilda faoliyat boshlagan. Vakolatxona faoliyati AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi tomonidan moliyalashtirib kelingan.

XS
SM
MD
LG