Breaking News

Xitoy mollari O'zbekistonda juda ommabop


Keyingi yillarda O`zbekistonning Xitoy bilan ham siyosiy, ham iqtisodiy aloqalari mustahkamlanmoqda. Bu esa respublika bozorlarining arzon Xitoy mahsulotlari bilan to`lishiga olib keldi. Jizzax viloyatida qurilganiga o`n yildan oshsa ham ishlamay turgan kattagina bozor yaqinda Xitoy xalq iste`moli mollari sotiladigan ulgurji “Karvon-bozorga” aylantirildi. Bu esa Xitoy mahsulotlarining barcha bozorlarni yoppasiga egallay boshlaganidan dalolatdir. Mutaxassislar va bozorchilar bugungi o`zbek xaridorining faqat arzon Xitoy mahsulotlari sotib olishga qurbi yetishini ta`kidlashadi.

O’zbekiston bozor iqtisodiyotiga o’tishi bilan respublika bozorlari Xitoy yengil sanoati mollariga to’lib toshdi. 2002 yil may oyidagi hukumatning mamlakatga sifatsiz mollar kirishining oldini olishga qaratilgan qarorlaridan so’ng Xitoydan keltiriladigan sanoat mollariga ham to’siqlar qo’yildi. Biroq tijoratchilar turli yo’llar bilan bo’lsa-da, arzon mahsulotlarni olib kelishga harakat qilishadi. Buning sababini ular xalqning xarid ehtiyoji bilan tushuntirishadi. Aksariyat sotuvchilar Xitoy mollarini olib-sotarlik bilan ro’zg’or tebratishayotganini aytishadi.

Bozorda aksariyat xaridorlar asosan Xitoydan keltirilgan mahsulotlar xarid qilishlarini aytadilar, chunki, ularga ko’ra, 30-40 ming so’mlik maosh bilan arzon mollarni xarid qilishga quvvatlari yetadi xolos.

Xaridor va sotuvchilar O’zbekistonda chiqadigan sanoat mollaridan ko’ra Xitoy tovarlarining sifatliroq ekanini ta’kidlashadi.

Ayni paytda respublika bozorlaridagi noerkinlik Xitoy mahsulotlariga bo’lgan qiziqishni ham so’ndirmoqda, deyishadi sotuvchi va xaridorlar.

“Xitoy mollari fasl almashuviga qarab tez-tez kelib turadi, juda arzon, bizga ma’qul-ku, lekin oladigan narsangizni qidirib kelsangiz topolmaysiz. Ikki yildan beri shu ahvol: yoyadilar, qochadilar. Masalan, men hozir poyabzal olgani keldim. Kecha ko’rib ketgan molim bugun yo’q. Nima sababdan? Mana shu quva-quv. Xuddi mana shu yerda bo’laman, degan sotuvchi yo’q, men topolmadim uni. Eshitishimcha, uning molini olib kirib ketgan emish. Ko’rib turibsiz, bu yerda yoyma bozor, yerlarda o’tirib sotishadi. Xitoy mollari u yerdan sifatli bo’lib keladi, ammo bu chang-to’zonlarda sifati buzilyapti. Agar shu ahvolda davom etaversa, menimcha, xaridorlar ham qaytsa kerak”, - deydi xaridorlardan biri.

Ba’zi sotuvchilarga ko’ra, so’nggi yillarda bojxona to’lovlari va yo’l xarajatlari oshgani bois, Xitoy tovarlari Qozog’iston va Qirg’iziston bozorlaridan keltirilmoqda. Qozoq va qirg’iz bozorlari o’zida esa boshqa mamlakatlarning qimmat va sifatli mollari bilan to’lyapti, deydi kuzatuvchilar.

XS
SM
MD
LG