Qozog’iston so’nggi yillarda mintaqaviy kuchga aylanib bormoqda. Xo’sh, Qozog’iston muvaffaqiyati sababi nimada?
15 yil avval mustaqillikka erishgan Qozog’iston bugun sobiq Sovet ittifoqidagi eng rivojlangan davlatlardan biriga aylandi.
Hali ochilmagan gaz va neft zahiralariga ega Qozog’iston iqtisodi Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar, aytaylik O’zbekiston yoki Qirg’izistondan farqli o’laroq, gullab-yashnamoqda.
Mamlakat prezidenti Nursulton Nazarboyev muvaffaqiyat sababini o’z vaqtida jalb qilingan chet el sarmoyalarida deb biladi.
“Sizni ishontirib aytamanki, aynan sarmoyalar Qozog’iston iqtisodiyotini yuksaltirdi. Har bir yotqizilgan dollar ichki yalpi mahsulotga nisbatan foiz hisobida uch barobar foyda keltiradi. Bu asosiy masala,” - deydi Nursulton Nazarboyev.
Sobiq ittifoq parchalanishi ortidan Qozog’iston chet ellik sarmoyadorlar uchun bozorlari eshiklarini keng ochdi. Rossiya, Yevropa, AQSh, Xitoy kabi iqtisodiy jihatdan qudratli davlatlar ko’chmanchilar yurtiga yirik miqdorda sarmoya yotqiza boshladi.
Mana endi Qozog’iston mintaqada iqtisodiy o’sish darajasi bo’yicha yuqori ko’rsatkichga erishdi. Markaziy Osiyo aholisi hozir Almatida yashash darajasi Toshkent yoki Bishkekdan ancha baland ekanini yaxshi biladi.
Qozog’istonlik tadbirkorlar o’z tijoratlarini allaqachon sarhad osha kengaytira boshlagan. Uzoqqa bormaylik, Qozog’istonga qo’shni Qirg’izistonda bank tizimi deyarli qozoq sarmoyadorlari ixtiyoriga o’tib bo’ldi. Buni Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev ham tan oladi.
“Bugun Qirg’izistonda Qozog’istonning beshta banki ishlayapti. Qozog’istonda pul haddan tashqari ko’p. Qirg’izistonga o’sha pul yetishmayapti,” - deydi Bakiyev.
Qozog’iston prezidenti mintaqada yetarli ta’sir kuchiga ega; uning nutqlaridan iqtisodiy vositalar orqali endi mamlakatning qudratli siyosiy kuchga aylanish istagi borligi seziladi.
“Qozoq shirkatlari Qirg’izistonga yirik o’lchamdagi pul bilan kelishlari mumkin,” - deydi Nursulton Nazarboyev.
Qozog’iston va prezident Nursulton Nazarboyev salohiyatini uning iyul oyi o’rtalarida Sankt-Peterburg shahrida o’tgan Katta Sakkizlik davlatlari rahbarlarining uchrashuvida faxriy mehmon sifatida qatnashganiga qarab baholash mumkin.
Shu yil kuzida, sentyabr oyida Nursulton Nazarboyev prezident Jorj Bush taklifiga binoan umumiy hisobda oltinchi marta AQShga boradi.
Qo’shma Shtatlar Qozog’istonning yirik iqtisodiy hamkori sanaladi. Qozog’iston va Xitoy o’rtasida keyingi yillarda rivojlanayotgan iqtisodiy aloqalar AQSh bilan munosabatlarga soya tashlay olmadi.
Ammo prezident Nursulton Nazarboyev Qozog’iston har qanday hamkor bilan bahslasha olishiga ishonadi:
“Bizga hozir hech qanday kredit, hech qanday qarz kerak emas. Biz sizga qarz berishga tayyormiz. Biz hech kimning, shu jumladan AQShning ham siyosiy shartlarini qabul qilmaymiz,” - deydi Qozog’iston prezidenti.
Tahlilchilar Qozog’iston iqtisodiyotining rivojlana borishi G’arbni nodemokratik ko’rinishlarga nisbatan befarqlashuviga sabab bo’lishidan xavotirlanadilar.
Qozog’istonda ommaviy axborot vositalari va muxolifat hukumat bosimi ostida qolayotgani kuzatiladi. Bir yil ichida ikki nafar muxolifat a’zosi o’ldirib ketilgan, tergov xulosalari esa mavhum qolmoqda.
Prezident Nursulton Nazarboyev mamlakatni 17 yildan buyon boshqaradi. 2005 yil dekabr oyida o’tgan saylovda u yana yetti yil prezident bo’lish huquqiga ega bo’ldi.
2005 yilda o’tgan prezident saylovlari Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan nodemokratik deya baholangan. Qozog’iston ayni tashkilotning amaldagi raisligiga erishish umidida.
Ma’lumotlarga ko’ra, prezident Nursulton Nazarboyev kuzda AQShga tashrifi jarayonida bu masalani prezident Jorj Bush bilan ham muhokama qiladi.