Breaking News

Qirg'iziston andijonlik besh qochqinni Toshkentga topshirdi


Bugun Qirg’izistonning O’sh shahar tergov izolyatorida saqlanayotgan besh andijonlik qochqin bosh prokuratura tomonidan O’zbekistonga topshirilgan.

Bu haqda “Amerika Ovozi” radiosiga BMT Qochqinlar agentligining O’shdagi vakolatxonasi vakili Vadim Makeev ma’lum qildi.

“Bizning bilishimizcha, qochqinlar kunduzi soat 11.00 va 14.00 oralig’ida tergov izolyatoridan O’zbekistonga topshirilgan. Bu ish ertalab tergov izolyatoriga O’sh viloyat gubernatori [Janto’ro Satibaldiev] kirib-chiqqandan keyin amalga oshirilgan. Biz bu haqda oradan ancha vaqt o’tgandan keyin xabar topdik”, – dedi Vadim Makeev.

Andijon qirg’inidan keyin yuzlab o’zbekistonliklar Qirg’izistondan panoh topgan, keyin Ruminiya orqali boshqa davlatlarga ko’chirilgan edi. O’zbekiston hukumati 4 nafar qochqin – Jahongir Maqsudov, Rasul Pirmatov, Odiljon Rahimov, Yoqub Toshmatovni 2005 yilning 13 may kuni Andijonda yuz bergan qonli voqealarni tashkillashtirishda va shahar prokurorini o’ldirishda ayblamoqda. Beshinchi qochqin – Fayoz Tojixalilov o’tgan yil kuzida O’sh shahar militsiyasi noqonuniy muhojirlarga qarshi o’tkazgan amaliyot cho’gida qo’lga olingan.

Qirg’iz rasmiylari O’sh shahar tergov izolyatorida 1 yildan oshiq vaqt mobaynida ushlab turilgan andijonliklarga qochqin maqomi berishdan bosh tortgan. Huquq himoyachilari qochqinlar O’zbekistonga qaytarilgan taqdirda, ular qiynoqqa solinishi xavfi borligini qayd qilganlar.

Qirg’iziston prezidenti qoshidagi inson huquqlarini himoya qilish bo’yicha komissiya raisi Tursunbek Aqunov qochqinlarning berib yuborilishini sharmandalik deya baholadi.

“Bu qochqinlar berilishi kerak emas, biz xalqaro jamoatchilik oldida sharmanda bo’lamiz, imzolaganimiz xalqaro konventsiyalarni buzgan bo’lamiz, deya kecha [bosh prokuraturaga] murojaat qilgan edik. Bosh prokuratura Qirg’izistonni dunyoga sharmanda qildi, xalqaro me’yorlarni hurmat qilmadi. Bosh prokuror [Qambarali Qo’ng’antiev] O’zbekistonga qanday qilib oqishni o’yladi”, – dedi Tursunbek Aqun.

BMT Qochqinlar agentligi vakili Vadim Makeevning aytishicha, qochqinlar berib yuborilishi to’g’risida qirg’iz rasmiylari na agentlikni, na qochqinlarning advokatlarini xabardor qilgan.

“Biz [qochqinlar] berib yuborilishini bilmas edik. Biz bu haqda [qochqinlar] berib yuborilgandan keyin xabar topdik”, – dedi BMT Qochqinlar agentligi vakili Vadim Makeev.

XS
SM
MD
LG