Breaking News

O'lim jazosini bekor qilish rejalangan, nega hozirdan moratoriy yo'q?


O`zbekiston Oliy sudida o’tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada mamlakatda o`lim jazosini bekor qilish borasida tayyorgalik ishlari davom etayotgani bayon qilingan.

Prezident farmoniga ko`ra, o`lim jazosi 2008 yildan boshlab bekor qilinishi kerak. Huquq himoyachilariga ko`ra esa, sud hukumat nazoratida, qiynoqlar mavjudligi sharoitida o`lim jazosini q`ollash yanada xatarlidir.

Oliy sudda o`tgan konferensiyada parlament vakillari, adliya, prokuratura, ichki ishlar xodimlari ishtirok etgan. Prezidentning “O`lim jazosini bekor qilish” haqidagi farmoni va bu boradagi qonunchilikni liberallashtirish muhokama qilingan.

Rasmiy izohlarga ko`ra, 2008 yilgacha bo`lgan muddat qonunchilikni takomillashtirish ishlariga, o`lim jazosini bekor qilish bilan bog`liq tayyorgarlikka qaratiladi.

O`zbekistonda farmonning e`lon qilinishi bir qator xalqaro tashkilotlar tomonidan quvvatlanishi bilan birga, aynan e`tirozlarga ham sabab bo`lgan. Birinchi e’tiroz - o`lim jazosining bekor qilinishiga qadar, o`lim jazosini qo’llashga nisbatan moratoriy qo`yilmaganidir.

Kuzatuvchilarga ko`ra, hukumat o`lim jazosiga moratoriy kiritib, 2008 yildan o`lim jazosini bekor qilishi mumkin edi. Bu qonunchilikni takomillashtirish ishlariga mutlaq halal bermasdi.

Shu bois ham bu borada turli mulohazalar mavjud. Huquq himoyachisi Surat Ikromovga ko`ra, bu narsa mamlakatda kutilayotgan prezident saylovlari bilan bog’liq.

“[Farmonning] 2008 yildan kuchga kirishi sabab, yana prezidentimizni o`zlari boshlangan islohotlarni davom ettirsinlar, degan tashabbuslar paydo bo`lishidir”, - deydi Surat Ikromov.

“Onalar o`lim jazosiga va qiynoqlarga qarshi” tashkiloti rahbari Tamara Chikunovaga ko`ra, o’lim jazosini vaqtinchalik to`xtatish haqida ko`plab xalqaro tashkilotlar O`zbekiston prezidentiga murojaat qilgan, biroq hozircha natijasiz. O`zbekistonda o`lim jazosining qo`llanilishi davom etmoqda. Yiliga qancha odam o`lim jazosiga hukm qilinayotgani esa noaniqligicha qolmoqda.

“Umuman bu jarayonda shaffoflik yo’q, nega o`lim jazosiga hukm qilinganlar bilan oxirgi uchrashuv o`tkazilmaydi, ular qayerda dafn qilinadi, nega qarindoshlariga bu haqda xabar berilmaydi. O`zbekistonda mustaqillikdan buyon, ya’ni 15 yil mobaynida qancha odam o`lim jazosiga hukm qilingani, qancha hukm ijro etilgani haqidagi ma’lumotlar oshkor qilingani yo’q, bu sir hisoblanadi. Bu jarayon qanday amalga oshayotganini jamoatchilik, mahbuslarning qarindoshlari bilishi kerak”, - deydi Tamara Chikunova.

Tamara Chikunovaning ta’kidlashicha, tashkilot faoliyati mobaynida o`lim jazosiga hukm qilingan 20 mahbusning hayoti saqlab qolingan. 21 mahbusning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo`linmagan.

“Hayoti saqlab qolingan 20 kishi bo`yicha, aynan tergov ishlarida qonunchilik buzilgani faktlarini e’tirof etgan Oliy sudga minnatdorchiligimni bildiraman.

Shu bilan bir qatorda, mamlakatda qonunchilik takomilga erishmagan, qiynoqlar mavjudligi adolatli hukm chiqarish imkoniyatini yanada kamaytiradi. Jismoniy qiynoqdan tashqari ruhiy qiynoq turlari bor-ki, oilasi va o`z taqdiri iskanjasida qolgan mahbuslar har qanday aybnomaga imzo chekishga rozi bo`lishadi”, - deydi Tamara Chikunova.

“O`lim jazosini bekor qilish” farmoni va qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan hukumat komissiyasi tayinlangan. 2008 yilgacha bo`lgan tayyorgarlikni nazarda tutgan umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganlar uchun “Jaslik” qamoqxonasi yonida yangi qamoqxona qurilishi boshlangan. O`zbekiston Oliy sudida o`tgan konferensiyaga ko`ra, bu jarayonga jamoatchilikni tayyorlash ishlari ham olib borilmoqda.

Huquq himoyachisi Surat Ikromov bu jarayonni quyidagicha sharhlaydi:

“Hech bo`lmaganda moratoriy e`lon qilish mumkin edi. Lekin maqsad boshqa har xil siyosiy guruhlarni, deylik hukumat ichida bo`lgan va hukumat to`ntarishini rejalagan guruhlarni qo`rquvda ushlab turish. Konstitutsiyaga, prezidentga tajovuz qilish haqidagi jinoiy moddalar siyosiy ayblar. Ularga terrorchilikni qo`shsa o`lim jazosi beriladi. Terrrochilikka nisbatan o`lim jazosi hukmi chiqariladi”, - deydi Surat Ikromov.

O`zbekiston qonunchiligiga ko`ra, qasddan odam o`ldirish va terrorchilik jinoyatlari uchun o`lim jazosi qo`llaniladi.

XS
SM
MD
LG