Breaking News

Qirg'izistonliklar militsiya to'qmog'idan shikoyat qilmoqda


Jalolobod shahrida 20 yoshli qizni shahar militsiyasi boshlig’ining shaxsan o’zi kaltaklaganini tan olgan.

Mahbuslarga nisbatan militsiya tomonidan shavqatsiz muomala qilinayotgani huquq himoyachilari Jalolobod shahar Ichki ishlar bo’limi (IIB) izolyatorini tekshirgandan keyin ma’lum bo’ldi.

Qirg’iziston ombudsmeni Tursunboy Bakir o’g’lining aytishicha, u Jalolobod va O’shda turli jinoyatlarda ayblanib qo’lga olingan mahbuslar va ularning yaqinlari bilan suhbatlashgan. Mahbuslarga nisbatan qiynoqlar qo’llanilayotgani huquq himoyachisini xavotirga solmoqda.

“Hali sud bo’lmay turib, tezkor guruh xodimlari, tergovchilar jinoyat qilishda shubhalanilayotgan mahbuslarni urib-savalab, aybni bo’yniga olishga majburlamoqda”, - deydi ombudsmen.

Qirg’iziston janubida mahbuslarga nisbatan qiynoqlar qo’llanilayotganini militsiya xodimlari ham inkor qilmaydi. Jalolobod shahri IIB boshlig’i Qubanich To’ro’bayev 20 yoshli Ruqiya Ibragimovani tergov izolyatori yo’lagida shaxsan o’zi kaltaklaganini ochiqchasiga tan olgan. Natijada qiz ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

“Singlim ikki marta urib hushimdan ketkazdi, ustimga baklashkadan suv sepdi, deb aytyapti. Nima uchun uradi desam, sen terroristlar boshlig’isan deb urdi deydi. Uning aybi hijob kiyganimi?” – deb so’raydi Ruqiya Ibragimovaning kelinoyisi.

20 yoshli Ruqiya Ibragimova shu yil iyul oyi boshida Jalolobodda militsiya xodimini o’ldirishda ayblanayotgan eri Jamoliddin Abdurashidov va boshqa jangarilarni uyida yashirishda ayblanib, qo’lga olingan.

O’z ismini aytishni istamagan jalolobodlik ayol Ruqiya Ibragimovaga nisbatan militsiya shavqatsiz usullarni qo’llaganini tasdiqladi. Ayol jangarilarga aloqadorlikda ayblanib qo’lga olingan, ammo keyin aybi isbotlanmagani uchun qo’yib yuborilgan.

“Bir mahal Ruqiyaxonning “dod” degan ovozi keldi. Dadasi o’sha joyda [militsiya binosida] edi. Yechintirishayotgan ekan… O’sha joyda dadasi qattiq yig’lab yubordi. Qizidan bunaqa gap eshitsa, xo’rlangan odam qanaqa bo’ladi…”

Tergov davomida ayolning o’zini ham militsiya xodimlari urgan va zo’rlashga harakat qilgan:

“Meni olib kirib, har xil gaplar gapirdi. Ularning tili juda ham yomon ekan, og’zidan faqat fahsh so’zlar chiqarkan. Uni aytib ham bo’lmaydi. Urdi, boshimdan ro’molimni tortib oldi. Men yuzimni yopib yurardim, majbur qilib ochishdi. Avval bir-ikki shapaloq urdi, keyin yana qattiq urgan edi, boshim devorga tegdi. Menga tajovuz qilishga urindi, lekin men xonadan qochib chiqdim. Oxiri qo’yib yubordi”, - deb boshidan o’tganni tasvirlaydi jalolobodlik ayol.

Ayolning aytishicha, mahbuslarga nisbatan qiynoqlar Milliy Xavfsizlik Xizmati maxsus bo’linmasi askarlari ishtirokida qo’llanilgan.

Ombudsmen Tursunboy Bakir o’g’liga ko’ra, Qirg’izistonda mahbuslarga nisbatan qo’llanilayotgan qiynoqlar qo’shni O’zbekistonni eslatadi.

“Qiynash orqali inson huquqlari toptalyapti. Begunoh fuqarolar javobgarlikka tortilyapti. Qirg’iziston qo’shni davlatlarning usullarini qo’llamasligi, konstitutsiyaga, qonunga rioya qilinishi zarur. Ichki ishlar vaziri Murat Sutalinov bilan gaplashmoqchimiz. Bundan tashqari, maxsus matbuot anjumani o’tkazib, qiynoqlar qo’llanilayotganini ommaga oshkor qilamiz, suratlarni ko’rsatamiz”, - deydi Tursunboy Bakir o’g’li.

XS
SM
MD
LG