Breaking News

11 sentyabr fojiasi Amerika musulmonlarini o'zgartirdi


Jahon AQShdagi 2001 yil terror xurujlaridan so’ng keskin o’zgardi. Xurujlarning, ayniqsa islom dunyosiga ta’siri salbiy bo’ldi, chunki terrorchilar musulmon bo’lgan.

Amerika Qo’shma Shtatlarida olti millionga yaqin musulmon yashaydi, yarmidan ko’pi - arablar. AQSh musulmonlari o’rtamiyona amerikalikka nisbatan ancha o’qimishli va ko’p daromadli. Yevropadagi musulmonlardan farqli o’laroq, Amerikada musulmonlar ancha mo’tadil qarashlarga ega.

Terrorchilar Nyu York va Vashingtonga besh yil ilgari hujum qilganlarida, AQSh musulmonlari boshqa fuqarolar bilan birdek larzaga kelishgan edi. Bundan tashqari ular musulmon bo’lmagan amerikaliklar tomonidan tahqirlanishdek og’ir kunlarni ham boshdan kechirganlar.

Vashingtonda joylashgan Arab-Amerika Instituti ijrochi direktori Nidal Ibrohimning aytishicha, o'sha kunlari salla kiygan sikxlar ham, musulmon bo'lmasa-da, tahqirlashlarga uchragan. Ba’zilari hattoki o’ldirilgan, ayniqsa Arizonada.

"Musulmonlar ish joylarida ham kamsitilgan. Kasalxonaga borsangiz ham, maishiy xizmat ko’rsatish joylarida ham irqiy kamsitishlarga uchrar edingiz," - deydi Nidal Ibrohim.

Uning aytishicha, ba’zi aksil-terror choralar, xususan musulmonlar hayriya tashkilotlarini kuzatuv ostiga qo’yish yoki musulmon davlatlaridan Amerikaga kelmoqchi bo’lgan muhojirlar, sayyohlar yoki talabalarga viza berilishining cheklanishi ham amerikalik musulmonlar hissiyotlariga salbiy ta’sir ko’rsatgan. Va natijada ular bunday siyosatga turlicha munosabat bildirishgan.

"Ba’zilar muammo mavjudligini tan olib, jamoa sifatida boshqa amerikaliklarga musulmonlar haqida ko’proq axborot berishga va siyosiy jihatdan faolroq bo’lishga bel bog’lagan bo’lsa, boshqa musulmonlar aksincha, o’zlarini jamoatchilik ishlari va siyosiy hayotdan chetga olib, vaqtlarini ishlari va oilalariga ko’proq ajrata boshlaganlar," - deydi Nidal Ibrohim.

Tahlilchilar nazarida, mamlakat musulmonlarining aksariyati o’zlarini AQShga sodiq fuqaro sifatida ko’rsata olgan. Qator musulmon tashkilotlar bayonotlar, fatvolar va chaqiriqlar bilan terrorizmni qoralagan. Ba’zi musulmon jamoalar birlasha boshladi.
Tahlilchi Nidal Ibrohimning aytishicha, bir vaqtlar o’zlarini misrlik-amerikaliklar, livanlik-amerikaliklar yoki falastinlik-amerikaliklar deb atagan guruhlar umumiy arab-amerikaliklar jamoasiga qorishib ketdilar va bu jamoa siyosiy jihatdan tobora faollashib bormoqda.

So’nggi besh yil ichida Amerikada islom madaniyatiga qiziqish oshdi. Qur’on mamlakat bo’ylab ko’p nusxalarda sotila boshladi. Arab tilini o’rganuvchilar soni keskin ko’tarildi.

Kamol Navash Ozod musulmonlar koalitsiyasi prezidenti. Ushbu tashkilot islom dini taraqqiyotini targ’ib qiladi. Uning aytishicha, amerikalik musulmonlar terrorizm va musulmonlar orasidagi radikal mafkuraga qarshi yetarli darajada bel bog’lamagan.

"Musulmonlar rahbariyati pand bermoqda. Muammo borligini ochiqdan-ochiq tan olib, uni hal qilish o’rniga, aksariyat Amerika musulmon tashkilotlari o’zlarini jabr-diyda qilib ko’rsatib, nuqsonlarni ko’rsatib bergan odamlarni musulmonlarga qarshi bo’lganlikda ayblay boshladilar. Muammo - mana shunda," - deydi Kamol Navash.

Ba’zi tahlilchilar nazarida, musulmonlarning yangi avlodi ota-onalaridan ko’ra ham dindorroq va an’analarga ko’proq berilgandir. AQShda tug’ilgan yosh muslimalarning aksariyati ota-onalari o’z vatanlarida kiymagan an’anaviy liboslarni kundalik hayotlarida kiyadilar. Mamlakat bo’ylab maktab va universitetlarda musulmon talabalar tashkilotlari ko’paymoqda. Amerikada masjidlar oddiy namozgohdan islom an’analari va madaniyati, til va islomiy qadriyatlarni o’rgatuvchi ijtimoiy maskanga aylanmoqda. Bu hol ba’zi amerikaliklar nazarida mahalliy musulmonlarning radikallashishiga olib kelishi mumkin.

Biroq Amerika-Islomiy aloqalar Kengashi raisi Parvez Ahmadning aytishicha, xavotirga o’rin yo’q.

"Amerika musulmonlari Iroqda davom etayotgan urushdan, Yaqin Sharqdagi zo’ravonliklardan, Isroil-Falastin mojarosiga hanuz yechim topilmayotganidan, yaqinda Livanda sodir bo’lgan urushdan juda ham tashvishda. Biroq ular o’z noroziligini radikal g’oyalar yoki radikal tashkilotlar orqali emas, qonuniy vositalar orqali ifoda etmoqdalar," - deydi u.

Amerika musulmonlari islom dinini o’zligining ajralmas qismi deb hisoblar ekan, tahlilchilar nazarida, ularni jamiyatning mo’tadil qismiga qorishtirish juda muhimdir.

XS
SM
MD
LG